Ko‘z atrofida ajin paydo bo‘lishiga olib keladigan eng ko‘p tarqalgan 8 xato
Yosh o‘tishi bilan yuzda mimika ajinlarining ko‘payishidan qochib bo‘lmaydi. Lekin to‘g‘ri parvarish qilish orqali uning erta paydo bo‘lishini ortga surishga erishish mumkin. Buning uchun esa nimalardan qochish kerakligini bilib qo‘ygan yaxshi.
Foto: “Domashniy Ochag”Haddan ortiq issiq yoki sovuq suvda yuvinish
Bu ayollar tomonidan eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xato hisoblanadi. Kundalik yuvinish uchun suv harorati, xonaniki singari 23-24 daraja bo‘lishi kerak, qaynoq yoki sovuq emas. Ba’zida ko‘z ostiga kosmetik muz bo‘laklarini qo‘yish mumkin, lekin har kuni yuzga sovuq tekkizgan yaxshi emas. Bunda teriga zarar yetadi. Issiq suv ham shunday ta’sir qiladi, quritib yuboradi va ajin ko‘payishi ehtimoli ortadi.
Ko‘z uchun maxsus demakiyajdan foydalanmaslik
Yuzni yuvish va tozalash uchun ishlatiladigan ko‘pik va gel yorliqlariga ko‘z atrofiga ishlatmaslik kerakligi yozib qo‘yilgan bo‘ladi va bu bejizga emas. Ushbu ma’lumot, darhaqiqat, foydali va unga amal qilish kerak. Yuz va ko‘z atrofidagi teri alohida parvarish talab qiladi. Shu sabab ham qovoqlardagi kosmetika qoldiqlarini maxsus ko‘pik yoki tarkibida yog‘ bo‘lgan ikki turli vosita bilan artish kerak bo‘ladi.
Ko‘z ostiga oddiy yuz kremidan foydalanish
Yuqorida ta’kidlanganidek, ko‘z va uning atrofi uchun alohida kosmetik vosita bo‘lishi kerak. Yuzga surtiladigan krem qanchalik qimmat va sifatli bo‘lishiga qaramay, uni ko‘z ostiga surtmaslik kerak.
Namlantirishni esdan chiqarish
Ajin paydo bo‘lishining sabablaridan biri terining quruqligi hisoblanadi. Yetarlicha namlantirilgan teri uzoq vaqt silliq bo‘lib turadi, mushaklar va teri osti yog‘lari deyarli yo‘q ekani sabab bu ayniqsa ko‘z atrofidagi teri uchun dolzarb hisoblanadi. Yuzni kuniga ikki mahal makiyajdan avval va kechasi makiyaj tozalanganidan keyin parvarish qilish kerak.
Kremni noto‘g‘ri harakatlar bilan surtish
Ko‘z atrofiga kremni yengil harakatlar bilan surtish, suyakka tegadigan darajada harakatlar qilmaslik kerak. Har kuni kechqurun qovoqlarni ichki burchakdan tashqiga, ko‘z ostini esa tashqidan ichki burchakka tomon harakatlantirib mikromassaj qiling. Ushbu oddiy harakatlar qon sirkulyatsiyasini yaxshilab, terini taranglashishiga hissa qo‘shadi.
Quyosh nurlaridan himoyalovchi ko‘zoynak taqmaslik
Quyosh nurlaridan himoyalovchi ko‘zoynak taqmaganda, teri ahvoli yomonlashadi va bu ajinlar ko‘payishiga olib keladi. Shu sabab ham ko‘chaga iloji boricha ultrabinafsha filtrli ko‘zoynak taqib chiqish kerak.
Noto‘g‘ri dioptriyali ko‘zoynak
Ko‘rish qobiliyati yaxshi bo‘lmaganda kishi biron narsani ko‘rish uchun ko‘zlarini qisib qaraydi va bu mayda mimika ajinlarining kelib chiqishiga olib keladi. Shu sabab ham ko‘z shifokorining oldiga borganda to‘g‘ri dioptriyali ( optik shishalarning yorug‘likni sindirish kuchi birligi)ko‘zoynak yozdirish kerak.
Makiyajni tozalamasdan uxlash
Kechasi yuvilmagan va tozalanmagan ten, tush va podvodka qoldiqlari teri ahvoliga zarar yetkazadi. Shu sabab ham qattiq charchagan taqdiringizda ham yuzingizni bo‘yoqlardan tozalashga erinmang.
Manba