Hamma narsadan hafsala pir bo‘lganda motivatsiyani saqlab qolish bo‘yicha 5 tavsiya
Muammolar qurshovida yurishdan qutulishni istovchilar va atrofidagilar bilan munosabatlari o‘nglanmayotganidan tashvishda bo‘lganlarga Stenford universiteti professori Bernard Rotning “Erishish odati: Orzu qilishdan to‘xta, amalga oshirishni boshla va o‘z hayotingni boshqar”(The Achievement Habit: Stop Wishing, Start Doing, and Take Command of Your Life)kitobidagi tavsiyalarini havola qilamiz.
Foto: Getty ImagesVaziyatga boshqa tomondan baho berishni o‘rganing
Kimdir sizning yo‘lingizga g‘ov bo‘layotgandek yoki hayotingizni qiyinlashtirayotgandek tuyilsa, “strelkani burishga” urinib ko‘ring. Masalan, muammo ish joyida bo‘lsa, boshqa joyga ketgan taqdiringizda ham faqatgina jismoniy o‘zgarish amalga oshirilgani hisobiga ushbu vaziyat qayta takrorlanishi mumkin. Buning o‘rniga vaziyatga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartiring. Bernard Rotning hamkasbi rahbari bilan kelisha olmagan. Unga boshlig‘i haddan ortiq narsani talab qiladigandek tuyulgan. Shunda Bernard unga hamma vaqt “U meni g‘azablantiradi”, deyish o‘rniga “Men uni g‘azablantiraman” deyishni tavsiya qilgan. Professorning fikricha, bu vaziyatga har ikki tomondan nazar tashlashga yordam beradi. Biz aksariyat hollarda o‘zimiz tan olishni istamagan narsalarni boshqalarga ag‘darib qo‘yamiz. Ammo ma’lum bo‘lganidek, tangoni yolg‘iz o‘ynab bo‘lmaydi. Boshqa odamlarning ham tuyg‘ulari borligi tushunib yetilganda, u bilan bo‘lgan munosabat va ishga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirishning uddasidan chiqiladi.
Yangicha yondashing
To‘siqlar sizni to‘xtatishiga izn bermang — ishga bo‘lgan yondashishingizni o‘zgartiring. Bir ayol velosiped haydashni o‘rganishni juda ham xohlagan. Uning yoshi o‘ttizda, qolaversa ichki qulog‘i bilan muammo bo‘lgan(bu muvozanatni saqlash sezgisiga ta’sir qiladi). Ammo ayol o‘z orzusidan voz kechmagan, buning o‘rniga shunchaki uch g‘ildirakli velosiped xarid qilgan. Nimagadir erishishni istaysizmi, to‘siqlarni chetlab o‘tish yo‘llarini qidiring. Taslim bo‘lmang, aybni boshqalarga to‘nkamang.
Xolis bo‘lish uchun vaziyatga chetdan turib baho bering. Shunda muqobil yo‘l topishga muvaffaq bo‘lasiz. Hamma narsa men bilan sodir bo‘lmoqda deb o‘ylash yoqimsizliklar domida qolishga olib keladi. Odam unga umuman aloqasi bo‘lmagan narsani o‘ziga oladi, arzimagan narsalarga dili xira bo‘ladi. O‘zingizga ortiqcha tashvish orttirmang. Unutmang, kimdandir dili siyoh bo‘lib, uni ichiga yutish yoki shunchaki e’tibor bermaslik o‘zingizga bog‘liq. Xusumat va norozilik hech qanday naf bermaydi, aksincha olg‘a intilishga xalaqit beradi. Motivatsiyani esa ko‘paytirmasligi aniq. Ulardan voz kechib o‘z hayotingizni to‘laqonli yashashingiz mumkin bo‘ladi.
Har to‘kisda bir ayb ekanini unutmang
Hayotingiz va ishingiz, shuningdek, atrofingizdagi insonlar hech qachon mukammal bo‘lmaydi. Ammo bu sizni to‘xtashingizga sabab bo‘lmasin. Boshlash va omadsizlikka uchrash qo‘l qovushtirib, qulay vaqt kelishini kutgandan ko‘ra yaxshiroq. Ahd qilgan o‘y-xayolni amalga oshirish orqali, avvalroq arzimagan narsa sizni joyingizdan siljishingizga xalaqit qilganiga amin bo‘lishingiz mumkin bo‘ladi.
Odatlaringizni ko‘zdan kechiring
Barchaning odatlarga suyanish va avtomat ravishda harakatlanishga moyilligi bor. Ammo amaldagi harakatlar algoritmi ish bermayotgan bo‘lsa, demak, allaqachon uni o‘zi o‘zgartirish vaqti kelgan. Odatlaringizni, ulardan qay biri sizga foyda keltiradi, qay biri yo‘qligini tahlil qilib ko‘ring. Natija bermaydiganlarini shunchaki ko‘nikkaningiz uchungina takrorlamang. Ish bermaydiganini boshqa odatga almashtiring. Unutmang, hech nima o‘zidan o‘zi ahamiyatli bo‘lib qolmaydi: mohiyat anglatishi yoki yo‘qligiga o‘zingiz sababchi bo‘lasiz. Hayotingiz, faoliyatingiz va atrofdagilar bilan munosabatlaringiz qanday ekani o‘zingiz bilan bog‘liq. O‘z reaksiyangiz va vaziyatni ham nazorat qila olishingiz mumkinligini o‘zingizga tez-tez takrorlab turing.
Manba