Xavfli quyosh: Teri saratoni va uning sabablari haqida muhim ma’lumotlar
Eng xavfli teri saratoni hisoblangan melanomaning rivojlanishi va zo‘riqib ketishiga quyosh ostida ko‘p vaqt o‘tkazish ham sabab bo‘lishi mumkin.
Foto: FreepikQuyosh nurida toblanish foydali emas
Ko‘pchilik quyosh nurida toblanish D vitamin tanqisligiga qarshi yaxshi samara beradi deb o‘ylaydi. Bu to‘g‘ri ammo, organizmni D vitaminiga to‘yinishi uchun ochiq havo, xususan, soya joyda 15 daqiqa turishning ham o‘zi kifoya. Chuni odam o‘zi o‘ylamagan holda ham kunlik me’yorni olishi mumkin bo‘ladi. Kechasi tetik yurib kunduzi uxlaydigan kishilar esa bundan mustasno.
Quyoshdan himoyalovchi kremlardan hamisha foydalanish lozim
95 foiz xavfli teri o‘simtalari 365 kun davomida quyishning ultrabinafsha nurlari to‘g‘ridan to‘g‘ri tegadigan tana qismlari, ya’ni yuz va qo‘llarda bo‘lishi aniqlangan.
Shu bilan birga bulutli havo nurlanish uchun g‘ov bo‘lmasligini ham unutmaslik kerak. Oslo universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotlarda SPF15 kremlardan foydalangan ayollarda melanoma bilan kasallanish xavfi boshqalarga nisbatan 33 foizga kam ekani ma’lum bo‘lgan. Aynan shu sabab ham SPF kremlarni qishin-yozin, ish va o‘qishga borishdan qat’i nazar kanda qilmaslik kerak. Kun davomida bir marta krem surtish kifoya qilmaydi.
Quyosh vannasi foyda bermaydi
Quyosh vannasi qabul qilgan kishilarda teri saratoning kelib chiqish xavfi boshqalarga nisbatan 69 foizga yuqori bo‘ladi. Shu sabab ham muntazam ravishda quyosh nuridan himoya qiladigan kremdan foydalanish va quyosh vannalarini qabul qilmaslik tavsiya qilinadi.
Xavf omillari
Teri saratonining paydo bo‘lishining asosiy sababi quyoshning ultrabinafsha nurlari hisoblanadi va teri fototipi I va II bo‘lganlar hatto oz muddatdan keyin ham kuyishi mumkin bo‘ladi. Ammo bu boshqa fototipli kishilar saraton bilan kasallanmasligini bildirmaydi. Hatto VI fototipli insonlar(qora tanlilar)da ham teri saratoni kuzatilishi, ammo kamroq uchrashi mumkin.
Qanday himoyalanish kerak?
- Quyoshdan himoya qiladigan vositalar har 1,5—3 soatda surtilishi kerak.
- Hovuzga tushishdan avval suvga chidamli kremlardan foydalanish, suvdan chiqqandan keyin ham qayta surtish kerak bo‘ladi.
- Soat 10:00 dan 16:00 gacha quyoshdan uzoq bo‘lish kerak.
- Yilda 1 yoki 2 marta dermatolog bilan uchrashish kerak bo‘ladi. Qolaversa, xol va pigment dog‘lar ahvoliga ham e’tiborli bo‘lish lozim.
- Yangi o‘zgarishlar paydo bo‘lganda va rangi, shakli o‘zgarganda shifokorga borishni kechiktirmaslik kerak.
Manba