Salomatlik Ayollar uchun 2020-yil o‘zimiz va uyimizdagi nimalarni butkul o‘zgartirdi?

2020-yil o‘zimiz va uyimizdagi nimalarni butkul o‘zgartirdi?

O'qildi: 320


2020-yil o‘zimiz va uyimizdagi nimalarni butkul o‘zgartirdi?

2020-yil hammaning hayoti, rejalari va odatlari o‘zgarib ketdi. Pandemiya hayotning turli jabhalariga ta’sir qilmay qolmadi va bu qaysidir ma’noda xulosa qilish, tahlil qilib ko‘rish va “b” variantni ham o‘ylab qo‘yish kerakligini tushunishga sababchi bo‘ldi.

Foto: Woman’s Day

Mahsulotlarni yetkazib beruvchilar olib kelishiga o‘rganib qoldik

Nafaqat mahsulotlar, balki tayyor taom, kiyim-kechak va poyabzallarni ham yetkazib berilishi odatiy hol bo‘lib qoldi. Avvaliga arzimagan narsaga do‘konga chiqishga erinib, buyurtma qilish noodatiy tuyulgan bo‘lsa, bugun do‘konga borishga hojat yo‘qdek. Undan ko‘ra uygacha yetkazib berish xizmatidan foydalangan ma’qul, bepul bo‘lsa yana yaxshi.

Uyda tibbiyot niqoblarining zaxirasi paydo bo‘la boshladi

Niqoblarsiz uydan chiqib bo‘lmay qolgani hech kimga yangilik emas. Do‘konga, uyimizni yonidagi dorixonaga ham taqish kerak hatto. Bu odat ko‘pchilikning joniga teggani bilan mavjud vaziyatga nisbatan boshqacha bo‘lishi mumkin emasligini to‘g‘ri tushunish va o‘zimiz hamda yaqinlarimiz salomatligi uchun qoida va tartiblarga amal qilishimiz kerak. Shu sababdan ayni vaqt niqobning ortiqchasi yo‘q, qancha istasangiz shuncha xarid qiling. Ammo uyingiz tokchasidan taxlanib turishi uchun emas, foydalaning va himoyalaning. Zotan hali virus tugagani yo‘q.

Sumka va cho‘ntakda antiseptikning bo‘lishi odatiy hol bo‘lib qoldi

Voz kechmaslik va amal qilish kerak bo‘lgan yana bir odat antiseptiksiz yurmaslik hisoblanadi. Ayniqsa, jamoat transportidan foydalangandan keyin uni ishlatmaslik mumkin emas. Do‘kon yoki bozordan xarid qilganda ham. Umuman odam gavjum joyda va umumiy foydalanadigan buyumlar ishlatilganda qo‘llarni zararsizlantirishni kanda qilmaslik kerak.

Sport bilan uyda shug‘ullansa ham bo‘ladi

Sport zallarining yopilgani jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, trenirovka qilmaslik uchun sabab bo‘lmasligi kerak. Ayniqsa, karantinda uyda o‘tirib vazn to‘plaganingizdan keyin buning qanchalik muhim ekanini yaxshi tushunishingiz lozim.

Uydan turib ishlasa ham bo‘ladi

Avvaliga uydan turib ham ishlash mumkinligi quvonarli bo‘lgan bo‘lsa, bora-bora hammaning yuragi siqildi, zerikdi. Aynan o‘tgan vaqt davomida ish faqat pul topishdan iborat emasligi, hamkasblar bilan chaqchaqlashish, diydor ko‘rishish, ko‘chaga chiqish bahona o‘ziga qarash kabilar qanchalik muhim ekanligi anglab yetildi. Shunga qaramay, karantin vaqtida uyda ishlashga ko‘nikishdan boshqa iloj yo‘q va bunda uyning ma’lum bir xonasini ofis ko‘rinishiga keltirib, qulay qilib olish kerak.

Hojatxona qog‘ozining ortiqchasi bo‘lmaydi

Odamlar uydan chiqmay o‘tirishga majbur bo‘lgan vaqtda hojatxona qog‘ozi har qachongidan ham dolzarbroq bo‘ldi. Do‘kon peshtaxtalarida uning kamayib ketishi boisi keyinroq ma’lum bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, koronavirusning vatani Xitoyda odamlar qo‘lqoplar bilan birga hojatxona qog‘ozlarini ham xarid qilgan va aynan shu qog‘ozlar bilan eshiklar ochilgan, lift tugmasi bosilgan.

Qora kun uchun g‘amlab qo‘yish kerak, degan qarorga kelindi

Hojatxona qog‘ozlari bilan birga do‘konda grechka ham qolmadi. Odamlar esa uyda mahsulotlarni zaxira qilib yig‘a boshladi. Konserva mahsulotlar, shakar, yog‘ va yormalar g‘amlab qo‘yildi.

O‘z uyingdan yaxshiroq yer bo‘lmaydi

Uyda qolib qanchalik yurak siqilganiga, odam o‘zini qo‘yarga joy topolmaganiga qaramay tashvishli vaziyatlarda, muammolarda uydan boshqa najotli makon yo‘qligi, hamma narsani oila va yaqinlar bilan birga yengish mumkinligi tushunib yetildi. Hech qayer uyimizchalik qulay bo‘la olmaydi, uning devorlari orasida kishi o‘zini butkul himoyalangandek, xavfsiz his qilishi mumkin. Bu narsa anglab yetilgandan keyin uy tunash uchun keladigan, ovqatlanib qaytib ketadigan joy bo‘lmay qoldi. Yaqinlaringni samimiy suhbatini tinglash, hazillashish va hamma muammolarga birga yechim topishga nima yetsin.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.