Boshqalar nima deyishini o‘ylash, o‘tmishni unutolmaslik. O‘ziga bo‘lgan ishonchni sindiruvchi sabablar
O‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori bo‘lgan kishilarga hamma havas qiladi. Bir qarashda ular hamma narsaga erishishi va ilojini topishiga o‘ziga bo‘lgan ishonch sabab, degan fikrga boriladi. Aslida esa o‘ziga yuqori baho beradigan kishilar qanday emotsiya va fikrlashdan qochish, nima qilish yoki qilmaslik kerakligini biladi.
Foto: ShutterstockTaqqoslash
Bolalikdan atrofidagilar bilan o‘zimizni taqqoslash odatiy hol bo‘lib qolgan. Bunga ota-onaning falonchining qizi yoki o‘g‘lini, sinf o‘qituvchisining a’lochi o‘quvchini namuna qilib ko‘rsatishi sababdir balki, kim bilsin?! Ammo siz boshqasiz, kimgadir o‘xshashingiz kerak emas. Kimdandir ilhomlangan, yaxshi tomonlarini o‘rgangan yaxshi, lekin taqlid qilib, o‘zlikni yo‘qotib qo‘ymaslik, buning o‘rniga o‘zingizning eng yaxshi versiyangiz bo‘lishga intilish kerak. Bu uchun o‘ziga nisbatan xolis baho berishni o‘rganish: kuchli va kuchsiz tomonlarini bilish va tan olish kerak. Taqqoslang, faqat kechagi va bugungi o‘zingizni. Kechagidan ko‘proq nimaga erishdingiz, yo‘qotdingiz va bunga fe’l-atvor va siz bilan bog‘liq qanday xususiyatlar sabab bo‘ldi, mulohaza qilib ko‘rish kerak. Solishtirganda kechagidan yaxshiroq ekaningizni bilish uchun shunga yarasha harakat qilish va o‘z ustida ishlash kerak. O‘z ustingizda ishlash davomida boshqalar haqida o‘ylash va taqqoslashga vaqtingiz qolmaydi.
O‘tmishdagi xatolar
O‘tmishdagi yanglish qilingan ishlar, yo‘qotishlarga ko‘nikish va shunga qaramay, sinmasdan yo‘lda davom etish va yuqori cho‘qqilarni ko‘zlash uchun haddan ortiq kuch kerak. Asosiysi, shu kuchni topa olib, kelajakdagi yutuqlarga e’tibor qaratish va omadsizliklar sizni yarim yo‘lda to‘xtatishiga yo‘l qo‘yib bermaslik kerak.
Tayyorgarlik ko‘rmaslik
Har bir kun kelajakdagi g‘alabalarga erishish uchun yangi imkon. G‘oliblardek yashash va hayot kechirish uchun g‘oliblardek fikrlashni bilish kerak. Unutmang, chempionlar tinimsiz mehnati, ruhiy irodasi va qiyinchilikdan qochmaganining evaziga ham g‘alabani qo‘lga kiritadi. Natijaga erishish uchun komfort zonadan chiqing, qiyinchilik va noqulayliklarni yengishga harakat qiling. Ertangi g‘alaba uchun bugundan harakat qiling. Qachonki yetarli ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lsangiz, o‘zingizga bo‘lgan ishonch tobora ortib boradi.
Qo‘rquv
Boshqalar nima deyishini o‘ylash maqsad va orzularga erishishga xalaqit beradigan eng katta to‘siq hisoblanadi. Hech qachon siz uchun kerak va asosiy narsalardan sizning hayotingizda roli bo‘lmagan insonlarning subyektiv muhokamasi uchun qo‘rquvni his qilib, voz kecha ko‘rmang. Siz ishongan va umid qilgan narsa qo‘rquv va vahimalardan muhim bo‘lsin.
Negativ fikrlash
Ilojsiz narsaning o‘zi yo‘qligini yoddan chiqarmang. Siz istagan narsaga erishish uchun imkoniyatlar cheksiz bo‘lishi, shunchaki siz birgina yechimni ko‘rayotgan bo‘lishingiz mumkin. Sizni tushkunlikka tushiradigan va ilojsizdek his qilishga majbur qiladigan fikrlarni miyangizdan chiqarib tashlang. To‘g‘ri va ijobiy fikrlashni o‘rganing. Har qanday fikrlar moddiylashishi mumkinligini, o‘y va hayollar nafaqat kayfiyatga, balki kelajakka ham ta’sir qilishini yoddan chiqarmang.
Manba