Ko‘zlarning tez charchashiga olib keladigan zararli odatlar
Ko‘rish a’zolari organizmning istalgan qismi singari charchashi mumkin. Buning bir necha sabablari bo‘lishi va turli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Foto: FreepikKo‘rishlarning zo‘riqishi bir qancha omillarga bog‘liq va ko‘rish bilan bog‘liq charchoqning paydo bo‘lishi quyidagi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.
- diskomfort va ko‘zlarning qurishi;
- qichishish, sanchiq va achishish;
- yorqin yorug‘likka yuqori sezuvchanlik va ko‘zlarning yoshlanishi;
- ko‘z qizarishi;
- ko‘z oldida parda yoki tuman borligi;
- obyektlarni aniq ko‘rishda qiyinchilik paydo bo‘lishi.
Kompyuter va planshetdan dam olmasdan foydalanish
Bugungi kunga kelib ko‘pchilikning ishini kompyutersiz tasavvur qilib bo‘lmasligi hech kimga sir emas. Ishlab chiqaruvchilar ekrandagi yorug‘lik tabiiy bo‘lishiga harakat qilishi va boshqa qulayliklar yaratishiga qaramay, ekran qarshisida uzoq o‘tirish ko‘zlarga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi. Zo‘riqishni kamaytirish uchun ekrandan nigohlarni olib boshqa uzoq va yaqindagi predmetlar, iloji bo‘lsa yashil daraxt hamda o‘simliklarga bir muddat qarash kerak. Mazkur mashq ko‘z mushaklarini mustahkamlab, dam olish imkonini beradi.
Ekran qarshisida tikilib turganda kishi odatdagidan 4 karra kamroq ko‘zlarini ochib yumadi(bu reflektor jarayon esa ko‘zlarning namlanishi uchun muhim sanaladi). Quruqlikning his qilinishi diskomfortga olib keladi, ko‘zlar tez charchaydi. Kompyuterdan uzoq vaqt davomida foydalanish oqibatida kelib chiqadigan barcha muammolar majmuasi “kompyuter ko‘rish sindromi” deb ataladi. Ko‘rishdan tashqari, bo‘yin bilan bog‘liq muammolar, noqulay o‘tirish va vaziyat sabab qaddi-qomatning o‘zgarishi ham ekran qarshisida uzoq o‘tirishning salbiy oqibatlaridan sanaladi.
Nigohni doimiy ravishda ekran va klaviaturalarga qaratish akkomodativ astenopiya — mayda buyumlarni ilg‘ash qiyinchilik tug‘diradigan, fokusdagi qiyinchiliklar sabab o‘qishning imkonsiz bo‘lishi va nafaqat ko‘z, balki peshona hamda chakka sohalarida og‘riq bilan kechadigan ko‘zning patologik toliqishiga olib keladi. Bu esa miopiya(ko‘rish nuqsoni; bunda yaqindagi narsalar yaxshi, uzoqdagilar esa xira ko‘rinadi)va ko‘zlarning qurish sindromiga olib keladi.
Yorug‘likning yetarlicha bo‘lmasligi
Ish joyining yetarlicha yorug‘ bo‘lishi juda ham muhim sanaladi, ko‘zlarning zo‘riqishini kamaytiradi. Yorug‘likda qorachiqlar kengaygani, qorong‘ida esa kichraygani sabab qorong‘i xonada kompyuter ekranining yorqinligi ko‘zlarni charchatib qo‘yadi. Gap shundaki, qorachiq kengayishi uchun 5 soniya, qorong‘iga ko‘nikishi uchun esa 5 daqiqa kerak bo‘ladi. Bir qorong‘ilikka bir yorug‘likka qaragan ko‘zlar toliqadi va boshda og‘riq paydo bo‘ladi.
Yo‘l-yo‘lakay, metro va avtobusda kitob o‘qish
Qo‘lning sezilmaydigan darajada titrab harakatlanishi bilan kelib chiqadigan fokusning doimiy ravishda o‘zgarishi ko‘zlarning doimiy zo‘riqishiga olib keladi. Transport vositasi harakatlanganda tananing qimirlashi va silkinish qo‘llarning sezilmas darajada harakatlanishiga sabab bo‘ladi.
Optikaga bormasdan tayyor ko‘zoynak xarid qilish
Hatto qanday linza sizga tushishini 100 foiz bilgan taqdiringizda ham tayyor xarid qilingan ko‘zoynak sizga 100 foiz to‘g‘ri kelishiga kafolat yo‘q. Tayyor ko‘zoynaklar uchun odatda bir xil optik kuchga ega linzalardan foydalaniladi, odamlarning ko‘rishi esa bir-biridan farq qiladi. Aynan shu sabab ham mutaxassis tavsiyasisiz xarid qilgan ko‘zoynaklar taqib kitob o‘qilganda, ko‘zlar tez toliqadi. Uzoq vaqt davomida bunday sifatsiz ko‘zoynakdan foydalanish esa vaziyatni qiyinlashtirib, ko‘rish qobiliyatini yanada yomonlashishiga hissa qo‘shadi.
Shamollatilmagan xona va quruq xona
Qanchalik g‘alati tuyilmasin, havoning sifati ko‘zlarga ta’sir qilmay qolmaydi. Quruq havo, kuchli shamol va konditsionerli xonada ko‘zlar tez quriydi. Tabiiyki, bir muddatdan keyin diskomfort, quruqlik seziladi va mayda yozuv va buyumlarga fokus qilish qiyinlashadi. Simptomlarni kamaytirish uchun oftalmolog shifokorlar maxsus ko‘z tomchilaridan foydalanishni tavsiya qiladi.
Manba