Shakar qarish jarayoniga qanday ta’sir qiladi?
Organizmda shakar miqdorining oshishi nafaqat vazn ortishi va teri bilan bog‘liq muammolar, balki boshqa jiddiy oqibatlarga ham olib keladi. Erta qarishga uning qo‘shadigan hissasi haqida-ku gapirmasa ham bo‘laveradi. Tabiiyki, bir bo‘lak tort bilan insonning yuziga ajin tushib qolmaydi, ammo muntazam ravishda iste’mol qilinsa, bu tashqi ko‘rinishda ham aks etadi.
Foto: GoodFonKo‘plab tadqiqotlarda shakar tashqi va ichki qarish jarayonini tezlashtirishi aniqlangan. Terining tarangligiga ikkita asosiy modda — kollagen va elastin javob beradi. Glyukoza bilan reaksiyaga kirishganda kollagen shikastlanadi. Natijada terining tarangligi yo‘qoladi, ajin, pigment va dog‘lar paydo bo‘ladi, regeneratsiya jarayoni sustlashadi. Tashqi o‘zgarishlardan tashqari shakar ichki a’zolar, xususan, yurak-qon tomir tizimi faoliyatida ham muammolar keltirib chiqaradi.
Albatta, qarish tabiiy jarayon hisoblanadi, ammo glyukozaning oshishi ushbu jarayonni jadallashtirib yuboradi. Aynan shu sabab ham parhezshunoslar shirinliklardan tiyilish va iste’mol qilishda nazorat bo‘lish kerakligini ta’kidlaydi. Birinchi navbatda qo‘shimcha shakardan voz kechish kerak. Bu vazn ortishiga olib keladigan quruq kaloriyadan boshqa narsa emas. Shakari tabiiy yo‘l bilan hosil bo‘ladigan sabzavot va mevalarda uning salbiy ta’siri zararini qoplashi mumkin bo‘lgan kletchatka va antioksidantlarga boy bo‘ladi.
Shakardan voz kechish organizmga qanday foyda beradi?
Birinchi navbatda, bir necha haftadan keyin terining rangi, salomatligi va yaltirashi yaxshilanadi. Ikkinchidan, kishining o‘zini his qilishi ham ijobiy tomonga o‘zgaradi. Charchoq kamayadi va kishi o‘zini energiyaga to‘la his qila boshlaydi. Uchinchidan esa kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfli va surunkali kasalliklarning oldi olinadi.
Manba