Qandli diabet xavfini oshiradigan mahsulotlar
Qanday mahsulotlar qandli diabet rivojlanish xavfini oshirishini bilib oling, shunda ularni kundalik ratsiondan chiqarib tashlash orqali salomatlikni himoya qilish mumkin.
Foto: Marie ClaireBa’zi mahsulotlar 2-toifa diabet rivojlanishini qo‘zg‘atadi. Niderlandiyada 20 000 subyekt ishtirokida tadqiqot o‘tkazildi. Bu shuni ko‘rsatdiki, juda ko‘p zararli yeguliklar, ayniqsa, gazli ichimlik, chips va qovurilgan ovqatlar 2-toifa diabet rivojlanish xavfini 70 foizga oshiradi.
Kaliforniyadagi Amitabha tibbiyot klinikasining direktori doktor Isaak Eliaz “Ratsion muhim ahamiyatga ega, — deydi. — Agar kimdir ikkinchi toifa diabet xavfini kamaytirmoqchi bo‘lsa, ratsionni o‘zgartirish mashqlar va stressni boshqarish bilan birga strategiyaning bir qismi bo‘lishi kerak”.
Mutaxassislar ikkinchi toifa diabet rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan to‘rtta oziq-ovqat mahsulotlarni iste’mol qilishdan ogohlantiradi. Ularga imkon qadar ushbu mahsulotlarni kamroq iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Tarkibida shakari bor ichimliklar
2010-yilda Diabetes Care jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, kuniga bir yoki ikki marta shakarli ichimlik ichish oyiga bir martadan kamroq ichish bilan solishtirganda ikkinchi toifa diabet xavfini 26 foizga oshiradi.
“Gazli ichimliklar, shirin choy va limonad kabi shakarli ichimliklar ikkinchi toifa diabet xavfini oshiradi, — deydi diyetolog Jill Vayzenberger. — Haddan tashqari ko‘p kaloriya kilogramm ortishiga olib keladi va shakar insulin qarshiligini oshirishi mumkin”.
Shakarning salomatlikka ta’sirini minimallashtirishning eng yaxshi usullaridan biri shakar bilan boyitilgan, shu jumladan, mevali ichimliklarni cheklashdir. Suvsizlanishning oldini olish uchun ko‘proq suv ichgan ma’qul.
Qizil va qayta ishlangan go‘sht
2011-yilda American Journal of Clinical Nutrition jurnalida chop etilgan tadqiqotda tadqiqotchilar kuniga bir marta qizil go‘sht iste’mol qilish ikkinchi toifa diabet xavfini 19 foizga oshiradi, degan xulosaga kelishdi. Qayta ishlangan qizil go‘sht uchun xavfning o‘sishi 51 foizni tashkil etdi.
Qizil va qayta ishlangan go‘sht ikkinchi toifa diabet bilan bog‘liq. Xotdog, gamburger kabi qayta ishlangan go‘shtli yeguliklar, ayniqsa, natriy va nitrit miqdori yuqori bo‘lganligi sababli zararli hisoblanadi.
Doktor Eliazning so‘zlariga ko‘ra, oqsilning boshqa manbalariga o‘tish salomatlikni yaxshilashi mumkin. “Baliq, parranda go‘shti va tuxumlarning sarig‘i, ba’zan esa o‘t bilan oziqlangan mol go‘shti — barchasi sog‘lom sabzavotlar ustunlik qiladigan ratsionga kiritilishi mumkin”, — dedi ekspert.
Yuqori darajada qayta ishlangan uglevodga boy mahsulotlar
Qayta ishlangan uglevodlar, shu jumladan, oq un, oq guruch va oq shakardan tayyorlanganlar, aslida organizm uchun juda muhim bo‘lgan kletchatkaga, shuningdek, foydali vitamin va minerallarga ega bo‘lmagan mahsulotlardir. Ularni hazm qilish juda oson bo‘lganligi sababli ular qon shakarini va insulin darajasini oshirishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan bu ikkinchi toifa diabetga olib kelishi mumkin.
2007-yilda Internal Medicine arxivida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, yuqori darajada qayta ishlangan uglevodlarga boy ratsion ikkinchi toifa diabet xavfini oshiradi. Fastfudni ko‘p iste’mol qilgan xitoylik ayollarda sog‘lom mahsulotlarni tanovul qilgan ayollarga nisbatan diabet kasalligi 21 foizga oshgan.
Doktor Eliaz “Birinchi aybdor ozuqaviy moddalarga boy, yuqori shakarli kaloriyalardir, — deydi. — Bu mahsulotlarni iloji boricha ratisondan chiqarib tashlash kerak”. Oq nonga qo‘shimcha ravishda, boshqa mahsulotlar — bulochka, pirojni, kreker va makaronni istisno qilish kerak. Buning o‘rniga, butun donli mahsulotlarni tanlagan yaxshiroq.
To‘yingan va transyog‘li mahsulotlar
Transyog‘lar qadoqlangan pishirilgan mahsulotlar va supermarketlardagi tayyor shirinliklar va restoranlarda qovurilgan ovqatlarda, to‘yingan yog‘lar esa yog‘li go‘sht, sariyog‘, yog‘li sut va pishloqda mavjud. To‘yingan va transyog‘lar qonda xolesterin darajasini oshirishi mumkin va yuqori xolesterin ikkinchi toifa diabet uchun xavf omili hisoblanadi.
Jill Vayzenberger ushbu guruhdagi mahsulotlar o‘rniga quyidagilarni iste’mol qilishni tavsiya etadi: “Zaytun va kanola yog‘ida taom pishiring, shirinliklar o‘rniga yong‘oqlarni iste’mol qiling, yog‘siz go‘sht va terisiz parranda go‘shtini tanovul qilishga odatlaning”.
Mavzuga doir:
- Ro‘za tutish qandli diabet va teri kasalliklarining oldini oladi
- Tetiklik, sarviqomat va salomatlik uchun: qonda shakar miqdorini kamaytirishning 3 ta oddiy usuli
- “Hammasiga shakar sababchi” hamda qandli diabet haqidagi boshqa yanglish fikrlar
Manba