Qandsiz diabet qanday kasallik va uning qandli diabetdan farqi nimada?
Insonning umri qisqarishiga sabab bo‘ladigan kasalliklardan biri qandli diabet haqida ko‘pchilik yaxshi biladi, ammo sog‘liq uchun undan kam bo‘lmagan xavfli qandsiz diabet haqida hamma ham ma’lumotga ega emas.
Foto: FreepikQandsiz diabet nima?
Qandsiz diabetda ham organizm qandli diabetdagidek moddalar almashinuvida ishtirok etadigan muhim gormonga javob bermay qo‘yadi. Qandsiz diabetda organizmda peshob ajratishga javob beradigan vazopressin gormoni ishlab chiqarilmaydi yoki u bilan bog‘liq muammo kuzatiladi.
Vazopressin ishlab chiqarilmasa yoki unga sezuvchanligi bo‘lmasa, organizmda haddan ortiq darajada peshob ajraladi va suvsizlanish kuzatiladi. Odam doimiy ravishda chanqaydi, qancha ko‘p suv ichgan taqdirida ham suyuqlik to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqib ketadi, organizm esa suvsizlikdan aziyat chekadi. Zarur choralar ko‘rilmasa, og‘ir kasalliklar, talvasa, hatto hushdan ketish va o‘lim ham kuzatilishi mumkin.
Rivojlanishiga nima sabab bo‘ladi?
Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin. Birinchilardan bo‘lib, bunga miyaning vazopressin sinteziga javob beradigan qismining shikastlanishi sabab bo‘lishi bu esa turli jarohat, shish, infeksion kasallik hamda operatsiyalardan keyin kuzatilishi mumkin. Agar kasallikka aynan gipofizning ishdan chiqishi sabab bo‘lsa, bu markaziy turdagi qandsiz diabetdan darak beradi.
Ikkinchi sabab nefrogen – buyraklar vazopressinga javob bermay qolgani bilan bo‘lishi mumkin. Bu irsiy kasalliklar yoki buyrakda toshlar, kaliy yetishmasligi, qonda kalsiy miqdorining oshishi, shuningdek, ba’zi dorilarning nojo‘ya ta’siri sabab ham kuzatilishi mumkin. Qandsiz diabet ham qandligi singari homiladorlikda ham kuzatilishi mumkin. Bu yo‘ldoshdan onaning vazopressin gormoniga salbiy ta’sir qiladigan modda ajralishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Yana bir sabab miyaning chanqov hissiga javob beradigan qismlari shikastlanishi bilan bog‘liq. Aksariyat hollarda bu psixik kasalliklar, masalan, shizofreniya bilan aloqador bo‘ladi.
Qandsiz diabetni qanday aniqlash mumkin?
Aniq tashxis shifokor tomonidan qo‘yiladi. Quyidagilar kuzatilganda esa terapevtga borishni ortga surmaslik kerak.
Simptomlar:
- kuchli chanqash;
- peshobning me’yoridan ko‘p ajralishi(me’yorda odam organizmidan ikki litrga yaqin peshob ajralsa, qandsiz diabetda 3 litrdan 20 litrgacha ko‘payishi mumkin);
- tunda peshob ajratishning ko‘payishi;
- suvsizlanishning yaqqol belgilari: ko‘ngil aynishi, lanjlik, bosh aylanishi, teri qurishi, kuchli charchoq.
Manba