Jigarning yog‘ bosishi: o‘tkazib yubormaslik kerak bo‘lgan 8 ta alomat
Jigarning yog‘ bosishi — hujayralarda ortiqcha miqdordagi yog‘ to‘planib, butun organ hajmining 10 foizgacha bo‘lgan joyini egallaydi va surunkali jigar kasalliklari rivojlanishiga olib keladi. Jigarda ortiqcha yog‘ to‘planishining eng keng tarqalgan sababi spirtli ichimliklarni iste’mol qilishdir. Ammo so‘nggi o‘n yillikda umuman spirtli ichimlik iste’mol qilmagan insonlar ham jigarda yog‘ to‘planish holatlariga duch kelmoqda. Jigar sirrozi yoki saratonini qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan ushbu kasallik alomatsiz bo‘lib, qorin bo‘shlig‘i a’zolari muntazam ravishda tekshirilib, tahlil natijalaridan keyingina aniqlanishi mumkin. Jigarda yog‘ to‘planishi xavfini jiddiy ravishda oshiradigan ayrim omillar va alomatlar bilan quyida tanishish mumkin.
Foto: “Domashniy ochag”Ishtahaning ortishi
Rivojlanayotgan kasallikni aniqlash mumkin bo‘lgan dastlabki alomat — bu doimiy ochlik hisi. Shuningdek, shirinlik va yog‘li taomlarga bo‘lgan ehtiyojning ortishi. Agar ushbu alomatlarga vaqtida e’tibor qaratilmasa yoki ularni iste’mol qilish darajasi ortsa, jigarda yog‘ to‘planishi holati kuzatiladi va kasallik rivojlanadi.
Qorin sohasida yog‘ yig‘ilishi
Ichki a’zolar atrofida hosil bo‘ladigan yog‘ nafaqat bir qancha qiyinchiliklar tug‘diradi, balki xavfli ham hisoblanadi. Qorin va belning kattaligi 85 santimetrdan oshgan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklari, diabetning ikkinchi turi va jigarni yog‘ bosishi xavfi yuqori bo‘ladi. Agar ushbu holat kuzatilgan bo‘lsa, yiliga kamida bir marta ichki a’zolarni tekshirtirib ko‘rish kerak. Shuningdek, ortiqcha vaznni yo‘qotish usullari haqida ham mutaxassis bilan maslahatlashish kerak.
Yuqori xolesterin miqdori
Qonda triglitserid yoki xolesterin miqdorining ortishi jigarda yog‘ to‘planishining belgilari bo‘lishi mumkin. Xolesterin ishlab chiqaradigan va uni qonga tarqatadigan jigar hisoblanadi. Shuning uchun ratsiondan to‘yingan yog‘larni o‘z ichiga oluvchi juda ko‘p miqdorda oziq-ovqat o‘rin olgan bo‘lsa, jigar yana ham ko‘proq xolesterin ishlab chiqaradi. Ushbu ko‘rsatkich miqdori ortib borsa, nafaqat yurak va qon tomirlar, balki jigarga ham alohida e’tibor talab etiladi.
Qandli diabetning ikkinchi toifasi
Agar bemorda qandli diabet kasalligi aniqlansa, doimiy jigar tekshiruvlari va tibbiy kuzatuvlar olib borilishi kerak. 2016-yilda Kaliforniya universiteti olimlari olib borgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, qandli diabetning ikkinchi toifasi bilan kasallangan bemorlarning 65 foizida jigarning yog‘ bosishi holatlari mavjud.
Yuqori qon bosimi
Jigarning yog‘ bosishi bilan kasallangan bemorlarda gipertoniya ushbu kasallikka chalinmaganlarga qaraganda uch marta ko‘proq uchraydi. Agar yuqori qon bosimi kuzatilsa, jigarni tekshirtirish muhim. Shuningdek, jigarning yog‘ bosishi tashxisi qo‘yilsa, qon bosimi va yurak salomatligini diqqat bilan kuzatish kerak.
Irsiyat
Oila a’zolarining birortasida jigarda yog‘ to‘planishi kuzatilgan bo‘lsa, bunda boshqa vakillarda ham ushbu kasallik xavfi 13 baravar yuqori. Jigarning yog‘ bosishi, afsuski, irsiy kasallik ham hisoblanadi.
Doimiy charchoq hisi
Jigarning yog‘ bosishini qon tekshiruvi yoki biopsiyasiz aniqlashga yordam beradigan jismoniy alomatlar yo‘q. Ammo doimiy charchoq va zaiflik hisi eng yaqqol belgi bo‘lib, bundan so‘ng, albatta, shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Qorin bo‘shlig‘ining o‘ng tomonida og‘riq
Ushbu alomat o‘zini juda kech namoyon qilib, odatda kasallikning allaqachon rivojlanib borayotgan asoratlari haqida belgi beradi. Qorinning o‘ng tomonidagi og‘riqlar vaqti-vaqti bilan va tartibsiz ravishda paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.
Mavuga doir:
- Qorinda og‘riq: Tez yordamga murojaat qilish zarurligini bildiruvchi 11 alomat
- Ter hidi, tomir chiqishi va jigardagi muammolar yuzaga kelganini bildiruvchi boshqa alomatlar
- “Muloyim qotil”, “kir qo‘llar kasalligi”. Gepatit qanday yuqadi va uning turlari haqida nimalarni bilish kerak?
Manba