Papilloma va so‘gallardan qanday qutulish mumkin?
Inson tanasida paydo bo‘luvchi so‘gal va papillomalar xavfsiz bo‘lib, ular faqatgina ko‘zga tashlanishi va harakat yoki kiyim almashtirish jarayonida noqulayliklar tug‘dirishi mumkin. Ularning paydo bo‘lishiga sabab odam papilloma virusidir, ushbu virus har bir organizmda bo‘lib, qachonki immunitetning pasayishi kuzatilganda, u o‘zini namoyon qiladi. Shuning uchun muammo nafaqat tashqi tomondan, balki ichki tarafdan ham bartaraf etilishi kerak. Oldindan paydo bo‘lgan so‘gal va papilloma dori vositalarini qabul qilish yoki immunitetni mustahkamlash bilan yo‘qolib ketmaydi. Buning uchun ularni shifokor nazorati ostida oldirish kerak.
Foto: “vivaeste.com”So‘gal – tananing ochiq joylarida paydo bo‘ladi, uni olib tashlash qiyin. Hajmi – 2-10 millimetr. Kamdan-kam hollarda so‘gallar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishi mumkin.
Papilloma – tananing terlash qismida, teri burmalarida paydo bo‘ladi. Kattaligi – 0,2-1,0 millimetrgacha o‘sadi. Papillomalar faqat olib tashlash yo‘li bilan yo‘qotiladi.
Kriodestruksiya
Kriodestruksiya jarayonida to‘qimalarga 100-180 darajagacha juda past harorat bilan ta’sir qilinadi. Jarroh tomonidan suyuq azot muammoli joyga yuboriladi va biroz kutiladi. Suyuqlik keraksiz to‘qimalarni o‘ldiradi va so‘gal ildizni olib tashlaydi. Jarayonning xavfli tomoni shundaki, preparat ta’sirining chuqurligini nazorat qilishning iloji yo‘q va bu holatda sog‘lom to‘qimalarga ham zarar yetishi juda oson. Jarayondan so‘ng terining muammoli qismida pufakcha paydo bo‘ladi va ikki kundan keyin yo‘qoladi. Kriodestruksiya papillomalarni olib tashlash uchun mos kelmaydi, u kaft va oyoq tagidagi so‘gallarni olish uchun qo‘llaniladi.
Elektrokoagulyatsiya
Ushbu jarayon avvalgi usuldan farqli bo‘lib, bunda yuqori harorat orqali teriga ta’sir qilinadi. Jarroh maxsus uchli moslama bilan ishlaydi, bu esa har bir papillomani olib tashlashga yordam beradi. Yuqori haroratda yuborilgan oqim to‘qimalarni o‘ldiradi va o‘sishni to‘xtatadi. Ta’sir qilingan teri qismida qobiq qolishi mumkin, u hafta o‘tib asta-sekin yo‘qoladi. Jarayondan so‘ng shifokor buyurgan vazifalarga amal qilish zarur, qobiqni tozalash va suvlash mumkin emas. Yaxshi tomoni shundaki, ushbu jarayonni amalga oshirish ko‘p mablag‘ talab etmaydi. Yuzdagi so‘gal va papillomalar uchun qo‘llash mumkin emas, sababi yuzda chandiq qolishi mumkin.
Lazer yordamida olib tashlash
Lazer so‘gal va papillomalarni olib tashlashning eng zamonaviy va tezkor usuli hisoblanadi. Lazer nurlari juda aniq ishlagan holda to‘qimalarni qizdiradi va yo‘q qiladi. Jarayon mobaynida jarroh chuqurlikni nazorat qila oladi va tanaga boshqa jihatdan hech qanday zarar yetmaydi. Shuningdek, jarayon nisbatan og‘riqli bo‘lganligi uchun og‘riqsizlantiruvchi vosita qo‘llaniladi. Afsuski, ushbu jarayonni amalga oshirish biroz ko‘proq mablag‘ talab etadi. Bundan tashqari ish jarayonida teri kuyganligi tufayli yoqimsiz hid paydo bo‘ladi. Lekin lazer yordamida yuz, shilliq pardalar, ko‘z atrofi va qovoqdagi har qanday so‘gal va papillomadan xalos bo‘lish mumkin. Foydali jihati shundaki, lazer teri yuzasida hech qanday chandiq qoldirmaydi, shunday bo‘lsada, jarayon amalga oshirilgan qism ikki haftagacha namlanmasligi, tozalanmasligi hamda quyosh nurida toblanmasligi zarur.
Manba