Koronavirusni shamollash va grippdan qanday farqlash mumkin?
Pandemiya davom etayotgan bir paytda kuz faslida salqin havo tufayli boshlanadigan an’anaviy gripp mavsumi koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqinini kuchaytiradi, degan taxminlar mavjud. Odatda har yili bunday vaziyatda oddiy dori vositalari va ro‘molcha bilan kifoyalanish mumkin edi. Hozir esa aksincha, shamollash va grippdan iloji boricha saqlanish, kasallikning oldini olish uchun niqobdan muntazam ravishda foydalanishga to‘g‘ri kelmoqda. Yo‘talish, isitma va charchoq oddiy gripp va koronavirusda ham kuzatiladi. Allergiya esa aksirish va ko‘z qichishishi bilan farqlanadi.
Foto: “Domashniy ochag”Ammo eng asosiy sabablardan biri nafas qisilishi hisoblanadi. Bemor koronavirus bilan kasallanganda isitmaning 5-10 kunida yengil o‘pka yallig‘lanishi va nafas qisilishiga olib keladi. Shamollash va gripp ko‘pincha pnevmoniya shaklidagi asoratlarni o‘zida namoyon etadi.
Aksirish koronavirusning alomati bo‘lishi mumkinmi?
Burun bitishi, bosh qismidagi og‘riq, ko‘z qichishishi allergiya yoki shamollashning alomati bo‘lishi mumkin, ammo bu belgilar koronavirusga xos emas. Eng ko‘p uchraydigan belgilar isitma, charchoq va quruq yo‘tal kabilardir, burun bitishi esa har 20 kishining bittasida uchraydi.
COVID-19ning asosiy belgilari kasallik yuqtirib olingandan 2-14 kun o‘tgach paydo bo‘ladi va quyidagicha namoyon bo‘ladi:
- Nafas qisilishi yoki nafas olishda qiyinchilik;
- Yo‘tal;
- Charchoq;
- Mushak yoki tana og‘rig‘i;
- Bosh og‘rig‘i;
- Tomoq og‘rig‘i;
- Hid va ta’m bilmaslik;
- Burun bitishi va oqishi;
- Ko‘ngil aynishi;
- Diareya.
Infeksiyani allergiyadan qanday farqlash mumkin?
Buning uchun alomatlarni kuzatish kerak, albatta. Koronavirus, gripp va shamollashning dastlabki belgilari paydo bo‘lmaguncha odamlar o‘zini yaxshi his etadi.
Allergiya esa surunkali holat bo‘lib, u bir necha hafta, oy yoki yillar davomida turli xil alomatlarda o‘zini namoyon qilishi mumkin. U tanada isitma yoki og‘riq keltirib chiqarmaydi, yo‘tal deyarli kuzatilmaydi. Astma bilan kasallangan odamlarda ovoz xirillashi bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, allergiya alomatlari atrof-muhit omillari bilan o‘zgarib turadi, masalan, chang yoki hayvon terisi, o‘simlik hidi ta’sirida kuchayadi. Shamollash alomatlari kunning vaqtidan, ob-havodan yoki atrofdagi omillardan qat’iy nazar saqlanib qoladi.
Shamollashda ham shunga o‘xshash belgilar mavjud. Isitma, bosh og‘rig‘i va tanadagi og‘riqlar. Allergiya odatda nafas yo‘llariga ta’sir qiladi, lekin allergiyaga qarshi dorilarni qabul qilgandan keyin holat yaxshilanadi. Shamollash davrida esa ko‘p suyuqlik ichish va dam olishga maqsadga muvofiq.
Koronavirus va grippni qanday ajratish mumkin?
Afsuski, gripp va koronavirus alomatlari bir-birga juda o‘xshash, hatto ba’zida mutaxassislar ham uni ajrata olmasligi mumkin. Shuning uchun xavfning oldini olish, ortiqcha tashvishlardan himoyalanish maqsadida grippga qarshi emlanish tavsiya etiladi.
Manba