Yetti soatmi yoki to‘qqiz? Tiniqib uyg’onish uchun tunda necha soat uxlash kerak?
Aksariyat kishilar hafta davomida o‘zini dam olish kunlari tiniqib uxlaymanб deb ovutishi yangilik emas. Gap shundaki, shanba va yakshanba kunlari to‘yib uxlaganda dam olish va tetiklashish sikli buziladi. Uyqu vaqti organizmda tozalash ishlari bo‘ladi: a’zolardan toksinlar chiqariladi, mushaklar va immunitet tiklanadi, metabolizm yaxshilanadi. Agar tanaga bularning barini bajarish uchun imkon berilmasa, uyqu yetarli bo‘lmasa, tongda kishi o‘zini charchagan, holsiz, jizzaki his qiladi.
Foto: FreepikTiniqib uyg‘onish uchun necha soat uxlash kerak?
6 soatlik uyqu
Tiniqib uxlash va kun davomida ishga layoqatli bo‘lish uchun 6 soat uxlash kerak degan fikr bor. Ammo hamma ham bu fikrga qo‘shilmaydi. Pensilvaniya universitetining tibbiyot maktabi olimlari o‘tkazgan tadqiqotda 6 soatlik uyqu to‘liq dam olish uchun kam ekanligi isbotlangan. Unga ko‘ra ishtirokchilar 4 guruhga bo‘lingan. Guruhdagilardan biri 4, ikkinchisi 6, uchinchisi 8 soat uxlagan. To‘rtinchi guruhdagilar esa ikki sutka davomida uxlamagan. 6 soat uxlagan jamoadagilarning natijasi hayratlanarli bo‘lgan. Ularni uyqu bosmagan va tiniqib uxlaganlariga ishonchlari komil bo‘lgan. Ammo kognitiv ko‘rsatkichlar umuman uxlamaganlarnikidan deyarli farq qilmagan. Ammo shunga qaramay sutka davomida 6 soat uxlash kifoya qiladigan odamlar ham borligini inkor qilib bo‘lmaydi. Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari sutkada 6 soat uxlab tiniqish imkonini beruvchi genni aniqlagan. Ammo Yer shari aholisining atigi 3 foizidagina bunday genni uchratish mumkin. Shunday ekan, sizga 6 soat kamlik qilsa, kunduzi 1 soat bo‘lsa ham tiniqib oling.
7 soatlik uyqu
Ko‘plab tadqiqotlarning natijalariga ko‘ra, 25 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lganlar uchun 7-9 soat davom etadigan uyqu eng maqbul variant hisoblanadi. Aniqroq qilib 7 soatlik uyquni me’yorning “pastki chegarasi” deyish mumkin. Shunga qaramay, aynan 7 soatlik uyqu eng sog‘lom va to‘liq bo‘ladi, qolaversa haddan ortiq uxlash organizm uchun zararli, degan qarashlar ham yo‘q emas. Ishi zo‘riqishlarga boy, sal avval stress yoki kasallikni boshdan kechirgan, shuningdek, sayohat qilayotganlarga organizmga quloq solib, individual ish tutish tavsiya qilinadi.
8 soatlik uyqu
Ko‘pchilik sutkani uchga bo‘lgan: 8 soat uyquga, 8 soat ishlashga va qolgan 8 soat boshqa yumushlarga ajratilgan. 8 soatdan ko‘p ham kam ham uxlamaslik kerakligi haqidagi qarashlar esa har doim ham o‘zini oqlamaydi. Bugungi kunda 7-7,5 soat uxlashning o‘zida a’lo darajada tiniqish mumkinligi yaxshi ma’lum. Dam olish kunlari “uyquli ta’til” olishga esa hojat yo‘q.
9 soat va undan ko‘proq vaqt uxlash
Ba’zida 9 soat va undan ko‘p uxlash xavotirga sabab bo‘lmaydi. Kun yoki hafta qiyin o‘tgan bo‘lishi yoki ayrim yoqimsiz voqealardan keyin organizmingiz tiklanayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo doimiy ravishda 9 soatlab uxlaydigan bo‘lsangiz, unda qandaydir muammo bo‘lishi mumkin. Uyquning ortig‘i yetarli bo‘lmagani singari xavfli bo‘lishi mumkin.
Uzoq vaqt uxlashni yoqtiradiganlar yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekishi, ularda qandli diabetga moyillik va salomatlik bilan bog‘liq boshqa muammolar bo‘lishi mumkin. Haddan ortiq ko‘p uxlash qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi, infeksiya yoki nevrologik kasalliklar, qolaversa, doimiy stress va depressiyadan darak berishi mumkin.
Uyqu yetarli bo‘lmaganini qanday bilish mumkin?
Tiniqib uxlamaganda ertalab o‘rindan turish qiyin bo‘ladi, kun davomida esa odam o‘zini lohas his qiladi. Jamoat transportida, ish joyida va televizor qarshisida uxlab qolish holati kuzatiladi. Ovqatlangandan keyin uyqu bosadi. Uyquning surunkali yetishmasligi ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Yana bir ma’lumot: olimlar uyqu yetishmasligi va vazn ortishi o‘rtasida bog‘liqlik borligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Gap shundaki, uyqu yetarli bo‘lmagan odam organizmida ishtahani ochadigan stress gormoni — kortizolning ishlab chiqarilishi jadallashadi.
Manba