Salomatlik Salomatlik Oyoq barmoqlarida egrilik yuzaga kelmasligi uchun nimalarga ahamiyat berish kerak?

Oyoq barmoqlarida egrilik yuzaga kelmasligi uchun nimalarga ahamiyat berish kerak?

O'qildi: 297


Oyoq barmoqlarida egrilik yuzaga kelmasligi uchun nimalarga ahamiyat berish kerak?

Barmoqlardagi egrilik tug‘ma yoki yosh o‘tib borishi bilan yuzaga kelishi mumkin. Ushbu holat doim ham davolashni talab etmaydi. Qachonki, og‘riq paydo bo‘lib, egrilik kuchaysa shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra davolash ishlari olib boriladi.

Foto: “Laura Azana”

Oyoq barmoqlaridagi egrilik turlari

Chaqaloqlarda egri barmoqlar

Ota-onalar buni dastlab sezmasligi mumkin, sababi barmoqlar bir-birining ostiga o‘ralganga o‘xshaydi. Ko‘pincha bu ikkala oyoqda ham kuzatiladi. Odatda uch yoki to‘rtinchi barmoqlarda bo‘ladi va bu tug‘ma holat hiosblanadi. Ba’zida ularni tuzatish talab etiladi, ba’zida esa tabiiy ravishda to‘g‘irlanadi.

Bolg‘acha shakldagi egrilik

Ushbu deformatsiya o‘rta barmoq bo‘g‘imidagi g‘ayritabiiy egrilik bilan tavsiflanadi. Bunga oyoq barmoqlarini to‘g‘ri ushlab turish uchun birgalikda ishlaydigan mushak va paylar o‘rtasidagi muvozanat sabab bo‘ladi. Egrilik odatda bir yoki ikkala oyoqning ikkinchi yoki uchinchi barmoqlariga ta’sir qiladi. Ushbu turdagi egrilik ayollarda erkaklarnikiga qaraganda tez-tez uchraydi va yoshga qarab ortib boradi. Ba’zi hollarda esa barmoqning yuqori bo‘g‘imida, tirnoq yaqinida egrilik paydo bo‘ladi.

Tirnoq egriligi

Nomidan ma’lumki, bu turdagi deformatsiyada barmoqlar oyoq ostiga egilib, hatto oyoqni yara qilishi ham mumkin. Natijada og‘riq, tirnoq atrofida shish, yallig‘lanishlar yuzaga keladi.

Kesishgan egrilik

Ushbu deformatsiyada bir barmoq ikkinchisi bilan kesishgan holatda bo‘ladi. Bu holat bolalar va kattalar, ayol-u erkakda birdek namoyon bo‘ladi.

Nima uchun oyoq barmoqlarida egrilik yuz beradi?

Buning bir nechta sabablari bo‘lishi mumkin. Masalan, kasallikning ayrim turlari ota-onadan farzandga o‘tadi. Shuningdek, noto‘g‘ri poyabzal kiyish ham barmoqlarning qiyshayib qolishiga olib keladi. Juda tor va kichik oyoq kiyimlar mushaklarni taranglashtiradi va oyoq barmoqlarini qisilishiga olib keladi. Natijada barmoq deformatsiyasi bilimsiz tarzda yuzaga keladi. Bundan tashqari, baland poshnali tuflilar ham sabablardan yana biri hisoblanadi. Uzoq vaqt tana vaznining noto‘g‘ri taqsimlanishi natijasida barmoqlarga nisbatan bosim kuchayadi va ularning egilishi kuzatiladi.

Ayniqsa, baland poshnalar barmoqlargagina emas, tizzalarda ham osteoartrozni keltirib chiqaradi. Baland poshnada yugurish esa xavfni yanada oshiradi, poshnaning juda baland bo‘lishi ham kasallik rivojini orttirishi mumkin.

To‘g‘ri davolanmagan singan oyoq barmog‘i ham egrilikka olib keladi. Shuningdek, qattiq shikastlanish ham barmoqlar deformatsiyasining sababchisi sanaladi. Bundan tashqari vazn ortishi oqibatida barmoqlarda o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Sababi oddiy, ortiqcha kilogrammlar oyoqqa kuchli bosim yuklaydi va barmoq suyaklarini qiyshaytirib yuboradi.

Agar oyoq barmoqlari deformatsiyasi qarovsiz qoldirilsa, quyidagi asoratlar paydo bo‘lishi mumkin:

  • poyabzal kiyilganda og‘riq va tirnalish;
  • yallig‘lanish;
  • barmoqlarning qisqarishi;
  • doimiy egilish;
  • barmoqlarni harakatga kelmasligi.
Kasallikni qanday davolash mumkin?

Bu har kimning barmoq egriligi va qattiqligiga bog‘liq. Agar barmoqlar egiluvchan bo‘lsa va osongina o‘z holiga qaytsa, buning uchun turmush tarzini o‘zgartirish kifoya. Bordi-yu buning aksi bo‘lsa, u holda og‘ir usullar talab qilinadi.

Buning uchun qulay va mos poyabzal kiyishni boshlash kerak. Baland poshnalarni past yoki tekislari bilan almashtirish zarur. Oyoq kiyimda har bir barmoq uchun yetarli joy borligiga ishonch hosil qilish kerak. Shuningdek, ortopedik poyabzallardan foydalanish oyoqning fiziologik holatini saqlashga yordam beradi.

Oyoq barmoqlari yordamida mashq qilish ham foydali bo‘lib, muskullar cho‘zilishi va yana joyiga qaytishiga yordam beradi. Barmoqlar bilan yerdagi kichkina buyumlarni olishga harakat qilish kerak. Bu ham oyoqda qon aylanishini yaxshilaydi va barmoqlar harakatini osonlashtiradi. Egri barmoqlar qattiqlashib, og‘riqlar paydo bo‘lganida jarrohga murojaat qilish zarur. Sababi og‘riqlar asta-sekin yurishni ham qiyinlashtirishi mumkin.




Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.