Salomatlik Goʼzallik Zamonaviy kosmetologiyada mavjud inyeksiya turlari: Go‘zallik ukollari haqida nimalarni bilish kerak?

Zamonaviy kosmetologiyada mavjud inyeksiya turlari: Go‘zallik ukollari haqida nimalarni bilish kerak?

O'qildi: 373


Zamonaviy kosmetologiyada mavjud inyeksiya turlari: Go‘zallik ukollari haqida nimalarni bilish kerak?

Harorat, ob-havo, quyoshning ultrabinafsha nurlari, zararli odatlar, to‘yib uxlamaslik va shu kabi boshqa omillar salomatlik, xususan, teri ahvoliga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi va bu kishi yuzida o‘z aksini topadi. Bunday vaziyatda yuzdagi muammolarni kosmetik vositalar bilan yashirib yurmaslik, mavjud yoki endi-endi paydo bo‘layotgan ajin, toshma va boshqalarni bartaraf qilishga harakat qilish kerak. Ko‘p hollarda yuzni massaj qilish, niqob yoki boshqalar samara bermasligi va kosmetik inyeksiyalarni amalga oshirishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ammo bundan avval qanday muolajadan qaysi vaqtda foydalanish va qanday natija berishi haqida ma’lumotga ega bo‘lish kerak.

Foto: Freepik

Botulotoksin

Yuzdagi ajinlarni ketkazish uchun mimika mushaklariga ta’sir qiladigan  botulinoterapiya kosmetologiyada eng ko‘p tarqalgan muolajalardan biri sanaladi. Inyeksiyada qaysi preparatdan foydalanish, kosmetolog tekshiruvidan keyin ma’lum bo‘ladi. Bemorning erkak va ayolligi, terisi hatto kasbiga qarab ham tanlov o‘zgarishi mumkin. Chunki ayrim kasb egalari masalan, san’atkorlarda ta’siri ko‘proq bilinadigan preparat kerak bo‘lishi mumkin. Botulotoksin teriga emas, mushaklarga ta’sir ko‘rsatish orqali natija beradi. Preparat nerv va mushaklar o‘rtasidagi aloqaga ta’sir o‘tkazadi. Mushaklar qon bilan ta’minlanadi, me’yorda vazifasini bajaradi, ammo qisqarmaydi. Mimika mushaklari teriga birikkan bo‘ladi. Yosh o‘tgani sayin kollagen va elastin miqdori kamaygani hisobiga ajinlar paydo bo‘ladi.

Agar ajinlar yuzga qaraganda shundoq ko‘zga ko‘rinadigan bo‘lsa, botulotoksin yordam berolmasligi mumkin. Bu muammoni ketkazish uchun ajinlarni gialuron kislotasidan foydalanish va boshqa apparatli  metodlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi.

Botulotoksin esa mushaklarni tinchlantiradi, terini taranglashtiradi hamda ajinlarni kamroq ko‘rsatadi. Ajinlar paydo bo‘lganidan keyin ularni yo‘q qilish haqida bosh qotirgandan ko‘ra, ularni oldini olish tavsiya qilinadi.

Biorevitalizatsiya va mezoterapiya

Ushbu har ikki muolaja ham teri gidrorezervasini to‘ldirish, parvarishlash, aminokislota, mikroelement va peptidlar bilan boyitish qolaversa, kollagen va elastin ishlab chiqaradigan hujayralar ya’ni fibroblastlarni faollashtirish maqsadida amalga oshiriladi. 25 yoshdan keyin fibroblastlarning tabiiy ishlab chiqarish xususiyati kamayadi va qo‘shimcha yordam kerak bo‘ladi.

Biorevitalizatsiyani amalga oshirish uchun gel ko‘rinishidagi gialuron kislotasidan foydalaniladi. Muolaja uch martadan ko‘p olib borilmaydi, terining turiga qarab eng ko‘pi bilan besh marta bo‘lishi mumkin.

Mezopreparatlar

Mezopreparatlar gialuron kislotasini ichiga olishi yoki olmasligi ham mumkin. Suyuq holda bo‘lgani uchun mezokokteyl deb ataladi. Uning tarkibida  gialuron kislotadan tashqari, vitamin, mineral va o‘simlik ekstraktlari bo‘lishi mumkin. Shu sabab ham mezopreparatlardan, husnbuzar va boshqa dermatologik, trixologik muammolarni bartaraf qilishda samarali foydalaniladi. Mutaxassislar, maksimal natijaga erishishni istaydiganlar uchun biorevitalizatsiyani, 25-30 yoshdagi terisi yaxshi ayol va qizlar uchun esa mezoterapiyani tavsiya qiladi. Har ikki muolajani o‘tkazishdan avval ko‘p suyuqlik ichish kerak, shunda samara yana-da tezroq seziladi.

Plazmoterapiya

Plazmoterapiya bemorning trombotsitlardan iborat qon plazmasini teri ostiga yuborish orqali amalga oshiriladigan inyeksion muolaja. Trombotsitlar organizmning shikastlangan hujayralarini tiklash va ularning regeneratsiyada muhim rol o‘ynagani sabab ham ushbu usul bilan davolash ko‘p hollarda samara beradi. Sochlarning o‘sishini finyekaollashtirish uchun trixologik muolajada ham qo‘llanilishi mumkin. Boshqa muolajalar bilan birga amalga oshirilganda, plazmoterapiya husnbuzar va boshqa muammolarda ijobiy natija berishi, yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Erta qarishni oladigan muolajalarda plazma, hujayralar regeneratsiyasi va kollagen-elastin tolalarning yangilanishi, shuningdek, teri rangi va ko‘rinishini yaxshilaydi.

Fillerlar

Yoshga xos o‘zgarishlarni korreksiyasi uchun qo‘llanadigan fillerlar asosida  gialuron kislotasi bo‘ladi va undan kontur plastikasi uchun foydalanilganda terida kamida bir oy turadi. Ammo aksari hollarda qanchalik uzoq turishi turmush tarzi hamda kishida mavjud kasalliklarga ham bog‘liq bo‘ladi. Masalan, gipoteriozda gialuronidaz fermenti miqdori yuqori bo‘ladi va bu gialuron kislotasiga salbiy ta’sir qiladi.

Fillerlarni shartli ravishda uchga bo‘lish mumkin:

Yumshoqroq fillerlar

Peshona, ko‘z burchagidagi va burun atrofidagi kichik ajinlar va labni nomiga namlantirish uchun ishlatiladi.

O‘rtacha fillerlar

Bo‘yindagi ajinlar, burun atrofidagi va lab kontur plastikasi, osilib qolgan og‘iz burchagini yuqoriga ko‘tarish shuningdek, quloq plastikasida ham ishlatiladi.

Qattiq fillerlar

Yanoqlarni kattalashtirish, iyak va chakakni, aniqroq aytganda yuz shaklini o‘zgartirish va undagi ayrim qismlarga urg‘u berishda foydalaniladi.

Kollogenastimulyatorlar

Fillerlar yuzdagi kollagen ishlab chiqaradigan hujayralarga ijobiy ta’sir qilgani bilan asosi kaltsiy gidroksiapatitdan iborat bo‘lgan preparatlar enga yaxshi samara beradi. Yuz va bo‘yinga qo‘llanilganda, kollagen sintezini faollashtiradi. Bemorning yoshiga qarab bir yoki ikki muolaja tavsiya qilinishi mumkin.

Lipolitiklar

Lipolitik yog‘ni parchalash xususiyatiga ega bo‘lgan preparatlar bevosita to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki to‘g‘ri yog‘ hujayralariga ta’sir qilmaydiganga bo‘linadi. Ikkinchisi mikrosirkulyatsiyani yaxshilab, ozishga ta’sir qilishi mumkin.Yog‘ qatlami qalin bo‘lmagan tana qismlari masalan yuzga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilmaydigan lipotiklardan foydalangan ma’qul. Tana uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan yoki har ikkisining kombinatsiyasidan foydalanilgan yaxshi. Ammo lipolitiklar yordamida ozish mumkin emas, shunchaki ma’lum tana qismining o‘zinigina kichraytirish mumkin. Sport va parhez tutganda ham kirmaydigan tanadagi qism masalan, yuz tagining osilgani, qorin va tizzadagi yog‘larni ketkazish uchun ayni muddao.

Muolajani umumlashtirish mumkinmi?

Inyeksiyalarni bir vaqtni o‘zida yoki orasida biroz tafovut bilan umumlashtirish mumkin. Shuningdek, botulotoksin va mezokokteyllarni ham kompleks qo‘llash mumkin va bu neyromezolifting deb ataladi. Avvaliga bemorning peshona va qoshlari orasidagi muammoli qismlar botulotoks bilan ishlov beriladi keyin esa butun yuzga botulotoksin qo‘shilgan mezokokteyldan foydalanib muolaja amalga oshiriladi. Ushbu muolajadan keyin terining yog‘lanishi, mayda ajinlar va qizarish kabi muammolar bartaraf bo‘ladi. Bu davolash muolajasi emas, ammo undan keyingi estetik samara 2 haftadan keyin sezilib, 4-6 oygacha davom etadi.




Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.