Insult yoki infarktsiz hayot uchun hozirdanoq amal qilish kerak boʻlgan 7 ta odat
Necha yoshda boʻlishdan qatʼiy nazar, yurak xastaliklarining oldini olish uchun hech qachon erta va kech emas. Quyidagi 7 ta ilm- fan tomonidan isbotlangan oddiy odatlar xavfni sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi.
Statistik raqamlar dahshatli: har ikki kishidan biri hayoti davomida insult yoki infarkt kasalligiga duchor boʻladi. Ammo yaxshi xabar shuki, parhez yoki turmush tarzidagi kichik oʻzgarishlar ham xastalik xavfini kamaytiradi va muvaffaqiyatli natijaga erishtiradi.
Shoʻr taomlarni kamroq yeng
Qancha koʻp tuz isteʼmol qilinsa, organizmda qon miqdori ortadi, bu esa yurakka qoʻshimcha yuk. Agar bu muntazam ravishda takrorlanadigan boʻlsa, bizning eng muhim organimiz haddan tashqari koʻp ishlaydi va xastalanadi.
Uyqu meʼyorda boʻlsin
Kundalik 7-8 soatlik uyqu biz uchun juda muhimdir, aks holda, organizm gipertoniya bilan javob qaytaradi. Epidemiologiya jurnalida chop etilgan tadqiqotga koʻra, 24 yoshdan 32 yosh oraliqdagi insonlarning 30 foizi allaqachon yuqori qon bosimini boshdan kechirgan. Hech qanday chora koʻrilmasa, bu yurak yetishmovchiligining rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Jismoniy mashq qiling
Vazifangiz yurak urish tezligini muntazam ravishda oshirib borishdir. Tez yurish, yugurish, suzish va boshqa aerobika harakatlari yurak mushaklarimizni taranglashtiradi(masalan, yugurish paytida yurak oyoq mushaklariga qaraganda ikki baravar faol ishlaydi), mashq qildiradi va kuchaytiradi. Shu tariqa haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faollik zarur minimaldir.
Oʻzingizni boʻsh qoʻying
Doimiy stress, xavotir va tashvishlar yurak kasalliklarining ajralmas hamrohlaridir. Kortizol stress gormoni qon bosimi va yurak urishi tezligini oshiradi, bu organizm uchun halokatli kombinatsiya boʻlishi hech gap emas. Bundan tashqari, kortizol arteriyalarning shilliq qavatiga zarar yetkazishi bilan qonning tana aʼzolariga ozuqa moddalarini yetkazib berishini qiyinlashtiradi. Shu bois dam olishni va stressdan xalos boʻlishni oʻrganish nihoyatda zarur.
Tishlarni oʻz vaqtida parvarish qiling
Ogʻiz boʻshligʻida koʻpayadigan bakteriyalar nafaqat tish, milklar salomatligi uchun xavflidir: ular qon tomir devorlariga zarar yetkazishi, yanada moʻrtlashishiga olib kelishi mumkin. Kuniga ikki marta tishlarni yuving, ip bilan tozalang va yiliga ikki marta tish shifokori koʻrigidan oʻting.
Tuxum isteʼmol qiling
Heart jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflari insultning oldini olish uchun qila oladigan eng oddiy narsa — bu kuniga bitta tuxum isteʼmol qilish ekanligini qayd etgan.
Olimlar 9 yil davomida yarim million kishining salomatlik holatini tahlil qilib, kuniga kamida bitta tovuq tuxumini isteʼmol qilganlarda yurak xastaliklari xavfi 11 foizga, insult xavfi esa 26 foizga kamayganini aniqlashdi. Tadqiqotga koʻra, tuxumda yurakni himoya qiladigan sogʻlom HDL xolesterin darajasini oshirish xususiyati mavjud, shuningdek, tarkibidagi moddalar zararli xolesterinni organizmdan chiqarib yuboradi. Bundan tashqari, tuxum oqsilga boy mahsulot boʻlib, qonda shakar darajasini pasaytirishga va oʻrtacha vaznni saqlashga yordam beradi, ham insult xavfini kamaytiradi.
...va yogʻli baliq
Haftada uch yoki undan koʻp porsiya yogʻli baliq isteʼmol qilsangiz, insult xavfi 6-12 foizga kamayadi. Bu Stroke jurnalida chop etilgan Shvetsiya tadqiqotining natijalari. 400 000 koʻngilli ishtirok etgan tadqiqot mualliflarining fikricha, gap baliqlarda koʻp boʻlgan omega-3 yogʻ kislotalari haqida ketmoqda. Ushbu kislotalar tomirlardagi yalligʻlanishni kamaytiradi, qon aylanishini yaxshilaydi va tromblar hosil boʻlish ehtimolini kamaytiradi.
Manba