Bosh og‘rig‘ini dorisiz ham qoldirish xususiyatiga ega bo‘lgan mahsulotlar
Bosh og‘rishi kayfiyatga ta’sir qiladi, kishi o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi va tezroq og‘riqdan qutilishni istaydi. Ko‘p hollarda asabiylashish, qon-tomirlardagi muammo va magniy yetishmasligi boshning og‘rishiga sabab bo‘ladi.
Foto: Tasting TableQahva va qora choyMazkur issiq ichimliklarni ta’sirini bosh og‘rig‘ini qoldiradigan tabletkalar bilan taqqoslash mumkin. Qora choy va qahva tarkibidagi tanin hamda kofein qon aylanishini yaxshilaydi. Ammo qahva ichmasdan turolmaydiganlarga bunday ta’sir bo‘lmasligi ham mumkin.
Zanjabil
Zanjabil nafaqat shamollaganda, balki bosh og‘riganda ham samara beradi. U yallig‘lanish, og‘riq va shishlarni keltirib chiqaradigan yog‘li kislotalar — prostaglandinlar ishlab chiqarilishiga ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, miyadagi qon-tomirlarni kengaytirib, bosh og‘rishini oldini oladi.
Ismaloq
Tadqiqotlarda aniqlanishicha, ko‘p hollarda magniy miqdori yetishmagan insonlar migrendan aziyat chekadi. Ismaloq esa magniyga boy mahsulot va u bosh og‘rig‘i kamayishiga sababchi bo‘ladi.
Kartoshka
Organizmda natriyning ko‘payib ketishi nafaqat migren, balki qon bosimi ko‘tarilishi hamda yurak qon-tomir kasalliklariga ham sabab bo‘ladi. Kartoshka kaliyning manbayi va u kaliy hamda natriyning muvozanatda bo‘lishiga yordam beradi.
Olcha
Ushbu meva tarkibida azot oksidiga aylanadigan brikmalar mavjudligi sabab ham uning iste’molidan keyin qon-tomirlar bo‘shashadi va qon bosimi pasayadi. Qolaversa, olchadagi antotsian bo‘yog‘i og‘riq qoldiruvchi xususiyatga ega. Olchaning rangi qanchalik to‘q va mazasi qancha nordon bo‘lsa, ta’siri shuncha yaxshi bo‘ladi.
Sarimsoq piyoz
Sarimsoq charchoqdan xalos etadi, hazm jarayonini yaxshilaydi, xolesterinni kamaytirib, qon aylanishiga ta’sir qiladi. Migren bezovta qiladigan kishilarga sarimsoq qo‘shilgan salat yoki taom iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Grek yong‘og‘i
Grek yong‘og‘i og‘riq qoldiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan “baxt gormoni” seratoninning koni hisoblanadi. Shuningdek, yallig‘lanish hamda stress gormoniga qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi magniyga ham boy sanaladi.
Baliq
Istalgan baliq mahsulotlari tarkibidagi B2, B6 va B12 vitaminlari sabab bosh og‘rig‘ini qoldirish xususiyatiga ega bo‘ladi. Lososdagi omega-3 yog‘ kislotasi, qon-tomirlarni “yomon xolesterin”lardan tozalaydi hamda qon bosimini me’yorda bo‘lishiga ta’sir qiladi.
Manba