Organizmda muhim vitamin va minerallar yetishmasligining 9 ta belgisi
Qazg‘oq, quruq soch va hatto oyoqlarda ko‘karishlar — bularning barchasi organimzda vitamin yetishmasligining belgisi bo‘lishi mumkin, deb yozadi “Noviy ochag”.
Foto: “Noviy ochag”Vitamin va minerallar organizm uchun barcha asosiy tizim va organlarning normal ishlashini ta’minlash uchun zarurdir. Ammo oziq-ovqatlar orqali ular yetarlicha qabul qilinmasa, yetishmovchilik to‘planib, kasal bo‘lish ehtimoli ortadi.
Qazg‘oq — nima yetishmaydi: yog‘ kislotalari
Agar soch taralganida yelkaga qazg‘oqlar tushsa, nafaqat unga qarshi shampun sotib olish, balki ratsiondagi yog‘ kislotalarining ulushini oshirish vaqti kelgan bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, baliq va yong‘oqlarda ko‘p bo‘lgan yog‘ kislotalari butun organizm uchun va birinchi navbatda teri uchun o‘ziga xos moylash vositasi sifatida zarur. Agar u me’yorda qabul qilinmasa, teri quriydi, ko‘chadi va hatto qichishish kuzatiladi.
Siyrak sochlar — nima yetishmaydi: B guruhi vitaminlari
B guruhi vitaminlari kuchli va sog‘lom sochlarning asosidir. Don mahsulotlari ushbu vitaminga boy bo‘lib, afsuski, vazn yo‘qotish uchun uglevodlardan voz kechgan ko‘plab ayollarda bu muhim vitaminlar yetishmaydi. Ratsionida B vitaminlari bo‘lgan juda ko‘p oziq-ovqat mavjudligiga ishonch hosil qilish kerak, chunki bular miyaning yaxshi ishlashi uchun zarur bo‘lgan eng muhim moddalardan biridir.
Kulrang sochlar — nima yetishmaydi: mis
To‘satdan oqarib ketish — sochlarga rang beradigan melanin ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynaydigan misning jiddiy tanqisligi belgisi bo‘lishi mumkin. Agar sochlar juda erta yoki tez kulrangga aylansa mis darajasini tekshirtirish va agar kerak bo‘lsa, ratsionni o‘zgartirish tavsiya etiladi.
Og‘iz sohasida yoriq va yaralar — nima yetishmaydi: B12 vitamini
Ushbu muhim vitamin yetishmasligining eng aniq belgilaridan biri tilda yoki og‘iz burchaklarida yara va yoriqlar paydo bo‘lishidir. Vegetarian yoki vegan parheziga rioya qilganlar ayniqsa xavf ostida, chunki B12 vitamini qizil go‘sht, tuxum yoki sut mahsulotlarida mavjud. Ushbu muammoga duch kelganlarga ratsioniga mazkur mahsulotlarni qo‘shish tavsiya etiladi.
G‘adir-budur teri — nima yetishmaydi: rux va A vitamini
Sovuq, qo‘rquv yoki stressda vaqtida terining bunday ko‘rinishi me’yor hisoblanadi. Ammo xotirjam holatda ham teri yuzasida g‘adir-budur ko‘rinish paydo bo‘lsa, bu rux va A vitamini — terining salomatligi va yaralarning tez shifo topishi uchun zarur bo‘lgan moddalar yetishmasligini ko‘rsatishi mumkin. Qovoq urug‘lari, parranda go‘shti, kartoshka, qovun — rux va A vitaminining manbalari bo‘lib, ularni tez-tez iste’mol qilish kerak.
Charchoq — nima yetishmaydi: D vitamini
Doimiy charchoq va energiya yetishmasligi hissi D vitamini tanqisligining muhim signalidir. Bu, ayniqsa, kuz-qish mavsumiga to‘g‘ri keladi, chunki quyosh kam bo‘ladi va organizm yetarlicha D vitaminini ololmaydi. Yilning shu davrida ko‘proq qo‘ziqorin, tuxum, baliq va sut mahsulotlarini iste’mol qilishga harakat qilish lozim — ular D vitaminiga boy.
Oyoqlarda ko‘karishlar — nima yetishmaydi: C vitamini
Agar yuzalar bilan ozgina aloqa qilganda terida ko‘karishlar paydo bo‘la boshlagan bo‘lsa, ratsionda C vitamini yetarli yoki yo‘qligini tekshirish zarur. Ushbu vitamin qon tomirlarini tiklash va ularning devorlarining elastikligini saqlash uchun zarur bo‘lgan kollagen ishlab chiqarishda ishtirok etadi. Agar C vitamini juda kam bo‘lsa, tomirlar mo‘rt bo‘lib qoladi, eng kichik shikastlanishda ham sinadi va terida ko‘karishlar paydo bo‘ladi.
Tomir tortishishi — nima yetishmaydi: magniy yoki kalsiy
Magniy va kalsiy mushaklarning normal qisqarishi uchun zarurdir, ammo bu elementlardan kamida bittasi yetarli bo‘lmasa, tomir tortishishi ehtimoli oshadi. Agar odatdagidan ko‘ra tez-tez tomir tortishsa, ko‘proq sut mahsulotlari, shuningdek, banan, avokado yoki qovoq urug‘ini iste’mol qilish mumkin.
Qabziyat — nima yetishmaydi: kletchatka va magniy
Haftada uch martadan kamroq hojatxonaga borish — ichak harakati bilan bog‘liq muammolar turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin. Ulardan biri magniy va ratsionda kletchatkaning yetishmasligidir. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘pchilik muntazam ravishda kletchatkaga ega emas, chunki sabzavot, meva va dukkaklilarni keragidan ancha kam iste’mol qiladi.
Manba