Salomatlik Ayollar uchun Bola dars qilishni istamasa, qanday yo‘l tutish kerak?

Bola dars qilishni istamasa, qanday yo‘l tutish kerak?

O'qildi: 433


Bola dars qilishni istamasa, qanday yo‘l tutish kerak?

Aksari hollarda bola dars vazifalarini bajarishi uchun ota-onalar baqirishiga, ko‘ndirishiga va iltimos qilishiga to‘g‘ri keladi. Lekin bu kabi urinishlar vaqtinchalik hamda noto‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.

Foto: W.day.ru

Baho emas bilim muhim

Farzandingizga qo‘yilgan bahoni deb munosabatingizni o‘zgartirmang, aka-opalari yoki boshqalar bilan solishtirmang. Yaxshi baho olsa, maqtang, ammo yomon bahosi uchun dakki bermasdan, bundan-da yaxshiroq natijaga erishishiga nima xalaqit qilgani va qanday yordam kerak bo‘lgani bilan qiziqing. Asosiysi, farzandingiz sizning yaxshi ko‘rishingiz uning baholariga bog‘liq emasligini tushunsin. Shunda uni yaxshi ko‘rgan insonlarni xafa qiladigan ishlarni qilmaslikka harakat qiladi.

Imkoniyat darajasida sharoit yaratib bering

Farzandingizning alohida xonasi bo‘lmagan taqdirda ham o‘quv-qurollari turishi va darslarini bajarishi uchun kerakli stol-stuli bo‘lsin. Vazifalarni bajarishi uchun dars stoli qulay bo‘lsa, yetarli yorug‘lik va sharoit bo‘lsa, diqqatini jamlab, boshqa narsalarga chalg‘ib ketmaydi. Dars bajarish vaqtida bola ko‘zi tushadigan yerda televizor, telefon yoki o‘yinchoqlar bo‘lmasligi va chalg‘itmasligiga ham e’tibor qarating.

Vazifalarni bajarishning ham rejasi bo‘lsin

Mutaxassislarning ta’kidlashiga qaraganda, tushki soat uchdan kechki oltigacha bo‘lgan oraliq bolalar dars bajarishi uchun eng qulay vaqt hisoblanadi. Maktabdan qaytganidan keyin bola bir yarim soat davomida dam olishi kerak. Ikkinchi smenada o‘qiydigan bolalar darslarini ertalab bajargani yaxshi.

Uy vazifasini bajargandan 40 daqiqa o‘tib esa 15 daqiqalik tanaffus qilish kerak. Dars bajarishni kechga qoldirmasligini nazorat qiling, keyingi kundagi vazifalarni ham oldindan bajarib qo‘yishga, taqamasligiga motivatsiya bering.

Yordamingizni ayamang

Murakkab mavzu, tushunchasi yo‘q vazifalarni bajarishni bolangizning o‘ziga yuklab qo‘ymang. Tushuntiring, o‘rgating va shundan keyingina mustaqil bajarishini ayting. Yodingizdan chiqib ketgan bo‘lsa, internetdagi ensiklopediya va manbalardan foydalaning. Ammo hech qachon farzandingiz o‘rniga uy vazifani siz bajarmang.

Foto: W.day.ru

Oshirib yubormang

Bolangizning maktab darslaridan tashqari to‘garak va qo‘shimcha darslarini bajarishi kechgacha cho‘zilib ketayotgan bo‘lsa, o‘ylab ko‘ring, bolangizning majburiyatlari yoshiga nisbatan haddan tashqari ko‘payib ketmayaptimi?Dam olmaslik va zo‘riqish sabab bola maktabdagi fanlarni o‘zlashtirishga ham kuchi qolmayotgan bo‘lishi mumkin.

Rag‘batlantiring

Darslarni bajarib bo‘lganidan yoki qaysidir mavzuni yaxshi o‘zlashtirganidan keyin rag‘batlantirib turing. Ammo pul, konfet singari narsalarga o‘rgatib qo‘ymang. Chunki o‘rganib qolgan bola “pora” olmaguncha vazifa bajarmaydigan yoki bajarsa ham, shirinlik uchun bajaradigan bo‘lib qoladi. Bu esa farzandingizning kelajakda shaxs bo‘lib shakllanishiga ham ta’sir qilmay qolmaydi hamda biron yumushni nimadir evaziga bajarish odat bo‘lib qoladi.

Mustaqil ravishda dars qilgani va a’lo bahosi uchun maqtab qo‘ying, shu munosabat bilan tansiq taom yoki shirinlik pishirib, birgalikda ovqatlaning. Muvaffaqiyatlaridan oila a’zolari ham xursandligini anglash bolani o‘z ustida ishlash va harakat qilishga undaydi.

Urishib dars qildirmang

Bolaning dars qilishni istamasligiga uning bajarish davomidagi xatolariga sizning urishishingiz yoki asabiylashishingizni ko‘rishni xohlamayotgani sabab bo‘lishi mumkin. Yozayotganida yoki mashqlarni bajarayotganida tepasida turmang, birov kuzatib turganini bilib, hayajondan yanglishib ketishi mumkin.

O‘zingizni farzandingiz o‘rniga qo‘yib ko‘ring

Tasavvur qiling, siz ishingiz bo‘yicha oylik hisobot yozyapsiz va sizni boshlig‘ingiz kuzatib turibdi, har bitta yozganingizga reaksiya bildiryapti va bir raqamda adashib ketsangiz ham, baland ovoz bilan koyib beryapti, siz qanday ahvolga tushgan bo‘lardingiz?

Siz-ku shunday holat kuzatilsa, ishdan bo‘shab boshqa adekvat rahbar bilan ishlay olasiz, bolada esa bunday imkoniyat yo‘q. Unutmang, bolaning xato qilishi tabiiy, asosiysi, xatolarini takrorlamaslik va o‘rganishda. Atrof-olamni, hayotni endi o‘rganayotgan bolani xato qilishdan qo‘rqitib, o‘qishga qiziqishi so‘nishi va harakat qilishni istamasligiga sababchi bo‘lib qolmang.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.