Sarimsoq qachon zaharga aylanadi: uni iste’mol qilishda yo‘l qo‘yiladigan xatolar
Shifokorlar immunitetni mustahkamlash uchun sovuq mavsumda sarimsoq iste’mol qilishni maslahat beradi. Ushbu mahsulot ko‘plab taomlarning ajralmas qismi bo‘lib, u o‘ziga xos ta’m va achchiqlik beradi. Biroq ba’zida sarimsoq odamlar salomatligi uchun xavfli bo‘lishi mumkin. “Noviy ochag” nashri sarimsoq qanday hollarda foyda emas, aksincha zararga ishlashi mumkinligi haqda so‘z yuritdi.
Foto: “Noviy ochag”Sarimsoqning foydalari
Sarimsoq E, C, K, B6 vitaminlariga boy, tarkibida xolin, kalsiy, magniy, fosfor, temir, marganets va mis mavjud. Shuning uchun ham u juda ko‘p foydali xususiyatlarga ega.
Ma’lumki, sarimsoq immunitetni mustahkamlaydi. Ilmiy tadqiqotlar ham buni tasdiqlaydi — har kuni sarimsoq iste’mol qilish epidemiologik mavsumlarda kasallanish xavfini kamaytirishi, kasallikning davomiyligini qisqartirishi va simptomlarning og‘irligini yemgillashtirishi mumkin. Sarimsoq yuqori nafas yo‘llarining kasalliklarida foydalidir, uning faol moddalari balg‘amni suyultiradi va uni tezda chiqarib tashlashga yordam beradi.
Shuningdek, sarimsoq ovqat hazm qilishni yaxshilaydi va metabolizmni tezlashtiradi. Boshqa narsalar qatorida, sarimsoq tarkibidagi moddalar guruhi safroni suyultiradi va ko‘p yog‘ miqdori tufayli hosil bo‘lgan o‘t pufagidagi toshlar paydo bo‘lishining oldini oladi.
Mahsulot qon tomirlariga foydali ta’sir ko‘rsatadi, xolesterin darajasini pasaytiradi, qon tomirlarining devorlarini elastik qiladi, aterosklerozning, shuningdek, qon quyqalari shakllanishining oldini oladi. Olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, olimlar har kuni sarimsoq iste’mol qilgan odamlarda yaxshi xolesterin darajasi taxminan 8 foizga oshganini, yomon xolesterin darajasi esa 4 foizga kamayganligini ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, sarimsoqdan erkak va ayollarda urogenital sohadagi muammolar uchun foydalanish tavsiya etiladi. Dezinfeksiyalash xususiyatlari tufayli u yallig‘lanish jarayonlarini yo‘q qiladi.
Ammo faqat xom sarimsoqlar dorivor xususiyatlarga ega. Pishirilgan sarimsoq o‘z samaradorligini sezilarli darajada kamaytiradi.
Sarimsoqning zararlari
Turli xil foydali xususiyatlariga qaramay, xom sarimsoq ham odamlar uchun zaharli bo‘lishi mumkin. Agar u ko‘p miqdorda iste’mol qilinsa, jigarga zarar yetkazadi. Uni me’yorda qabul qilish esa, aksincha, jigar saratoni rivojlanish xavfini kamaytiradi.
Sarimsoq vodorod sulfidini o‘z ichiga oladi, miya uning ko‘p miqdoridan aziyat chekadi, asab impulslarining uzatilishi, uyqu, ko‘rish va eshitish qobiliyati pasayadi. Shu bilan birga, o‘rtacha miqdorda vodorod sulfidi qon tomirlarining devorlarini qoplaydigan silliq mushaklarni bo‘shashtiradi, spazmni yengillashtiradi, yurak xuruji va insult ko‘rinishidagi oqibatlarning oldini oladi.
Sarimsoq, dori kabi, o‘z dozasiga ega: kuniga ikki bo‘lakdan ko‘p emas. Odatda yosh bolalar uchun ushbu mahsulot tavsiya etilmaydi.
Quyidagi holatlarda sarimsoqni ratsiondan chiqarib tashlash kerak:
Oshqozon yarasi, surunkali pankreatit, gastritda sarimsoq sharbati oshqozon-ichak trakti organlarining devorlariga agressiv ta’sir ko‘rsatadi. Oshqozon-ichak trakti bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan odamlarda bu kasalliklarning kuchayishiga va hatto oshqozon yoki ichakning yupqalashgan devorlarining teshilishiga olib keladi. Afsuski, bu juda xavfli holat.
Sog‘lom odamning och qoringa sarimsoq iste’mol qilishi mumkin emas.
Oltingugurtli birikmalar tufayli mahsulot qonni kuchli suyultiradi. Xuddi shu sababga ko‘ra, sarimsoqni ayollarga hayzdan, operatsiyadan oldin va keyin, tish shifokoriga borishni rejalashtirgan bemorlar, qon ketishga moyil bo‘lganlar uchun tavsiya etilmaydi.
Oshqozon osti bezining yallig‘lanish kasalliklarida ham sarimsoqni ratsiondan chiqarish lozim, chunki sarimsoq surunkali yallig‘lanish yoki og‘riq xurujlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Sarimsoq ba’zida odamlarda toshma, qichishish, teri qizarishini keltirib chiqarishi mumkin. Ayniqsa, allergiyasi bor bemorlarda sarimsoq astma xuruji, shish va anafilaktik shokka olib kelishi mumkin. Albatta, bu holatlar inson hayotiga tahdid soladi va shoshilinch tibbiy yordam talab qiladi.
Manba