Tishlar o‘z vaqtida davolanmasa, inson organizmida qanday o‘zgarishlar yuz beradi?
Vaqti-vaqti bilan stomatolog ko‘rigidan o‘tish, kariyesning ilk belgilaridanoq zudlik bilan davolash choralarini ko‘rish – bularning barchasi me’yor hisoblanadi. Ammo puldan, vaqtdan qizg‘anish, ba’zan shifokorga nisbatan qo‘rquv kabi sabablar tufayli tishni davolash ortga surilaveradi. Mana shunday holatlar organizmga ta’sir qilishi mumkinmi?
Foto: “Domashniy ochag”Tish devorlari qulab tushadi
Agar tishlar sog‘lom va butun bo‘lsa, har qanday tashqi zarbaga chidamli bo‘ladi, u o‘z-o‘zidan qimirlab qolishi yoki sinishi mumkin emas. Ammo birozgina miqdorda tishlarning zararlanishi yoki parchalanishi natijasida tish devorlari zaiflashib qoladi. Kichik zarba yoki qattiqroq mahsulot iste’molida ham tushib qolishi mumkin. Shuning uchun ham shikastlangan tish vaqtida davolanmasa, uni butunlay yo‘qotib qo‘yish xavfi shuncha ortib boraveradi.
Modda almashinuvi buziladi
Kasal tishlar tanovul qilingan ovqatlarni yaxshilab chaynashga kuchi yetmaydi va ular oshqozonga maydalanmagan holda kirib boradi. Bu esa uni hazm qilishni qiyinlashtirib, oshqozon-ichak yo‘lining umumiy holatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Natijada organizmda metabolik kasalliklar vujudga keladi.
Oshqozon-ichak yo‘li kasalliklari ortadi
Agar tishlar vaqtida davolanmasa, parodontit kasalligi kelib chiqadi – yumshoq to‘qimalarga ta’sir qiladi va tishlarning tushib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Parodontit kasalligini keltirib chiqaradigan infeksiya immunitetni tushirishi va oshqozon-ichak yo‘li kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, gastrit, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi, pankreatit va boshqalar. Shuningdek, kasallangan tish o‘z vaqtida olib tashlanmasa, parodontit xavfini yanada oshiradi. Bunda milklarning tez-tez qonashi va og‘izdan noxush hid kelishi kuzatiladi.
Qandli diabet kasalligi rivojlanishi mumkin
Milklar qancha ko‘p yallig‘langan bo‘lsa, qonda shakar darajasi shuncha yuqori bo‘ladi. Organizmda ushbu holatlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik allaqachon olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar bilan tasdiqlangan. Shuningdek, tish va milk davolangandan so‘ng qonda glyukoza miqdori normal holatga qaytganligi ham isbotlangan. Shuning uchun tish va milk kasalliklariga bee’tibor bo‘lmaslik kerak, ayniqsa, qandli diabetga moyil bo‘lganlar yoki atrofda ushbu kasallikka chalinganlar uchun muhim hisoblanadi.
Homila tushish xavfi ortadi
Homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarga dastlab og‘iz bo‘shlig‘ini yaxshilab tekshirib, davolanishni tavsiya qilish bejizga emas. Tish va milklarda paydo bo‘ladigan infeksiyalar homila rivojlanishiga ta’sir o‘tkazishi va uni tushirish xavfini 7 barobarga oshirishi mumkin.
Yurak va qon tomirlar xavf ostida bo‘ladi
O‘tkazilgan tadqiqotlar shuni tasdiqladiki, yurakning sog‘lomligi tishlar tomonidan bashorat qilinishi mumkin. Har bir davolanmagan tish yurak xurujini ikki baravarga oshiradi. Bundan tashqari, qon tomirlari, yurak xuruji, yurak yetishmovchiligi xavfi ortib boradi. Shu bilan birga, kariyes ta’sirida bo‘lgan tishlarda rivojlanayotgan infeksiyalar qon tomirlar devorlarini yallig‘lanishiga hamda qonda tromblar hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Manba