Bolaga ingliz tilini o‘rgatishda qo‘l keladigan 5 tavsiya
Farzandingiz til o‘rganishi uchun siz qanday yordam bera olasiz?Quyida ushbu savolga javob beramiz.
Foto: SteemitO‘yin orqali o‘rgatingAgar farzandingiz 3-7 yosh oralig‘ida bo‘lsa, unda ingliz tilidagi multfilmlar qo‘yib berish, ingliz tilidagi joy, meva, ranglar nomi yozilgan o‘yinlar o‘ynatish tavsiya qilinadi. Online materiallardan foydalansangiz, birgalikda tomosha qiling. Masalan, videoda qizil rangni “red” deb aytsa, savol berish orqali bola xotirasiga mustahkamlanishiga ko‘maklashing. Mashina qanday rangda ekani, bu rang ingliz tilida nima deyiladi singari savollar berib, birgalikda shug‘ullansangiz, tezroq natija kuzatiladi. Maktab yoshidagi bolalar uchun geymifikatsiya — o‘yin mexanikasi yaxshi variant. Mashg‘ulot davomida ko‘rgazmali qurollar, suratlar, qo‘llanmalar, kartalardan foydalaning. Shug‘ullanish davomida yaxshi natija qayd qilsa, rag‘batlantiring.
Istagi bilan bog‘lab motivatsiya bering
Bolajon 12 yosh bo‘lsa, demak, siz unga til o‘rganishi kerakligini jiddiyroq tushuntirishingiz mumkin, lekin murakkablashtirmang. Motivatsion usuldan foydalaning. Tilni yaxshi o‘rgansa, kelajakda o‘zi xohlaganidek mashina haydashini, sevimli futbol komandasi o‘yinini stadionning o‘zidan tomosha qilishini, sayohat qila olishi mumkinligini anglating. Bola psixologiyasidan kelib chiqib, yoqtirgan narsasi bilan hayotiy maqsadlarni bog‘lab, til o‘rgansa, o‘sha narsaga erisha olishi mumkinligini bildiring. Bolani vazifaga ko‘mib tashlab, majburlab o‘rgatishdan foyda yo‘q, asosiysi, qiziqtirib o‘zida xohish uyg‘onishiga sababchi bo‘ling, ammo nazorat qilib turishni yoddan chiqarmang.
O‘ziga bo‘lgan ishonchini so‘ndirmang
Sen hech narsani bilmaysan, o‘rgana olmaysan deb bolani sindirib qo‘ymang. Bunda himoya reaksiyasi ishga tushib, hafsalasi pir bo‘ladi, o‘qigisi kelmay qoladi. Biron xato qilsa, gap aynan nimada ekanini tushuntiring, kamchiliklari ustida ishlang va yana ko‘proq shug‘ullansa, bundan-da yaxshi natija qayd qilishini, unda bunga qobiliyat va salohiyat borligini bildiring.
Foto: Getty ImagesShoshqaloqlik qilmang
Til o‘rganish murakkab va uzoq jarayon ekanini yoddan chiqarmang. O‘yinqaroq, o‘z olamida yashaydigan murg‘ak bolakay uchun bu mehnat ekanini inobatga oling. Shug‘ullanish davomida oz bo‘lsa ham yaxshi ko‘rsatkich qayd qilsa, uni e’tirof etib, shu yo‘sinda davom etsa, hali o‘z ona tilisi singari gaplasha olishini ta’kidlang.
Reja asosida yondashing
Til o‘rganishni faqat o‘qituvchi yoki repetitorga tashlab qo‘ymang. Agar bola darsda o‘zini noqulay his qilsa, o‘qituvchidan bosim sezishini ta’kidlasa va eng asosiysi o‘sish kuzatilmasa, repetitorini o‘zgartiring. Agar mustaqil shug‘ullanadigan bo‘lsangiz, unda reja asosida ishlang, qachon ro‘zg‘or ishlaridan ortsangiz, esingizga tushib qolsa emas. Aynan bir kun va vaqtda, masalan, har seshanba va payshanba soat 6 da, yarim soat shug‘ullaning va ora-orada vazifalarni bajargan yoki yo‘qligini tekshirib turing. Materiallaringiz qiziq bo‘lishiga ham e’tiborli bo‘ling. Zerikarli mashqlar bilan band qilmasdan, inglizcha musiqa, video va kitoblardan foydalaning. Agar film ko‘rishni yaxshi ko‘rsa, yoshiga mos filmni ingliz tilidagi subtitri bilan qo‘yib bering. Ingliz tilidagi qo‘shiqni karaoke qiling va eng asosiysi o‘zingiz namuna bo‘ling. Mashg‘ulotdan boshqa vaqtda ham bilgan so‘zlarini takrorlang, suhbat quring va uydagi buyumlar nomini ingliz tilida aytishini iltimos qiling.
Manba