Salomatlik Ayollar uchun Saratonni yenggan 118 yashar Kane Tanakaning uzoq umr ko‘rish siri nimada?

Saratonni yenggan 118 yashar Kane Tanakaning uzoq umr ko‘rish siri nimada?

O'qildi: 401


Saratonni yenggan 118 yashar Kane Tanakaning uzoq umr ko‘rish siri nimada?

Ikki marta saraton tashxisi qo‘yilganiga qaramay, uzoq umr ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan va Yer yuzidagi eng keksa fuqaro deb topilgan Kane Tanakaning qanday qilib bunday natijaga erishgani haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Foto: “Domashniy ochag”

Kane Tanaka kim?

Kane Tanaka butun umri davomida o‘zining shaxsiy do‘konida yaponcha shirinliklar, lag‘mon va guruch sotgan oddiy yapon ayoli. U 1903-yil 2-yanvar kuni Kadzaki qishlog‘ida ko‘p farzandli oilada dunyoga kelgan. Amakivachchasi Xideoga turmushga chiqqan ayol turmushi davomida to‘rt nafar farzandni dunyoga keltirgan, bittasini esa asrab olgan. 1993-yilda turmush o‘rtog‘i vafot etgan ayolga 46 yoshida oshqozon osti bezi, 103 yoshida esa yo‘g‘on ichak saratoni tashxisi qo‘yilgan. Ayni vaqtda yoshi 118 dan katta bo‘lgan Tanakaning ismi 2019-yilda “Sayyoraning eng keksa fuqarosi” sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Saraton tashxisi qo‘yilishiga qaramay, uzoq umr ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan ayol buning siri nimada ekani haqida boshqalar bilan ham bo‘lishishga qaror qilgan.

Foto: “Domashniy ochag”

Ovqatlanish

Yaponiyada 100 yoshdan oshgan 30 ming inson yashaydi. Ularning aksariyati uzoq umr ko‘rish yaponcha ovqatlanish tizimlaridan biri bilan bog‘liqligiga ishonadi. Yapon tilidan qorinning 80 foiz to‘lishi deb tarjima qilinadigan — “Xara xati bu” ovqatlanish tizimi kaloriyani ongli ravishda qisqartirishga asoslanadi. Yaponlar qorin 80 foiz to‘ysa, shifokorga murojaat qilishga hojat bo‘lmasligiga ishonadi.

Qanday qilib deyarli to‘yganlikni bilish mumkin, degan savolga yaponlar qorin to‘ygani his qilinsa-yu, lekin yana nimadir yeyish istalsa, 20 daqiqa kutish kerak, deb javob beradi. Bu vaqt oshqozonning to‘qlik haqidagi signali miyaga borishi uchun muhim sanaladi. Signal yetib bormagan taqdirda, sekin-asta ovqatlanishni boshlasa bo‘ladi.

O‘zini o‘zi siylash

Parhez tutishni boshlagan insonning kayfiyati cheklanganlik hisobiga tez-tez o‘zgarib turishi hech kimga sir emas. Buni yaxshi bilgan Kane ba’zida o‘zini o‘zi siylashni kanda qilmagan. Shirinliksevar ayol yillarini aynan shokolad va qahvaga bo‘lgan sevgisi sabab yashab o‘tganini ta’kidlagan. Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish munosabati bilan tashkil qilingan marosimda Kanega mukofot bilan birga bir quti konfet ham taqdim qilingan. Ayol uyalib o‘tirmagan, sahnaning o‘zida qutini ochib, shirinliklardan yeyishni boshlagan.

Foto: “Domashniy ochag”

Miyani chiniqtirish

Xuddi tana singari miyani ham mashq qilib, chiniqtirib turish kerakligini yaxshi bilgan Tanaka kitob o‘qigan, matematika bilan shug‘ullangan. Hozirgi kunda do‘stlari bilan stol o‘yinlarini o‘ynaydi va she’r yozadi. Undan o‘rnak olishingiz, yangi til o‘rganishni yoki she’r yodlashni boshlashingiz, krossvord va skanvordlar yechishingiz mumkin — asosiysi, doimiy ravishda shug‘ullanish va tashlab qo‘ymaslik.

Barvaqt uyg‘onish

Kane soat 6 da shunchaki uyg‘onmaydi, balki o‘rnidan turadi. 118 yoshda ekani va ayni vaqtda qariyalar uyida yashashiga qaramay, u barvaqt uyg‘onish odatini kanda qilmaydi. Ko‘chaga chiqib, salqin havoda sayr qiladi.

O‘z oldiga maqsad qo‘yish

Ayol o‘zining uzoq umr ko‘rish sirini sobitqadamlik va tirishqoqlikda deb biladi. Bergan intervyulardan birida 120 yoshdan o‘tish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilishini ta’kidlagani buning isboti. Shuningdek, Kane ko‘plab tavsiya va retseptlardan qat’iy nazar, hamma narsa odamning o‘ziga bog‘liqligini, hatto umid yo‘qdek tuyilganida ham hech qachon ishonchni yo‘qotmaslik kerakligini ta’kidlagan.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.