Koronavirus pandemiyasi insoniyatga o‘rgatgan 6 ta saboq
Insoniyat boshiga tushgan har qanday tashvishdan to‘g‘ri xulosa chiqarishni bilishi kerak, ana shunda kelajakda mavjud xatolar takrorlanmaydi. Quyida barchamiz uchun oson bo‘lmagan vaziyatdan nimalarni o‘rganish va rioya qilish kerakligiga to‘xtalamiz.
Foto: Lifehacker1. Xavotirni nazorat qilish
Vaziyat jiddiyligi bor gap lekin unutmang, ushbu muammo faqat sizni qiynayotgani, virus bir siz istiqomat qiladigan mamlakatda tarqalgani yo‘q. Bu degani ishlashni yig‘ishtirib qo‘yib, ijtimoiy tarmoqdagi tarixiy postlarni o‘qish, kechga borib do‘kondagi grechka yoki hojatxona qog‘ozining hammasini yig‘ib kelish kerak degani emas.Ehtiyot chorasini ko‘rish kerakligi inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat, biroq bu borada vahimaga berilish kerak emas. Bunday vaziyatda turli manbalar tomonidan tarqatiladigan feyk yangilik va xabarlarga ishonishdan avval tekshiring u ishonchlimi yoki yo‘q, nimaga va kimga asoslanib ma’lumot berilmoqda ongli ravishda tahlil qilib ko‘ring. Mish-mishlar emas faktlarga asoslanib ma’lumot beradigan manbalar, xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, akkreditatsiyadan o‘tgan OAV yangiliklarini kuzating yaxshisi.
Masalan, JSST saytida pandemiya bilan bog‘liq eng ko‘p tarqalgan mif va yolg‘on ma’lumotlar haqidagi postlar bilan tanishib chiqing. Agarda vahimaga berilish sindromi sizda boshqalardan ko‘ra ko‘proqligini his qilsangiz, ijtimoiy tarmoqlardan kamroq foydalanib, ko‘proq vaqtingizni kitob o‘qish va boshqa foydali mashg‘ulotlarga ajrating.
2. “Qora kunga” pul jamg‘arish
Pandemiya biz ideal deb o‘ylagan tushunchalar aslida mo‘rt ekanini isbotlab berdi. Karantin, chegaralarning yopilishi va valyuta bozoridagi betartiblik iqtisodiyotga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Natijada pulini o‘ylamay ko‘kka sovuradiganlar endi har ehtimolga qarshi qora kunga jamg‘arma qilish kerakligini tushunib yetgan bo‘lsa ne ajab!
Agar siz faoliyat yuritadigan sohada ham inqiroz kuzatilayotgan bo‘lsa, demak siz kelajak bilan bog‘liq ishlarni, uydan turib pul topish yo‘llarini o‘rganishni boshlang. Sarf-xarajatlaringizni hisoblab chiqib, ortiqcha pul sarflashni bas qiling. 50 ming pulingiz bo‘lsa, yaqinda oylik olaman, deb hammasini birdaniga ishlatib yuborib keyin nima qilsam ekan deb qo‘l qovushtirib o‘tirmang.
Har doim bor mablag‘ingizning 15-20 foizini ehtiyot chorasi sifatida olib qo‘ying, agar o‘zingiz yig‘a olishga ko‘zingiz yetmasa onangizga bering, onalar pul yig‘ishga, ko‘rpacha orasida saqlashga usta.
Foto: Getty Images3. Mavjud imkoniyatlarning qadriga yetish
Albatta, dam olish kunlari do‘stlar bilan kinoga tushish piknik qilish yaxshi, lekin hozir emas. O‘zingiz va yaqinlaringiz hayoti oldidagi mas’uliyatni his qilib, uydan chiqmasdan, ko‘rsatmalarga amal qiling. Uyga sig‘mayapsizmi?Bir sizdami bunday holat?Internet, online savdo, ko‘ngil ochish dasturlari bor, agar bundan yuz yil oldingi sharoit bo‘lsa, nima bo‘lardi?
Ibtidoning intihosi bor, pandemiya ham bir kunmas bir kun tugaydi, shunchaki qachonligi noma’lum, faqat bir narsa aniq uning qanchalik tez tugashi yoki cho‘zilishi siz va siz kabi kishilarning uydan chiqish-chiqmasligiga bog‘liq.
4. Xudbin bo‘lmaslik
Siz uyda zerikishdan charchagan bo‘lsangiz, charchoq nimaligini bilmay ishlayotgan shifokorlar, yetkazib berish va xavfsizlik xizmati xodimlari, do‘kon va shifoxona ishchilari, sizni so‘nggi ma’lumotlardan boxabar qilib turgan OAV xodimlarining har doimgidan ham ko‘proq ishlayotganini, nolish tugul dam olishga ham vaqti bo‘lmasligi haqida o‘ylang. Shularni inobatga olgan holda, zarurat bilan ko‘chaga chiqqaningizda niqob taqishni va do‘kon yoki dorixona xodimi bilan muloqotda bo‘lganda ijtimoiy masofani saqlashni unutmang.
Foto: Getty Images5. Qila olmaganlaringiz va qila olishingiz mumkin bo‘lgan ishlar haqida o‘ylash
Pandemiya aslida qila olmagan ishlaringiz, fursatdan foydalanmaganingizni tahlil qilib ko‘rish uchun yaxshi imkoniyat. Agar hozir uyda bo‘lmaganimda edi, deb afsuslanishdan avval o‘ylab ko‘ring shuncha vaqt nima uchun qilmadingiz, nima xalaqit qildi?Ich-ichingizdan dangasalik, hafsalasizlik, beg‘amlik va komfort zonadan chiqishga jur’at qilolmaganingizni anglab turasiz. Buni birovga ta’kidlashingiz shart emas, o‘zingiz tushunib yetganingizni o‘zi katta gap, faqat bu bilan cheklanmang.
Anchadan beri o‘qishingiz kerak bo‘lgan, lekin javonda chang bosib yotgan kitobni olib o‘qing. Sport bilan shug‘ullaning, oila a’zolaringizdan xijolat bo‘lsangiz ertaroq uyg‘oning ishonchimiz komilki, izolyatsiyada shundoq ham keragidan ortiq uyqu bilan do‘st tutingansiz. Ingliz, fransuz, xitoy yoki italyan farqi yo‘q, muhimi qiziqqan tilingizni o‘rganishni boshlang, kuniga 10 tadan so‘z yodlasangiz 10 kunda 100 ta so‘zni bilgan bo‘lasiz.
Pandemiyadan keyingi ishlarni bo‘lsa hozirdan rejangizga kiriting: masalan ishingizda ko‘tarilishni istaysiz buning uchun qanday talablar bor va nimalar qilinishi kerak, hozirdan tayyorlanib boring, talaba bo‘lsangiz grantlar, xorijiy ta’lim standartlarini o‘rganib faoliyatingiz doirasidagi bosqichlarni qanday yaxshilash mumkinligiga e’tiboringizni qarating. Internet orqali sayohat qilishni istagan mamlakatingiz tili, dini, madaniyati umuman u haqidagi hamma narsani sinchkovlik bilan o‘rganing.
Foto: Daily Life6. Atrofdagilarga ko‘maklashish
Aslida faqatgina pandemiya vaqtida yordam berish kerak degan tushuncha noto‘g‘ri, lekin hozir ikki karra e’tiborli va ko‘makka shay bo‘lish kerak. Agarda keksa yoki jismoniy imkoniyati cheklangan qo‘shnilar bo‘lsa, do‘konga chiqishdan avval biron nima kerakmi, yo‘qmi deb so‘rashni yoki online buyurtma berayotganingizda ularni yodga olishni unutmang. Bunday vaziyatda insoniylik xususiyatlarini yo‘qotmaslik olqishga sazovor, qiyinchiliklar o‘tadi odamdan esa yaxshilik qoladi.
Manba