Ayollar salomatligi uchun foydali 10 mahsulot
Salomatlik bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmasligi uchun iste’mol mahsulotlariga e’tiborli bo‘lish kerak. “Domashniy ochag” nashri ayollar istalgan yoshda iste’mol qilsa bo‘ladigan va sog‘lik uchun foydali mahsulotlar haqida ma’lumot berib o‘tadi.
Foto: “Domashniy ochag”Zaytun yog‘i
Uzoq umr ko‘rishga hissa qo‘shadigan zaytun yog‘i yurak va qon-tomirlar uchun ahamiyatli bo‘lgan monoto‘yinmagan o‘simlik yog‘larining koni sanaladi. Tarkibidagi fitonutriyent va olekantallar yallig‘lanishni kamaytirib, osteoartrit, sut bezi, jigar va ichaklar saratonida yordam beradi. Shuningdek, qandli diabetdan aziyat chekadigan bemorlarning qonidagi glyukozani ham nazorat qilish xususiyatiga ega hisoblanadi.
Losos
Omega-3, EPA va DHA yog‘ kislotalarining manbayi hisoblangan losos, yurak kasalliklarining xavfini kamaytirib, kayfiyatni ko‘taradi, shuningdek, ikkinchi turdagi qandli diabet rivojlanishining oldini oladi.
Yasmiq
Oqsil va kletchatkaga boy bo‘lgan yasmiq glikemik indeksi yuqori emasligi bilan ham o‘ziga xosdir. Uning iste’moli qondagi glyukoza miqdorini nazorat qiladi va vegetarianlar taomnomasi uchun ayni muddao hisoblanadi.
Piyoz
Piyozda yurak va qon-tomirlar salomatligi uchun foydali bo‘lgan antioksidant va flavonidlar serob bo‘ladi.
Bodom
Bodom iste’moli qon bosimni me’yorga keltirib, lipid va glyukoza miqdorini nazorat qiladi, shuningdek, xotiraning yaxshilanishiga hissa qo‘shadi. Uning bir hovuchi bilan tamaddi qilish qorinni uzoq vaqt to‘q tutib, vaznni oshib ketmasligini ta’minlaydi.
Quritilgan xurmo
Kalsiy va magniyga boy bo‘lgan quritilgan xurmoda ko‘z uchun foydali sanalgan lyutein-zeaksantin antioksidanti mavjud bo‘ladi.
Zarchava
Zarchava tarkibidagi kurkumin antioksidanti qon-tomirlarni yog‘ bosishining oldini oladi. Zarchavadan nafaqat taom, balki ichimlik tayyorlashda ham foydalansa bo‘ladi.
Tarvuz
Tarvuz qon-tomirlar elastikligini ta’minlash uchun muhim sanalgan azot oksidining ishlab chiqarilishini jadallashtirish xususiyatiga ega bo‘lgan aminokislota – sitrullinni o‘z ichiga oladi.
Tuxum
D vitamini va omega-3 yog‘ kislotasiga boy bo‘lgan tuxumni muntazam ravishda yeyish miya salomatligini mustahkamlaydi, keksayganda kognitiv qobiliyatlarni saqlashga yordam beradi. Bundan tashqari, tuxum mushaklar massasi uchun muhim bo‘lgan oqsilning koni ham sanaladi. Shu sabab ham kunni tuxumdan tayyorlangan omlet bilan boshlash tavsiya qilinadi.
Sut mahsulotlari
Mushaklar massasining birdaniga kamayishining oldini olish uchun tarkibida oqsil bisyor bo‘lgan mahsulotlar, xususan, sut mahsulotlarini yeyishni kanda qilmaslik kerak. Shu sabab ham kunlik taomnomadan D vitamin va omega-3 kislotasiga boy yogurt, kefir hamda tvorog o‘rin olishiga e’tibor qaratish kerak. Qolaversa, sport bilan shug‘ullanishni ham yo‘lga qo‘yish kerak.
Mavzuga doir:
- Quruq yuz terisini mayinlashishiga yordam beruvchi kundalik odatlar
- Ratsionga kiritish tavsiya etiladi. Teri holatini yaxshilaydigan 3 ta supermahsulot
- Uy sharoitida qosh va kipriklarni qalinlashtiruvchi oddiy usullar
- Sochlari sog‘lom va serjilo bo‘lishini istaganlar uchun 7 ta oddiy tavsiya
Manba