Haroratni termometrsiz oʻlchashning 5 ta oson usuli
Issiq peshona baland haroratning yagona belgisi emas. Albatta, maxsus asboblarsiz tana haroratini yuqori aniqlik darajada aytib berish imkonsiz. Hattoki, uydagi termometrlar ham xato qiladi. Ammo yuqori aniqlik oʻta muhim emas. Shunchaki tanada isitma bor yoki yoʻqligini bilish kifoya. Haroratning 38 ° C dan yuqoriligi turli kasalliklarning birlamchi alomatlaridan hisoblanadi.
Haroratni termometrsiz qanday oʻlchash mumkin?
Buning beshta asosiy usuli bor. Ularning har biri ham nihoyatda ishonchli boʻlmasligi mumkin. Har holda vaqtincha termometr vazifasini bajara oladi.
1. Peshonani ushlab koʻring
Peshona issiq boʻlsa, demak, isitma bor. Xato qilmaslik uchun quyidagi qoidalarga amal qiling:
- Isitmangiz bor-yoʻqligini oʻzingiz tekshirmang. Qoʻllaringiz ham issiq boʻlishi mumkin, shuning uchun issiqlikni sezmaysiz.
- Peshonaga qoʻl tekkizishda kaftning orqa qismidan foydalaning. Kaft orqasidagi teri nisbatan sezgirroq.
Tekshirishdan oldin xona juda issiq yoki juda sovuq emasligiga ishonch hosil qiling. Qoʻl qancha sovuq boʻlsa, peshona shuncha issiq tuyuladi. Aksincha, qoʻlning qaynoqligi isitmani sezdirmaydi.
2. Koʻkrak qafasining old va orqa tomonlarini ham ushlab koʻring
Bunda ham kaftning orqa tomonidan foydalaning. Bu sohalar ham issiq boʻlsa, harorat baland deganidir.
3. Yuz rangiga nazar soling
Qip-qizil tus olgan yonoqlar shifokorlar eʼtiborga oladigan yana bir ishonchli belgidir.
Odam toʻshakda yotgan boʻlsagina, yuz rangini baholash oʻrinli. Faol harakat yoki jismoniy zoʻriqishdan soʻng ham yonoqlar qizarib ketadi.
4. Pulsni oʻlchang
Kattalardagi normal yurak urish tezligi bir daqiqada 60-100 marta. Bu 10 yoshdan oshgan bolalarga ham tegishli. Maktabgacha yoshda boʻlgan bolalarda oddiy puls 120 urishdan oshmaydi, bir-ikki yoshli bolalarda — 130, bir yoshgacha boʻlgan chaqaloqlarda — 160.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, isitma vaqtida yurak tezroq uradi. Meʼyordan yuqori boʻlgan har 8-10 yurak urishi tana haroratining bir darajaga koʻtarilganidan darak berishi mumkin.
5. Oʻzingizni qanday his qilayotganingizni tahlil qiling
Haroratning oshishi, odatda, boshqa xarakterli xususiyatlar bilan birga keladi. Ushbu qoʻshimcha belgilar qanchalik koʻp boʻlsa, isitma ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi.
- Hovur. Koʻpincha odam oʻzini “yonib ketayotgandek” his qiladi.
- Sovuq. Ichki issiqlikka qaramay, isitmasi boʻlgan odamlar sovuqdan titraydi. Xonadagi havo harorati normal yoki odatdagidan issiq boʻlsa-da.
- Holsizlik. Bu uyquchanlik yoki shunchaki qattiq charchoq boʻlishi mumkin.
- Kuchli terlash. Harorati baland boʻlgan odam koʻp terlaydi.
- Oʻzini yomon his qilish. Odamlar har doim ham ularni nima bezovta qilayotganini bilmaydi lekin hislar, shubhasiz, yoqimsiz boʻladi.
- Koʻngil aynishi. Baʼzan kuchli emas, baʼzan esa sezilarli darajada kuchli koʻngil aynishi kuzatiladi.
- Bosh ogʻrigʻi. Isitma vaqtida yana bir keng tarqalgan alomat.
Tez yordamni qachon chaqirish kerak?
Isitma haqiqatan ham xavfli kasalliklar belgisi boʻlishi ehtimoldan holi emas. Haroratning yuqoriligi quyidagi alomatlar bilan birga kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qiling:
- Boshni u yon bu yonga bura olmaslik darajada boʻyinning qotib qolishi;
- Aqlning chalkashib ketayotgani;
- Hissiy holatdagi keskin oʻzgarishlar, masalan, haddan tashqari ortiqcha xavotir yoki asabiylashish;
- Tana boʻylab tarqaladigan har qanday toshma;
- Fotofobiya, yaʼni yorugʻlikka qaraganda koʻzlarda ogʻriqli hislar;
- Suvsizlanish — buni peshob rangining quyuqlashishi, koʻzlarning kirtayib qolishi, yigʻlaganda koʻz yosh ajralmasligi bilan taxmin qilinishi mumkin;
- Tutqanoqlar.
Agar isitmani paratsetamol yoki asosi ibuprofen boʻlgan preparatlar bilan tushirishning imkoni boʻlmasa yoki besh kundan ortiq davom etsa, shifokor koʻrigidan oʻtish tavsiya etiladi.
Manba