Immunitetni susaytiradigan ovqatlanish bilan bog‘liq 5 odat
Kuz shamollash ko‘p uchraydigan mavsum sanaladi. Qolaversa, ayni vaqtda dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat mavjudligidan kelib chiqilsa, immunitetni mustahkamlash har qachongidan ham muhim.
Foto: Harper’s BazaarTuzni ko‘p miqdorda iste’mol qilish
Organizmda natriy miqdorining ortishi nafaqat shishlar paydo bo‘lishi, balki mushaklar zaiflashib, immun tizimi susayishiga ham olib keladi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, ortiqcha tuzni chiqarib yuborishga organizm virus va infeksiyalar bilan kurashish uchun muhim bo‘lgan resurslarning bir qismini sarflaydi, oqibatda immunoglobulin yetarli miqdorda ajralmaydi hamda kasallanish xavfi ortadi. Shu sabab ham fastfud va go‘shtli delikateslar iste’molidan tiyiling va taom tayyorlash davomida tuzdan ortiqcha foydalanmang.
Shakarni kanda qilmaslik
Shakarni haddan ortiq iste’mol qilgan kishining organizmida salomatlik bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi mumkin emas. Oq shakar hech qanday ozuqaviy qiymati bo‘lmagan uglevod hisoblanadi. Iste’moli sabab surunkali kasalliklar xavfi ortadi, qarish va vazn ortishi kuzatiladi, immunitet pasayadi. Me’yordan ortiq glyukoza immunoglobulin faolligini o‘rtacha 30 foizga kamaytiradi. Oqibatda esa virusli infeksiyalar bilan kasallanish ehtimoli sezilarli darajada ortadi. Shakardan butkul voz kechishga hojat yo‘q, ammo uning miqdorini doimiy ravishda nazorat qilish kerak. Yaxshisi, uning o‘rniga boshqa foydali mahsulotlarni iste’mol qiling, shirin ichimlik o‘rniga ko‘proq suv iching.
Ratsionda kletchatkaning yetarli bo‘lmasligi
Kletchatka sog‘lom hazm jarayonini ta’minlaydi, nafaqat immunitetni mustahkamlaydigan, balki teri ahvoli va kayfiyat ko‘tarilishiga ijobiy ta’sir qiladigan foydali ichak bakteriyalarining ishlab chiqarilishini jadallashtiradi. Kletchatka va probiotiklarga boy taomni iste’mol qilish immun tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, organizmni viruslardan himoya qilishga yordam beradi. Ratsionda kletchatkalarning koni bo‘lgan sabzavotlar, dukkakli va qayta ishlanmagan mahsulotlar bo‘lishiga e’tiborli bo‘ling.
Qahvani haddan ortiq darajada iste’mol qilish
Kofein tetiklashtirish, asab tizimini rag‘batlantirish, shuningdek, ko‘plab surunkali kasalliklar va erta qarish alomatlarining oldini olish xususiyatiga ega mahsulot hisoblanadi. Ammo hamma narsada me’yorni bilgan yaxshi. Aks holda qahvani haddan ortiq darajada iste’mol qilish immun tizimini susaytirib, turli virusli kasalliklarga chalinishga sabab bo‘lishi mumkin. Kofeinga o‘rganib qolish mumkinligi sabab ham mutaxassislar kun davomida 1-2 finjon bilan cheklanishni tavsiya qiladi. Agar o‘zingizni yetarlicha tetik his qilmasangiz, vaqtida uxlashga yoki boshqa samarali usullardan foydalanishga urinib ko‘ring.
Sabzavotlarni yetarlicha iste’mol qilmaslik
Sabzavotlar nafaqat kletchatkaning koni, balki vitamin va minerallarning ham asosiy manbaidir. A, C vitamini va foli kislotasiga boy bo‘lgan yashil sabzavotlar immunitetni a’lo darajada mustahkamlaydi, shamollashning oldini oladi. Aynan shu sabab ham salat, sabzavotli ragu va smuzi iste’mol qilishni kanda qilmang.
Manba