Erta ajin tushishiga olib keladigan 8 odat
Teri uzoq vaqt tiniq va tarang bo‘lishi uchun turmush tarziga e’tibor berish kerak. Qanday odatlar erta ajin tushishiga olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Foto: CosmopolitanQuyosh nurlaridan himoyalanmaslik
Siz quyoshni yaxshi ko‘rishingiz mumkin, ammo teringiz emas. Gap shundaki, faol quyosh nurlari muddatidan avval qarishga olib kelishi mumkinligini bilsa ham, nima uchundir odamlar SPF-kremlardan foydalanishni inkor qiladi. SPF himoya nafaqat sohilda dam olganda, balki kundalikda, hatto shunchaki ishga ketayotganda ham kerak bo‘ladi. Yil davomida bitta kremdan foydalanish odatingizni bas qiling, UV ko‘rsatkichi 3 dan yuqori bo‘lsa, teringizga SPF kerakligini unutmang.
Saqich chaynash
Muntazam ravishda saqich chaynaydiganlarning jag‘lari doimiy ravishda harakatda bo‘ladi, bu esa vaqt o‘tishi bilan og‘iz va burun atrofida ajin paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu xuddi qoshlarni chimirish peshonada ajin tushishiga olib kelishiga o‘xshaydi.
Terini tozalovchi vositalardan haddan ortiq foydalanish
Piling, skrab va yuz terisi uchun qo‘llanadigan cho‘tkalardan hafta davomida 2-3 martadan ko‘proq foydalanish terining tabiiy qatlamiga zarar yetkazadi. Oqibatda terining tabiiy immuniteti pasayib, ajinlar paydo bo‘lishiga olib keladi.
Yostiq jildni haftada bir marta almashtirish
Yostiq jildlar xavf manbai bo‘lishi mumkinligi, unda bakteriyalar to‘planishi mumkinligi sabab ham uxlaganda teriga bevosita ta’sir qilmay qolmaydi. Soch uchun ishlatilgan lak va boshqa kosmetik vositalar tarkibidagi kimyoviy moddalar jildga yopishib, keyin teriga qanday zarar yetkazishi mumkinligi haqida-ku gapirmasa ham bo‘laveradi. Aynan shu sabab ham yostiq jildlarini har 2-3 kunda almashtirishga odatlanish kerak.
Tiniqib uxlamaslik
Uyquning me’yorda bo‘lmasligi bir qancha muammolar, xususan, erta qarishga ham olib kelishi mumkin. Gap shundaki, tiniqib uxlamaganda teri hujayralari ham tiklanishga ulgurmaydi. Agar 50 yoshda ham o‘ziga xos ko‘rinishni istasangiz, to‘yib uxlashga harakat qiling.
Noto‘g‘ri yotish
Erta qarishga olib keladigan yana bir sabab — noto‘g‘ri yotish. Ko‘pchilik qorni bilan, yonoqlarini yostiqqa qo‘ygancha uxlashni afzal biladi, ammo bu vaqtda qon aylanishi me’yorda bo‘lmaydi, bu esa teri ahvoliga ta’sir qilmay qolmaydi. Ajin erta paydo bo‘lishining oldini olish uchun yonboshlab yoki osmonga qarab uxlashga harakat qiling — bu nafaqat, teri balki yurak-qon tomir tizimi uchun ham foydali.
Husnbuzarlarni siqish
Bunday qilish orqali nafaqat infeksiya kirishiga sharoit yaratiladi, balki teri shikastlanadi ham. Oqibatda yuzingizda iz qolishi mumkin.
Quruq havo
Havo quruqligi ham teri ahvoliga ta’sir qilgani sabab havoni namlantiruvchi vositalardan foydalanish tavsiya qilinadi.
Chekish
Chekish nafaqat teri, balki butun organizmning ham erta qarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Uzoq vaqt davomida yosh ko‘rinish uchun ushbu zararli odatdan voz kechish kerak.
Manba