Amaldagi parhez to‘g‘ri kelmayotganini qanday bilish mumkin?
Ko‘pchilik sarvqomat bo‘lishni istab, turli parhezlarga murojaat qiladi. Ammo har ehtimolga qarshi ekstremal parhezlardan ehtiyot bo‘lgan ma’qul, negaki ayrim parhezlardan keyin odam yana semirib ketishi mumkin. Ularning ayrimlaridan so‘ng salomatlikning tiklanishiga oylab vaqt ketishi mumkin. Yaqin dugonangiz, singlingiz yoki ishdagi hamkasbingizga yaxshi samara bergan parhezdan foydalangan taqdiringizda ham, organizmni xavf ostiga qo‘ymaslik, undagi o‘zgarishlarni nazardan qochirmaslik kerak. Parhez to‘g‘ri kelmaganida inson tanasi qanday xavotirli belgilar bilan signal berishi mumkinligi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Foto: FreepikVazn o‘zgarmasligi
Eng birinchi ayon bo‘ladigan belgi — vaznning o‘zgarmasligi. Siz muayyan parhez qoidalariga to‘liq amal qilishingiz, sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishingiz, ammo shunga qaramay, hech qanday natijani sezmasligingiz mumkin. Bu organizmingizning individual o‘ziga xosliklarini anglatuvchi alomat hisoblanadi. Demak, parhez sizga to‘g‘ri kelmagan, undan voz keching. Ba’zida hech nima sodir bo‘lmaydi, ammo metabolizm yomonlashib, organizm stress sabab energiya yig‘ishi, oqibatda esa vazn to‘planishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Yuz va tanadagi husnbuzarlar
Yana bir xavotirga sabab bo‘ladigan belgi tana hamda yuzga toshma yoki husnbuzarlar toshishi sanaladi. Avvallari bu kabi muammo kuzatilmagan, ammo yangi parhezdan uch kun o‘tib husnbuzar toshishi kuzatilsa, bu jiddiy o‘ylab ko‘rish uchun sabab bo‘la oladi. Ratsionning keskin o‘zgarishi makro yoki mikroelementlar tanqisligi yoki ularning ortib ketganidan dalolat berishi mumkin. Shuningdek, noto‘g‘ri parhez husnbuzar toshishiga olib keladigan gormonal muammolarni ham qo‘zg‘atishi mumkin. Yangi parhezni sinab ko‘rishga qaror qilgan bo‘lsangiz, teri ahvolini e’tibor bilan kuzating. Qandaydir o‘zgarish bo‘lishi unda aks etmay qolmaydi.
Soch to‘kilishi
Yuqoridagilardan tashqari, soch to‘kilishining jadallashishi ham parhezning noto‘g‘ri tanlaganidan belgi beradi. Buning boisi esa yuqoridagi singari: ratsionda tanqislik bor va siz yetarli miqdorida ozuqa moddalarini qabul qilmayapsiz.
Boshqa alomatlar
Terining ko‘chishi, tirnoqlarning yupqalashishini ham ushbu ro‘yxatga kiritish mumkin. Shu bilan birga, kayfiyatning keskin o‘zgarishi ham ratsionda qandaydir muammo borligini anglatadi. Uglevodlardan birdaniga voz kechish “baxt gormoni” — serotoninning miqdorini sezilarli darajada kamaytiradi. Bu esa o‘z navbatida kayfiyatga ta’sir ko‘rsatadi, keyinroq esa ovqatlanish bilan bog‘liq jiddiy muammolarga olib kelishi ham mumkin.
Manba