Sochlar o‘sishi uchun nima qilish kerak? Oddiy, ammo samara beradigan 16 tavsiya
Sochlarning uzun va jilokor bo‘lishi, asosan, genga bog‘liq bo‘ladi. Ammo yaxshi parvarish va doimiy ravishda niqoblardan foydalanish ham ko‘ngildagidek natijaga erishishga yordam berishi mumkin.
Foto: Getty ImagesSochingizni har kuni yuvmang
Shampun nafaqat sochdagi kirlarni, teri va sochlarni himoya qilib, namlantirib turadigan yog‘ qatlamini ham yuvib yuboradi. Shuning hisobiga sochlar avvalgidek jilokor bo‘lmaydi, tashqi omillarga ta’sirchan bo‘lib qoladi. Shu sabab ham mutaxassislar yuvish orasidagi muddatni asta-sekin uzoqlashtirib borishni tavsiya qiladi. Hafta davomida 2-3 marta yuvish eng yaxshi variant.
Tarkibida sulfat bo‘lmagan shampundan foydalaning
Shampun tarkibida SLS(Sodium Lauryl Sulfate)va SLES(Sodium Laureth Sulfate)bo‘lmasligiga e’tibor qarating. Sulfatsiz shampun yaxshi ko‘pirmagani bilan tabiiy komponentlarni o‘z ichiga olgani uchun bosh terisidagi yog‘ qatlami butkul yuvilib ketmaydi. Qanday shampundan foydalangan taqdiringizda ham uni soch ildizining o‘zigagina surting. Qolgan uzunlik uchun esa suv bilan qo‘shilib oqqan qismining o‘zi kifoya qiladi.
Issiq suvda yuvmang
Sovuqroq suvda yuvilganda sochlar jilokor va sog‘lom ko‘rinadi. Qolaversa, konditsioner yoki balzamdan foydalanishni unutmang. Ular sochlarning chiroyli ko‘rinishiga hissa qo‘shibgina qolmay, foydali komponentlar: yog‘, oqsil va minerallar bilan ham ta’minlaydi.
Soch uchun niqoblardan foydalaning
Soch uchun niqoblardan muntazam ravishda, misol uchun, hafta davomida bir necha marta foydalanib ko‘ring. Agar tolalarning uchi quruq va dag‘al bo‘lib qolgan bo‘lsa, unda tiklaydigan kurs o‘tkazish va niqoblardan tez-tez foydalanish kerak.
Do‘kondagi niqobni qanday tanlash mumkin?
O‘ramida namlantiruvchi, oziqlantiruvchi va tiklovchi deb yozilgan niqoblarni xarid qiling. Jilokor ko‘rsatadi, yaltiratadi, degan yozuvlarga uchmang. Tabiiy komponentlar bisyor bo‘lishiga e’tibor qarating. Shu bilan birga, tarkibidagilarning yozilish ketma-ketligi ham o‘ta muhim: masalan, yog‘ning borligi ro‘yxatning oxirida yozilgan bo‘lsa, demak niqobda yog‘ miqdori juda ham kam bo‘ladi. Niqobni avvalo sochning uchiga surting va keyin asta-sekinlik bilan uzunligi bo‘ylab, ildizidan 10 sm qoldirib tarqating. Kosmetik do‘kondan xarid qilingan niqobni odatda 30 daqiqa tutish kerak. Shu sabab qo‘llanma bilan tanishib chiqing va yuvib tashlashga shoshilmang. Soch tolalari foydali komponentlar bilan to‘yinishi uchun imkon bering.
Uy sharoitida niqob tayyorlash
Tabiiy va sinalgan niqoblardan foydalanish juda ham foydali. Masalan, sochlarni silliq ko‘rsatish uchun qatiqli niqobdan foydalaning. 1 stakan qatiqni soch bo‘ylab surting va ustidan maxsus qalpoq kiying. 30-40 daqiqadan keyin iliq suvning o‘zida keyin esa shampun bilan yuvib tashlang. Asalli niqob ham sinalgan usullardan biri hisoblanadi. Tuxum sarig‘iga 1 qoshiq asal va bir necha tomchi limon sharbati qo‘shing. Toza sochga surting va bir soatdan keyin yuvib tashlang.
Soch uchun yog‘lardan foydalaning
Allaqachon qanchalik foydali ekani tan olingan yog‘lar nam yoki turmaklangandan keyingi quruq sochlarga surtiladi. Sochlarni oziqlantiradi, mustahkam va sog‘lom ko‘rsatadi. Ammo xarid davomida e’tiborli bo‘ling, qo‘llanmadan foydalanib, tarkibida tabiiy komponentlar bisyor bo‘lgan variantlarga e’tibor qarating. Gap shundaki, ularning ba’zilarida tabiiy yog‘ bo‘lmasligi, sochni bir muddatgagina jilokor ko‘rsatishi mumkin, xolos. Bodom, chakamug‘, uzum yoki shaftoli danagidan olingan yog‘lar, shuningdek, kokos yog‘i yaxshi oziqlantiradi va sochlarning tiklanishiga yordam beradi.
Soch o‘sishini jadallashtiradigan vositalardan ehtiyot bo‘lib foydalaning
Samara bergani bilan, stilistlar bunday tez natija beradigan vositalarni xarid qilishga oshiqmaslikni tavsiya qiladi. Buning o‘rniga sochlarni o‘stirishga yordam beradigan uy sharoitida tayyorlanadigan tabiiy niqoblardan foydalaning. Buning uchun sizga 2 osh qoshiq xantal kukuni, 2 osh qoshiq issiq suv, 1 ta tuxum, shuningdek, 2 osh qoshiq yog‘ va 1 osh qoshiq shakar kerak bo‘ladi. Aralashma holiga keltirib, soch ildiziga surting. Tolaning uchiga niqob tegmasligi uchun istalgan yog‘dan surtishingiz mumkin. 15 daqiqadan 1 soatgacha tursa bo‘ladi — teri ahvolidan kelib chiqib ish tuting. Keyin esa shampun va konditsionerda yuvib tashlang.
Fen va soch uchun dazmollardan foydalanmang
Har kuni sochlarni issiq havo bilan quritish va 200 darajali ployka hamda dazmollardan foydalanish soch tolasining uchini shikastlaydi. Shu sabab tabiiy usullardan foydalaning, sochingizni yuvgandan keyin sochiqqa o‘rab, boshqa ishlaringiz bilan shug‘ullaning.
Issiqlikdan himoya qiladigan vositalardan foydalaning
Bir zumda sochlarni quritish kerak bo‘lib qolsa va fen, ploykadan foydalanmaslikning iloji bo‘lmasa, issiqlikdan himoya qiladigan vositalardan foydalanish kerak. Vosita shunchaki soch yuzasida ko‘rinmas himoya qiluvchi plyonka hosil qiladi. Ammo foydalanishdan avval qo‘llanma bilan tanishib chiqishni unutmang. Odatda ishlab chiqaruvchilar vosita ish beradigan darajani belgilab qo‘ygan bo‘ladi.
Sochingizni sochiqqa qattiq o‘ramang
Hatto tabiiy yo‘l bilan quritish ham sochlarga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun sochiqni yumshoq va sifatli ekaniga e’tibor qarating. Sochlarni siqib o‘ramang. Shunchaki yengil harakatlar bilan sochiq yordamida quriting.
Nam soch bilan uxlamang
Quritishga vaqtingiz bo‘lmasligiga amin bo‘lsangiz, hech qachon sochlarni yotishdan avval yuva ko‘rmang. Birinchidan, sochlar shikastlanadi. Ikkinchidan esa, ertalab tartibsiz sochlar bilan uyg‘onasiz.
Yostiq jildini almashtiring
Qattiq choyshab soch to‘kilishi va toklanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun shikastlantirmaydigan shoyi matosidan tikilgan yostiq jildidan foydalaning.
Sochlarni ehtiyotkorlik bilan tarang
Sochni namligida taramang, yaxshisi, qurishini kuting. Yoki tarashni osonlashtiradigan vositalardan foydalaning. Spreylar sochni qo‘shimcha namlantirib, chigallarni yechishga yordam beradi. Sochni uchidan boshlab yuqori tomon tarang. Shuningdek, mutaxassislar sochni kechasi muntazam ravishda tarashni tavsiya qiladi.
Sartaroshxonaga boring
Sartaroshga borib vaqt-vaqti bilan sochlarni kaltalatib turing. Gullagani hisobiga sochlar o‘smaydi va tartibsiz ko‘rinadi. Sartaroshlar sochni hech bo‘lmaganda uch oyda bir marta kestirishni tavsiya qiladi.
Baliq, meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qiling
Losos, tunets, skumbriya va forel omega-3 yog‘ kislotalariga boy bo‘ladi. Temir moddasiga boy mahsulotlar, masalan, olma, karam va qovoq iste’mol qiling. Suvsizlanish sochlarning qurishi va mo‘rtlashishiga olib kelmasligi uchun suyuqlik ichishni ham kanda qilmang. Dorixonalardan vitamin xarid qilishdan avval esa shifokor bilan maslahatlashing.
Manba