Kechasi yomon uxlayapsizmi? 7 ta xavfli kasallik uchun tibbiy tekshiruvdan oʻting
Tunda yaxshi uxlay olmaslik yoqimsiz holat, ammo jiddiy xavf emas. Biroq uyqu bilan bogʻliq muammolar bir haftadan koʻproq davom etsa, takroriy ravishda kuzatilsa, bu tibbiy koʻriklardan oʻtish kerakligini bildiradi. Quyida uyqusizlik qanday xavfli kasalliklarni ogohlantirishi mumkinligi haqida bilib oling.
Yurak xastaliklari
Amerika Kardiologiya kolleji maʼlumotlariga koʻra, yurak xastaligi bilan ogʻrigan odamlarning 44 foizi uyqu muammolariga duch keladi. Shifokorlarning buni kun davomida qoʻl-oyoqlarning quyi qismlarida toʻplangan suyuqlikning kechasi yana butun organizm boʻylab tarqalishi bilan bogʻlaydilar. Har qanday holatda ham muntazam ravishda uyqusizlikka duch kelsangiz, kechasi tez-tez uygʻonsangiz, shifokorga uchrang, EKG hamda yurakning ultratovush tekshiruvidan oʻting.
Qalqonsimon bez kasalligi
Giperterioz — qalqonsimon bezning haddan tashqari faol boʻlgan holati, organizmdagi metabolik funksiyalarni tezlashtiradi. Bu odamda xavotirlanish, asabiylashish, shuningdek, energiyani oshiradi. Shu sabab kechasi osuda dam ololmaysiz. Qalqonsimon bez disfunksiyasining boshqa alomatlarini sezsangiz, endokrinolog qabuliga yoziling.
Artrit
Artrit bilan ogʻrigan bemorlarning 80 foizi uyqu muammolariga duch kelishadi. Gap faqat ogʻriq haqida emas: artrit organizmda yalligʻlanish jarayoni boshlanishiga, bu esa koʻpincha tashvishning ikki hissa kuchayishiga sabab boʻladi. Tun boʻyi uxlolmay, fikrlaringiz tarqoq, qaygʻurish, xavotir hislari bilan tong ottirsangiz, nafaqat tinchlantiruvchi dorilar, balki artrit boʻyicha mutaxassis maslahati ham kerak.
Allergiya
Allergiyaning u yoki bu shakli kechasi tunning osuda oʻtishiga toʻsqinlik qiladi. Bu birinchi navbatda, burun yoʻllaridagi mayda qon tomirlarning kengayishi natijasida burun bitishiga sabab boʻlib, uyquga toʻsqinlik qiladi. Shamollash yoki gripp bilan ogʻrimaganingizga ishonchingiz komil boʻlsa-yu, yoʻtal, koʻz yoshlanishi, burundan suv oqishi kuzatilsa, allergologga uchrang.
Gormonal oʻzgarishlar
Klimaks davri oʻrtacha 51 yoshdan boshlanadi, ammo gormonal darajadagi oʻzgarishlar tufayli uyqu buzilishi bir necha yil oldin paydo boʻlishi mumkin. Gap shundaki, klimaksdan avval osuda uyquni taʼminlaydigan progesteron gormoni ishlab chiqarish doimiy ravishda kamayadi. Bu davr sizdan uzoq boʻlsa ham, uyqu muammolari bilan kurashayotgan boʻlsangiz, ginekolog-endokrinolog qabuliga boring. Shifokor jinsiy gormonlarni tahlil qilish uchun qon topshirishga koʻrsatma berishi ehtimoldan holi emas Baʼzan tungi uyquning buzilishi polikistik tuxumdon sindromi(endokrinologik kasallik)ning rivojlanayotgani haqida ogohlantirishi mumkin.
Parkinson kasalligi va Alsgeymer sindromi
Tungi uyqudagi bezovtaliklar Parkinson kasalligi yoki Alsgeymer kasalligi kabi yoshga bogʻliq kognitiv kasalliklarning dastlabki belgisi boʻlishi mumkin. Uxlab qolish qiyinligi, tungi uygʻonib ketishlar, qoʻrqinchli tushlar — bularning barchasi nevrolog bilan bogʻlanish va markaziy asab tizimining holatini tekshirish uchun sababdir.
Depressiya
Uyqusizlik depressiyaning doimiy hamrohi boʻlib, bu kasallik tashxisi qoʻyilganlarning toʻrtdan uch qismiga taʼsir qiladi. Bundan tashqari, depressiya ham uyqu buzilishiga, ham tungi dam olishning yetishmasligiga olib kelishi mumkin. Yaxshi uxlay olmaslik, quvvat yetishmasligi, holsizlik kuzatilganda psixolog yoki shifokorga holatingizni bayon qiling.
Manba