Immunitet zaiflashishiga olib keladigan ovqatlanish bilan bog‘liq odatlar
Kuz har doim shamollash fasli bo‘lgan. Ayniqsa dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olgan vaqtda immunitetni mustahkamlash haqida jiddiy o‘ylash boshlandi. Biroq organizmga mutlaqo teskari ta’sir ko‘rsatadigan va immunitetni zaiflashtiradigan bir qator ovqatlanish odatlari mavjud. The Symbol nashri ulardan eng keng tarqalgan beshtasi haqda so‘z yuritdi.
Foto: The SymbolKo‘p tuz iste’mol qilish
Organizmdagi ortiqcha natriy nafaqat shish, mushaklar kuchsizligi va tomir tortishishini keltirib chiqaradi, balki immunitetning zaiflashishiga ham olib kelishi mumkin. Tadqiqotga ko‘ra, organizm virusli infeksiyalarga qarshi kurashishi kerak bo‘lgan resurslarning bir qismini ortiqcha tuzni chiqarib tashlashga sarflaydi, buning natijasida immunoglobulinning yetarli miqdori ishlab chiqarilmaydi va kasal bo‘lish xavfi ortadi. Fastfud, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari, pishloqlarga chek qo‘yishga harakat qilish va taom pishirishda tuzdan ehtiyotkorlik bilan foydalanish tavsiya etiladi.
Ko‘p shakar iste’mol qilish
Shakarni juda ko‘p iste’mol qilishdan ijobiy ta’sir oladigan salomatlik jihatini topish mumkin emas. Shakar bo‘sh uglevod bo‘lib, ozuqaviy qiymatga ega emas, ammo surunkali kasalliklar xavfini oshiradi, qarish va vazn ortishini rag‘batlantiradi, immunitetni zaiflashtiradi. Glyukozaning ortishi immunoglobulinning faolligini o‘rtacha 30 foizga kamaytiradi, bu esa virusli infeksiyalar ehtimolini sezilarli darajada oshiradi. Shakardan butunlay voz kechish shart emas, lekin uning miqdorini qat’iy nazorat qilish kerak. Shirinliklarni muqobillarga almashtirishga harakat qilish mumkin, gazli ichimliklar o‘rniga ko‘proq suv ichish tavsiya etiladi.
Kletchatkaga boy mahsulot iste’mol qilmaslik
Kletchatka sog‘lom hazm qilishni qo‘llab-quvvatlaydi va foydali ichak bakteriyalarini ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi, bu nafaqat immunitet tizimini kuchaytiradi, balki terining holati va kayfiyatiga ham foydali ta’sir ko‘rsatadi. Kletchatka va probiotiklarni ko‘p iste’mol qilish immunitetni saqlashga yordam beradi, organizmni viruslardan himoya qiladi. Ratsionga ko‘proq sabzavot va dukkaklilarni kiritish tavsiya etiladi, ular kletchatkaning haqiqiy ombori.
Juda ko‘p qahva ichish
Kofein sehrli moddadir. U tetiklantiradi, asab tizimini rag‘batlantiradi, ko‘plab surunkali kasalliklarning oldini olishga yordam beradi va erta qarish belgilari bilan kurashadi. Biroq hamma narsa me’yorida yaxshi. Ko‘pincha o‘ta band ish kunida tetik bo‘lish uchun ko‘p qahva ichiladi va bu immunitetning zaiflashishiga, turli virusli kasalliklarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, kofeinga nisbatan tobelik rivojlanishi mumkin, shuning uchun mutaxassislar kuniga 1-2 stakan qahva bilan cheklanishni maslahat beradi. Agar yetarlicha quvvat bo‘lmasa, uyqu rejimini o‘zgartirishga harakat qilish usullaridan foydalanish kerak.
Sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilmaslik
Sabzavotlar nafaqat yuqorida aytib o‘tilgan kletchatkaning ajoyib manbai, balki vitamin va minerallarning haqiqiy ombori hamdir. A va C vitaminlari, foliy kislotasiga boy yashil sabzavotlar immunitet tizimini ko‘tarish uchun ajoyib mahsulot bo‘lib, u shamollash mavsumdan sog‘lom o‘tishga imkon beradi. Shuning uchun tez-tez salat, sabzavotli sho‘rva va smuzilarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Manba