Pilingning yuz terisi uchun qanday foydasi bor? Muolajani necha yoshdan boshlab qo‘llagan ma’qul? O‘zbekistonlik mutaxassis javobi
Bugungi kunga kelib piling muolajasi eng ko‘p foydalanilayotgan xizmat turlaridan biriga aylangan. Xo‘sh, uning yuz terisi uchun qanday ijobiy xususiyatlari bor?Necha yoshdan muolajani qo‘llash mumkin?O‘zbekistonda piling xizmatlarining narxi qancha?Bu haqda “Daryo”ga tajribali shifokor-kosmetolog Hilola Fayziyeva batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Foto: Instagram/@dr.hilola_xayrullayevnaPiling qanday protsedura?
Piling terining ustki qatlami, ya’ni hujayralari nobud bo‘lgan o‘lik yuzasidan xalos bo‘lishga yordam beradi. Shu bilan birga, husnbuzar, mayda ajinlar, dog‘lardan qolgan chandiqlarni, qolaversa, ayollarni eng ko‘p tashvishlantiradigan muammo — qora nuqtalarni yo‘q qiladi.
To‘g‘ri, mazkur protsedura teridagi barcha yoshga bog‘liq o‘zgarishlarni bartaraf eta olmaydi, ammo qarishning dastlabki belgilariga qarshi kurashishda yordam beradi. Shuningdek, terini silliqlaydi, namlaydi va yashartiradi. Qisqa qilib aytganda, piling muolajasining yuz uchun ijobiy xususiyatlari talaygina.
Foto: Google ImagesPiling kimlarga mumkin emas?
Piling muolajasini qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar ham mavjud. Masalan, dermatitlarda(yallig‘lanish kasalligining o‘tkir bosqichida), yuqumli kasalliklarda, terida ochiq jarohatlar bo‘lganda, homiladorlik va emizish davrida, allergiya va tutqanog‘i borlarga, qolaversa, qo‘llanilayotgan piling tarkibidagi ingrediyentlarga yuqori sezuvchanligi bo‘lganlarga tavsiya etilmaydi.Foto: Google ImagesPilinglarning qanday turlari mavjud?
Protsedura ta’sir kuchiga qarab yengil, o‘rta va chuqur darajadagi pilinglarga bo‘linadi.Kosmetologiyada pilinglarning Glikolli(glikoleviy), salitsilli(salitsiloviy), azelainli(azelainoviy), retinolli(retinoyeviy), marjonli(koralloviy), sutli(molochniy)sariq(jyoltiy)turlari juda mashhur.
Misol uchun, azelainli, salitsilli pilinglar toshmalar va ulardan qolgan izlari bor yuzlarga foyda beradi. Glikolli va sutli pilinglar — yuz rangini ochartirishda va dog‘larni oqartirishda qo‘llaniladi.
Marjonli, sariq pilinglar esa chuqur darajadagi muolaja bo‘lgani uchun ko‘proq husnbuzarlardan qolgan chandiq va dog‘larda ketkazishda yaxshi natija beradi.
Pilinglar turiga qarab, o‘rtacha 150 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha baholanadi.
Chuqur darajadagi pilinglarni birdaniga qo‘llab bo‘lmaydi
Faoliyatim davomida ko‘p bo‘ladi: aksariyat ayollarimiz foydasi haqida o‘qib, sariq yoki marjonli piling qilib qo‘ying deb keladi. Biroq men ana shunday mijozlarga mazkur pilinglar juda chuqur darajadagi muolaja bo‘lgani bois birdaniga yuzga qo‘llab bo‘lmasligini tushuntiraman. Dastlab yuz terisining fototip, elastikligi, qalin yoki yupqaligi, teshikchalar keng yoki torligini aniqlash lozim.Shuningdek, har doim yengil tipdagi pilingdan boshlash kerak. Sababi teri pilingga nisbatan qanday reaksiya berishini bilmaymiz. Shuning uchun avvalo yuzni o‘rta va chuqur darajadagi pilingga tayyorlab, keyin protsedurani qo‘llashimiz lozim.
Foto: Google ImagesQaysi mavsumda piling muolajasidan foydalanish mumkin?
Avvallari kuz oyining oxirlaridan to bahor boshlangunga qadar piling mavsumi deyilardi.Chunki quyoshli kunlarda piling qilinsa, yuzga har xil dog‘lar tushishi va keyinchalik asorati qolishi mumkin edi.
Biroq hozirga kelib pilinglar shu darajada rivojlanib ketdiki, endi istalgan mavsumda yengil va o‘rtacha ta’sirga ega protseduradan foydalanish mumkin. Faqat undan so‘ng doim quyosh nuriga qarshi kremlarni surtish va iloji boricha quyosh nurlaridan himoyalanish lozim.
Chuqur darajadagi marjonli, sariq pilinglarni esa faqat qish oylaridan to martgacha(quyosh nuri kuchsiz paytlarda)qo‘llash mumkin.
Foto: Google ImagesNima uchun quyoshga qarshi kremlarni hatto uyda ham surtib yurish kerak?
SPF — ultrabinafsha nurlanishini yutadigan maxsus modda bo‘lib, terini quyosh nurlaridan himoya qiladi. Biz doimo tarkibida SPF bor kremlardan foydalanib yurishimiz kerak. Chunki ultrabinafsha nurlari ta’sirida yuz terisi juda tez qariydi. Bundan tashqari, teri quruqlashib, ajinlar, dog‘ tushishi tezlashadi.Aksariyat ayollarimiz SPF kremini faqatgina quyoshli kunlarda surtib, qishda foydalanish shart emas deb hisoblaydilar. Ammo qorda ham teriga nojo‘ya ta’sir etuvchi nurlar bor.
Hattoki uyda ham SPF kremlarini surtib yurish lozim. Chunki kompyuter, telefon va televizordan taraladigan nurlar ham yuz terisiga zararlidir.
Foto: Google ImagesQizlarni yoshlikdanoq o‘zini o‘zi parvarish qilishga o‘rgatish lozim
Avvallari piling muolajasi faqat 18 yoshdan keyin tavsiya qilinardi. Biroq yuz terisida muammo paydo bo‘lsa, muolajadan 14 yoshda ham foydalanish mumkin. Afsuski, bizning mentalitetimizda aksariyat ayollar, ayniqsa, yosh qizlar kosmetologga bormaydi, deyishadi.Qizining yuzida turli muammolar bo‘lsa-da, ko‘pchilik onalar mutaxassisga olib kelmaydi. Qachonki yoshi o‘tib, yuzdagi muammolar kattalashgandan keyingina kosmetologga murojaat qilishadi. Lekin bu juda noto‘g‘ri qarash.
Qizlarimizni bolaligidanoq o‘zini o‘zi parvarish qilishga, nafaqat yuziga, balki butun tanasiga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga o‘rgatishimiz kerak. Boisi yuzdagi muammolar kattalashganidan so‘ng uni bartaraf qilgandan ko‘ra boshidanoq oldini olgan afzal.
Manba