Salomatlik Ayollar uchun Bolaning ishtahasi ochilishida yordam beradigan 5 tavsiya

Bolaning ishtahasi ochilishida yordam beradigan 5 tavsiya

O'qildi: 304


Bolaning ishtahasi ochilishida yordam beradigan 5 tavsiya

“Bolamning ishtahasi yaxshi emas” – pediatrlar deyarli har bir onadan eshitadigan jumlalar. Odatda ovqatdan bosh tortishga bolalarcha injiqlik deb qaraladi. Lekin ba’zi hollarda bu jiddiy alomat bo‘lishi mumkin va uni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.

Foto: “Aif.by”

Ishtaha yo‘qolishiga olib keladigan kasalliklarni bartaraf eting

  • Gijja. Ishtaha yo‘qligidan tashqari, tez charchash, so‘lakning ko‘payishi, asabiylashish, uyquda bezovtalanish kuzatiladi.
  • Disbakterioz. Qorin og‘rig‘i, damlanish, ich kelishining buzilishi bilan kuzatiladi.
  • Аnemiya. Qonda gemaglabin pasayishi, zaiflik, bosh aylanishi, teri rangi siniqligi bilan kuzatiladi.
Shuningdek, bolalarda ishtaha jigar kasalligi, stomatit, vitaminlar yetishmasligi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Аgar ishtahasizlik og‘riq, kuchsizlik, ko‘ngil aynishi va boshqa belgilar bilan namoyon bo‘lsa, shifokor ko‘rigidan o‘tish zarur.

Ovqatlanish rejimiga rioya qiling

Ovqatlanish rejimining buzilishi bolalarda ishtaha yomonlashishining asosiy sababidir. Bola ovqatni nazoratsiz qabul qiladi, ba’zida nonushtani o‘tkazib yuboradi, kechki payt ovqatlanadi va darhol yotib uxlaydi. Shu va shunga o‘xshash holatlar nafaqat yomon ishtahaga, balki oshqozon-ichak tizimi kasalliklariga ham olib keladi. Bola har kuni bir vaqtda ovqatlansa, refleks hosil bo‘lib, ovqatlanish vaqti kelganda oshqozon sekretsiyasi jonlanadi va ovqat hazm qilish jarayoniga tayyor bo‘ladi. Аgar bola o‘z vaqtida ovqatlansa, yaxshilab chaynasa va kundalik rejimga rioya qilsa, ishtaha bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi.

Shirinliklarni cheklang

Ko‘pincha bolani ovqatlantirish istagida ota-onalar uning injiqliklarini rag‘batlantiradi va unga sog‘lom ovqat emas, balki xohlagan narsasini beradi. Bolalar esa odatda shirin narsani yaxshi ko‘radi. Shakarli narsa bilan aralashgan ovqatlar ochlik tuyg‘usini susaytiradi, so‘lak ishlab chiqarishni kamaytiradi. Shirinliklar bilan to‘ygan bola boshqa ovqatlarga ehtiyoj sezmasa ham, organizm vitamin va mikroelementlarga muhtoj bo‘ladi. Ochlikni shirinliklar bilan aldashga ruxsat bermang, shirinliklarni alohida, bolaning qorni to‘q vaqtida berish tavsiya etiladi.

Faol turmush tarzini olib boring

Passivlik bolaning ishtahasini pasaytiradi. Kompyuter va telefon oldida vaqt o‘tkazgan bolalar ko‘p kaloriya sarf qilmaydi, oziq moddalarga ehtiyoji bo‘lmagan organizmda ochlik hissi kamayadi, natijada bola istamaygina ovqatlanadi. Ochiq havoda o‘ynash, jismoniy mashqlar katta energiya sarfini keltirib chiqaradi, organizmni oziq-ovqatlarga bo‘lgan ehtiyojini oshiradi. Natijada bolaning ishtahasi ochiladi.

Meva, sabzavotlar va ularning sharbati

Har qanday olma, ayniqsa, nordonlari, apelsin, limon, qizil sabzi, pomidor, bodring, asal ozgina suv bilan — bularning hammasi ishtahani yaxshilaydi. Yuqoridagilarning o‘zini yoki sharbatini ovqatlanishdan yarim yoki bir soat oldin iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Shuningdek, ular vitamin va mikroelementlarga boyligi bilan ham foydalidir.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.