Salomatlik Ayollar uchun Bola ovqatlanishni istamay xarxasha qilsa, nima qilish kerak?

Bola ovqatlanishni istamay xarxasha qilsa, nima qilish kerak?

O'qildi: 325


Bola ovqatlanishni istamay xarxasha qilsa, nima qilish kerak?

Bolaning ovqat yemaslik uchun xarxasha qilishi deyarli barcha onalarni bezovta qiladigan muammo hisoblanadi. Bola ovqatlanishdan bosh tortmasligi uchun nima qilish kerakligi borasida ayrim tavsiyalar bilan bo‘lishamiz.

Foto: “Domashniy Ochag”

Bolani ovqat tayyorlash jarayoniga qiziqtiring

Yoshi to‘g‘ri kelishi bilan bolani turli mahsulotlarni tanlash, jarayonni muhokama qilish va ulardan ovqat tayyorlashga qiziqtiring. Qanday mahsulotdan nima tayyorlash mumkinligi va uning tayyorlanish jarayoni qanday bo‘lishi bolada qiziqish uyg‘otishi aniq. O‘zi tayyorlamasa ham, pishirish davomida kuzatib turishiga qo‘yib bering, qiziqishi ortib, ishtahasi ochiladi.

Ratsionini o‘z xohishiga ko‘ra o‘zgartiring

Bola ma’lum taomni yeyishdan bosh tortsa, boshqa tanlov qilishiga qo‘yib bering. Yeyishga majburlamang, shunchaki tushlik va kechki ovqatga nima taom tayyorlashingiz borasida tanlov qilishini ayting. Garnirga nima yeyishni istagan bo‘lardi, biling va shundan kelib chiqib ish tuting.

Yangi taomlar borasida ehtiyotkor bo‘ling

Bolalar tanlov borasida yaxshigina konservator bo‘ladi. Kun davomida yangi narsa va ko‘nikmalarni o‘rganishiga to‘g‘ri keladi va yangilikni qabul qilishi qiyin bo‘lishi mumkin. Oilaviy taomnomangizga qandaydir o‘zgartirish kiritishni istasangiz, masalan, kechki taomga sabzavotli kotlet tayyorlamoqchi bo‘lsangiz, yaxshisi, bir-ikki kun avval kam miqdorda boshqa taom bilan bir vaqtda tayyorlab, ovqatlanish vaqtida tatib ko‘rishini aytib, tajriba qilib ko‘rganingiz yaxshi, chunki siz bor mahsulotdan sabzavotli kotlet tayyorlab boshqa ovqat qilmasangiz, farzandingiz yeyishni istamay qolsa, hafsalangiz pir bo‘lishi, bolangiz esa ovqatsiz qolishi mumkin.

Bolaga vaqt bering

Ko‘pincha bolalar o‘yin bilan ovora bo‘lganliklari uchun ovqatlanishdan bosh tortadi. Shu sabab ovqat tayyor bo‘lishidan 15-20 daqiqa avval qachon tayyor bo‘lishini aytib, ogohlantirib qo‘ying. Ovqatni vaqtida yeb olsa, keyin davom ettirishi mumkinligini bildiring.

Tartib o‘rnating

Bolalar nafaqat konservator bo‘ladi, balki avvaldan nima bo‘lishini bilishni yoqtiradi, chunki bu orqali ular o‘zini xavfsiz va himoyalangandek his qiladi. Agar xonadoningizda nonushta, tushlik va kechki ovqat bir vaqtda qilinadigan bo‘lsa, bolani ovqatlantirish osonroq bo‘ladi. Shuningdek, oila a’zolarining bir vaqtda birgalikda o‘tirib tanovul qilish odati ham bola rivojlanishida muhim bo‘lgan xavfsizlik va barqarorlik hissini tuyishiga sabab bo‘ladi.

Tushlik yoki kechki ovqat vaqti stressni his qilmasligi kerak

Ovqatlanish vaqtida asabiylashish va o‘zini yomon his qilish likopchadagi taom ming chiroyli va mazali bo‘lsa ham, qiziqish va ishtahani bo‘g‘adi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, hech kim ovqat vaqti tortishmasligi, asabiylashmasligi va bir-birining jig‘iga tegmasligiga amal qilinishi kerak bo‘lgan qoida o‘rnating. O‘zingizni ham nazorat qiling, charchagan bo‘lsangiz va kayfiyatingiz yo‘q bo‘lsa ham, boladan alamingizni olmang.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.