C vitaminining koni bo‘lgan tuzlangan karamni iste’mol qilganda organizmda qanday o‘zgarish yuz beradi?
Salat, sho‘rva va boshqa taomlar tayyorlash mumkin bo‘lgan karam foydali moddalarning koni hisoblanadi. Kunlar sovishni boshlashi bilan ushbu vitaminlarga boy sabzavot tuzlangan holda ratsiondan o‘rin oladi. Karam tuzlanganda qanday jihatlari bilan foydali hisoblanadi?Quyida ushbu savolga javob beramiz.
Foto: Medical DailyVitamin va ozuqaviy moddalarning manbayi
Tuzlangan karam B, K, U, A vitaminlarining koni ekani sabab ham u bir qancha kasalliklarning oldini olish xususiyatiga ega.
Shifokorlar tomonidan koronavirus profilaktikasi va uni davolash uchun qabul qilish tavsiya qilinayotgan C vitamini karamda limondan ko‘ra ko‘proq bo‘ladi. Tuzlanganda esa ushbu vitamin kamaymaydi, aksincha foydalilik xususiyatlari yanada oshadi. Bundan tashqari, salomatlik uchun ahamiyatli bo‘lgan kaliy va kletchatkani ham o‘z ichiga oladi. Kaliy yurak salomatligi kasalliklarini oldini oladi, kletchatka esa xolesterinni kamaytiradi.
Ma’lumot uchun, avvallari probiotiklarga boy tuzlangan karam ichaklar mikroflorasi tiklanishi uchun bemorlarga shifokorlar tomonidan tavsiya qilingan.
Yara kasalliklariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Ko‘pchilik tuzlangan karamni gastrit va oshqozon yarasidan aziyat chekkanlar uchun ayni muddao deb hisoblaydi. Aslida ham shundaymi?Bir tomondan qaraganda, karamda oshqozon shilliq devorlarini bitirish xususiyatiga ega U vitamini mavjud. Ikkinchi tomondan esa karam oshqozonni zo‘riqtirishi, kletchatka gaz hosil bo‘lishi hamda oshqozon suyuqligining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababdan ham oshqozonida yara bor bemorlarga ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Ozishga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Karam vazn tashlashni istaganlarning eng sevimli mahsuloti, nordon holda esa uning kaloriyasi yanada kam bo‘ladi. Parhezshunoslar karamni tozalash xususiyatiga ega mahsulot sifatida tavsiya qiladi.
Go‘zallikka ta’siri
Ushbu nordon mahsulotda ayollar organizmi uchun foydali bo‘lgan elementlar: yod, sochlarni yaltiratish, tirnoqlarni mustahkamlash xususiyatiga ega nikotin kislotasi mavjud. Ajablanarlisi, undan yuz uchun kosmetik niqob tayyorlashda ham foydalaniladi. Bunday niqob terini namlantiradi, tozalaydi va tonusni oshiradi.
Kimlarga tuzlangan karam yeyish man qilinadi?
- Qalqonsimon bez va oshqozon osti bezi bezovta qiladigan kishilarga;
- Gipertoniya, buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekadiganlarga;
- O‘t pufagida tosh bor bemorlarga;
- Oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kasalligi bor kishilarga tuzlangan karam yeyish mumkin emas.
Manba