Oqartiruvchi tish pastalari chindan ham ish beradimi? Ular nimasi bilan xavfli bo‘lishi mumkin?
Do‘kon rastalarida har safar oqartiruvchi tish pastalari turganda, qordek oppoq tishlar bilan tabassum qilishni orzu qilgan har bir kishi uni sotib olmasdan ketolmaydi. Ammo ular haqiqatan ham o‘z vazifasini bajaradimi? Qolaversa, ular tish salomatligiga qay darajada zararli?“Lisa.ru” nashri quyida ana shu savollarga mutaxassis bilan birgalikda javob berdi.
Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, bu kabi pastalar nafaqat tishlarga g‘amxo‘rlik qiladi, balki ularning oqligini ham saqlaydi. Shuningdek, bularning barchasi tish shifokoriga tashrif buyurishdan ko‘ra arzonga tushadi. Qolaversa, ulardan muntazam foydalanish tabassumning mukammal bo‘lishiga ham yordam beradi. Ammo mutaxassislar bu haqda qanday fikrda?Ular oqartiruvchi pastalardan foydalanishni tavsiya qiladimi?
Pasta haqiqatan ham oqartiradimi?
Ma’lum qilish kerak bo‘lgan birinchi narsa, oqartiruvchi tish pastalari tishlarni oqartirmaydi. Ular faqat tish yuzasidagi pigmentni olib tashlaydi. Aniqrog‘i, bu pastalarni oqartiruvchi emas, balki ochartiruvchi deb atash mumkin.
Farqi nimada?Stomatologiyada “oqartirish” pigmentning chuqur qatlamlari bilan ishlashni anglatadi, rangni biroz yorqinlashtirish esa bo‘yoq vositalaridan foydalanish, mineral vositalarni ishlatish, og‘iz bo‘shlig‘ining yomon gigiyenasi va boshqalar natijasida tishlarda to‘plangan yuzaki pigmentni olib tashlashdir.
Tish yuzasidagi pigment qanday olib tashlanadi?Oqartiruvchi tish pastalarining yuqori abrazivligi tufayli. RDA indeksi — abrazivlik ko‘rsatkichi(dag‘al zarrachalar soni va natijada tish emalining yuvilishi) — bu pastalarda juda yuqori. Doimiy foydalanish bilan tishlarning emalining yupqalashish ehtimoli oshib boradi va milkka zarar yetkazish xavfi mavjud.
Ularni qanday qilib to‘g‘ri qo‘llash kerak?
Bu oqartiruvchi pastalar qarshi ko‘rsatmaga ega degani emas, faqat ularni qanday qilib to‘g‘ri qo‘llashni bilish kerak. Misol uchun, agar tishlar oqartiruvchi pasta bilan haftada bir marta kundalik parvarishlash pastasi bilan birga tozalansa, unda buning salbiy oqibatlari bo‘lmaydi. Aksincha, har kuni doimiy pasta bilan barcha qoldiqlarni olib tashlash mumkin.
Oqartiruvchi pastadan foydalanishdan oldin ko‘rsatmalarni o‘qib chiqish va ularga qat’iy rioya qilish kerak. Agar yangi pasta bilan tozalagandan so‘ng milkdan qon keta boshlaganini va tishlarda harorat o‘zgarishi bilan og‘riq kuzatilsa, undan foydalanishni to‘xtatish va tish shifokoriga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Oqartiruvchi pastalar tish sezgirligi yuqori bo‘lgan, kariyes, tish to‘qimalarining kamayishi bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etilmaydi. Shuningdek, tish gigiyenasiga rioya qilish va vaqti-vaqti bilan tish shifokori ko‘rigidan o‘tishni unutmaslik kerak.
Mavzuga doir:
- Bolalarning tishlarini sog‘lom saqlash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
- Tishlar salomatligiga kundan kunga ko‘proq putur yetkazadigan 6 ta zararli odat
- Stomatit nima va vaziyatni qanday yengillashtirish mumkin?
Manba