Inson umri qisqarishiga sabab bo‘luvchi mahsulotlar
To‘g‘ri ovqatlanish hayotni uzaytirishga va uning sifatini yaxshilashga yordam beradi. Xuddi shu tarzda, foydali bo‘lmagan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish umrni bir yildan ko‘proqqa qisqartirishi mumkin. Garchi insoniyat uzoq yashash fenomenini hal qilishda ma’lum muvaffaqiyatlarga erishayotgan bo‘lsa-da, ba’zi ekspertlar o‘rtacha umr ko‘rishning qisqarishi mumkinligi haqida xavotirda. Inson hayotiga ta’sir qiluvchi salbiy omillar juda ko‘p. Bundan tashqari, aholining umr ko‘rish davomiyligi oshgani sayin ko‘pchilikning surunkali kasalliklarga duchor bo‘lish ehtimoli ham ortadi. Shuning uchun sog‘liqqa g‘amxo‘rlik qilishni hozirdan boshlash juda muhimdir.
Foto: Marie ClaireMichigan universiteti olimlari tomonidan olib borilgan va Nature Food jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ba’zi mahsulotlarni iste’mol qilish orqali inson qimmatli vaqtni behuda sarflashi mumkin. Misol uchun, bitta hot-dog iste’mol qilish natijasida umrning 36 daqiqasi yo‘qotiladi. Maqolada sog‘lom umr ko‘rish davomiyligi, ya’ni yaxshi sifatga ega va kasalliklarsiz hayot kechirish haqida gap boradi.
Tadqiqotchilar 6000 ga yaqin oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘rib chiqdi va kolbasa mahsulotlari, gamburger, pitssa, shakar va gazli ichimliklar hamda boshqa zararli taomlar inson organizmiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Bir porsiya pitssa umrning deyarli 10 daqiqasini qisqartiradi. Ratsionda ma’lum miqdordagi yog‘lar inson uchun zarurdir, ammo bugungi kunda odamlar juda ko‘p to‘yingan yog‘larni iste’mol qiladi, bu esa qonda xolesterin miqdorini oshiradi va natijada yurak xastaliklarining rivojlanish xavfiga tahdid soladi. Shuning uchun xolesterinni kamaytirishga yordam beradigan kletchatkaga boy mahsulotlarga e’tibor berish juda muhim.
Bugunda insonlar kuniga ko‘p miqdorda kaloriya iste’mol qiladi, shakar, tuz va to‘yingan yog‘larga boy ovqatlarni afzal ko‘radi. Tarkibida shakar ko‘p bo‘lgan oziq-ovqat va ichimliklarni muntazam iste’mol qilish nafaqat semirishga, balki tish chirishiga ham olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, sabzavot, meva, yog‘li baliq, dengiz mahsulotlari, yong‘oq va loviyalar yetarlicha tanovul qilinmaydi. Ma’lumki, ushbu oziq-ovqatlarni ratsionga kiritish yurak xastaligi va saratonning ayrim turlari rivojlanish ehtimolini kamaytiradi, shuningdek, sog‘lom hayot davomiyligini oshirishi mumkin. Misol uchun, bir hovuch yong‘oq umrni 26 daqiqaga, qizil ikra esa 16 daqiqaga uzaytiradi.
Albatta, sevib iste’mol qilinadigan taomlardan voz kechish biroz xafa qilishi mumkin, garchi ular umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha xavfli bo‘lsa ham. Buyuk Britaniyaning Milliy sog‘liqni saqlash xizmati kraxmalli uglevodlar kunlik ratsionning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil etishi kerak bo‘lgan muvozanatli diyetaga rioya qilish kerakligini aniqladi. Bu toifaga kartoshka, non, guruch, makaron va don mahsulotlari kiradi. Shuningdek, ko‘kat, sabzavot va mevalar ham hisobga olinishi kerak.
Sog‘lom ovqatlanishdan tashqari, jismoniy mashqlar uzoq umr ko‘rishda katta rol o‘ynaydi. Har kuni faol bo‘lish sog‘lom, quvnoq va optimistik ruhda yashashga yordam beradi. Uzoq umr ko‘ruvchi insonlar nafaqat jismoniy va sog‘lom odatlar, balki maxsus temperament bilan ham farqlanadi.
Manba