Organizmda yo‘qotilgan kalsiy o‘rnini qanday to‘ldirish mumkin?
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati organizmda yo‘qotilgan kalsiy o‘rnini qanday to‘ldirish mumkinligi borasida tibbiyot fanlari doktori Umida Rustamova bergan ma’lumotlarni taqdim etdi.
Foto: “medaboutme.ru”Mutaxassisning aytishicha, organizmning to‘laqonli rivojlanishida kalsiy moddasi alohida o‘ringa ega. Uning kunlik miqdori esa har bir yosh toifasi uchun turlicha.
Tavsiya etilgan kunlik kalsiy miqdori:
- 0—3 oylik chaqaloqlar uchun 400 milligramm;
- 4—6 oylik go‘daklar uchun 500 milligramm;
- 7—12 oylik o‘g‘il-qizlar uchun 600 milligramm;
- 1—3 yoshlilar uchun 800 milligramm;
- 7—11 yoshdagi bolalar uchun 1100 milligramm;
- 11—18 yoshdagi o‘smirlar uchun 1200 milligramm;
- 18—59 yoshdagi kattalar uchun 1000 milligramm;
- 60 yoshdan yuqori kishilar uchun 1200 milligramm;
- homilador ayollar uchun 1300 milligramm va emizikli onalar uchun 1400 milligramm.
Qolaversa, hech bir dori vositasi sifatli, to‘yimli hamda sog‘lom ovqatlanishning o‘rnini bosa olmaydi. Shu bois mazkur muammoni bartaraf etishda to‘g‘ri taomlanishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Jumladan, kunlik taomnomada sut mahsulotlari(tvorog, yogurt, kefir, pishloq, qatiq, suzma)bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, dengiz mahsulotlarida ham ko‘p miqdorda kalsiy mavjud. Bundan tashqari, ular tarkibida D vitamini va fosfor mo‘l. Bu darmondorilar esa suyaklarni mustahkamlashga katta yordam beradi.
Turli meva-sabzavot va ko‘katlar — karam, salat bargi, selderey, petrushka, kunjut urug‘i, yong‘oqlar tarkibida ham kalsiy moddasi ko‘p uchraydi. Eng muhimi, tabiiy mahsulotlardagi ushbu moddaning ortiqcha miqdori kalsiy preparati kabi organizm uchun zararli emas. Sababi mazkur foydali makroelement sun’iysi kabi organizmda yig‘ilib qolmaydi.
Biroq ayrim shirin gazli ichimliklar va sho‘r oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi natriy xlorid kalsiy moddasining peshob bilan organizmdan chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, organizm kalsiy moddasini o‘zlashtirishida D vitaminining ahamiyati beqiyos. Xususan, ushbu darmondori tanada 30—40 foiz mazkur elementning so‘rilishiga ijobiy ta’sir etadi. Bu vitaminning eng ko‘p manbai esa quyosh nurlarida mavjud.
Ayni sababdan quyosh chiqqandan boshlab soat 11:00 gacha va kechki 17:00 dan keyin ochiq havoda sayr etish tavsiya etiladi. Chunki bu paytda uning ultrabinafsha nurlari ta’siri ostida organizmda D vitamini hosil bo‘ladi. Biroq qolgan vaqtlarda issiq havoda sayr qilish sog‘liq uchun zararli.
Manba