Salomatlik borasida muntazam ravishda o‘tkazish kerak bo‘lgan 9 ta test
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 35 yoshga to‘lgan har bir kishiga yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tishni va eng muhim tibbiy testlarni topshirishni tavsiya qiladi. Bu birinchi navbatda jiddiy kasalliklarni erta aniqlashga imkon beradi va davolanish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi. Muntazam nazorat va ultratovush yordamida amalga oshiriladigan tekshiruvlar yurak va qon tomirlari kasalliklari, qandli diabet, saratonning ayrim shakllarini dastlabki bosqichda aniqlashi mumkin.
Foto: PinterestQon bosimi
Har bir inson uchun me’yoriy bosim qanday bo‘lishini bilish va uni doimiy ravishda kuzatib borish juda muhim. 40 yoshdan keyin qon bosimini muntazam ravishda o‘lchash odatiy holga aylanishi kerak. Agar qon bosimining yuqorisi 140, pastkisi esa 90 ga teng bo‘lsa, shoshilinch choralash ko‘rish zarur. Shuningdek, ayrim mutaxassislar qon bosimi 130/80 dan oshsa, shifokorga murojaat qilishni maslahat beradi.
Qondagi qand miqdori
Qondagi qand miqdorini muntazam o‘lchab borish qand kasali yoki diabetning ikkinchi toifasini aniqlashga yordam beradi. Testni kamida yiliga ikki marta o‘tkazish kerak. Shuningdek, oila a’zolardan birortasida qandli diabetga uchragan bemorlar bo‘lsa, endokrinolog bilan ham maslahatlashish zarur.
Xolesterin
Qonda xolesterin miqdorining ko‘tarilishi insult, yurak xuruji, buyrak kasalligi va oyoqlarda qon aylanishi xavfini sezilarli darajada oshiradi. Muammo shundaki, xolesterin oshishining hech qanday alomati yo‘q, uni faqatgina qon tekshiruvi yo‘li bilan aniqlash mumkin. Shuning uchun yilda bir marotaba qon tahlilini topshirishga odatlanish kerak.
Mammografiya
40 yoshga to‘lgan ayollarga har yili nafaqat mammolog tekshiruvidan o‘tishi, balki sut bezini mammografiya qilish tavsiya etiladi. 55 yoshdan keyin esa ushbu jarayonni ikki yilda bir marotaba amalga oshirish tavsiya etiladi. Agar qarindoshlar orasida ko‘krak bezi saratoni bilan kasallangan bemorlar bo‘lsa, har yili sut bezlarini ultratovush tekshiruvidan o‘tish tavsiya etiladi.
Bachadon saratoni
Har uch yilda 21-35 yoshdagi ayollar bachadon bo‘yni saratoni xavfining oldini olish uchun maxsus tekshiruvlardan o‘tishi kerak. 30 yoshdan keyin har besh yilda odam papillomasi virusiga test topshirish kerak.
Kolonoskopiya
Kolonoskopiya – yo‘g‘on ichak va rektumdagi o‘zgarishlarni aniqlaydigan test. Uni 45 yoshdan keyin har o‘n yilda topshirib turish kerak. Ushbu jarayon tirnalish xususiyati, shishgan to‘qimalar, oshqozon yarasi va saratonning dastlabki shakllarini o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi.
O‘pka saratoni tekshiruvi
Dastlabki bosqichdayoq davolanishda muvaffaqiyatga erishish uchun har yili tomografiya tekshiruvidan o‘tish kerak. Ushbu tadqiqot kashandalar, shuningdek, 55 yoshdan kattalar uchun juda muhimdir. Afsuski, oddiy rentgenografiya to‘liq ma’lumot bermaydi, shuning uchun shifokorlar aynan tomografiyadan o‘tishni maslahat beradi.
Teri saratoni tekshiruvi
Teri saratoni kasalligini ko‘rsatish mumkin bo‘lgan shubhali dog‘lar yoki xollarni aniqlash uchun har yili terini, shu jumladan bosh terisini to‘liq tekshirtirish uchun shifokorga murojaat qilish kerak. Teri saratonining ilk belgilari namoyon bo‘lgandayoq davolash ishlari boshlansa, albatta, samaraga erishish mumkin.
Immunizatsiya
Bolalikda odatda ko‘pgina yuqumli kasallikdan himoyalanish maqsadida zarur bo‘lgan emlash ishlari olib boriladi, ammo bu katta bo‘lgandan so‘ng kerak bo‘lmaydi, degani emas. Iloji boricha har yili sovuq mavsumda tarqaladigan grippga qarshi emlanish kerak. Shuningdek, ochiq havoda sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish va vitaminlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilish kerak.
Manba