Xavfli kasallik − insultning oldini olish mumkinmi? Shifokor tavsiyalari
Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev insult kasalligi haqida ko‘pchilik bilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar bilan bo‘lishadi. Insult – miya qon tomirlarining eng shafqatsiz kassaligidir. Insult qo‘l-oyoqlar harakati, aql, es-hush, so‘zlashishning buzilishga olib keladi. Hozirgi paytda aholi orasida nogironlikning asosiy sabablaridan biri ham aynan ushbu kasallikdir. Insultga chalingan bemorlarning 70-80 foizi nogiron bo‘lib, ularning 30-35 foizi esa boshqalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lib qoladi.
Foto: “SGB”Odatda shifoxonaga murojaat qilgan 10 ta bemorning 7 tasi bosh og‘rishidan shikoyat qilib keladi. Ko‘p hollarda bosh og‘rig‘i miya va bo‘yin qon tomirlaridagi funksional yoki organik shikastlanish oqibatida paydo bo‘ladi. Shuning uchun miya va bo‘yin qon tomirlarining ultratovush dopplerografiyasi tekshiruvini o‘tkazish kerak.
Bo‘yin va miya qon tomirlari ultratovush dopplerografiyasi bu:
- Bo‘yin qon tomirlari(uyqu qon tomirlari, bo‘yin umurtqalari orasidagi qon tomirlar)orqali bosh miyaga boradigan qon tezligi, tezlikning pasayishi, oqayotgan qon miqdorining kamayishi;
- Qon tomirlari devorlarining elastik holati, devorlarining ateroskleroz natijasida qalinlashishi va torayishi;
- Qon tomirlarining noto‘g‘ri rivojlanganini tekshirish usulidir.
Qon tomiri ichining torayishini boshlang‘ich davrida qon bosimining oshishi hisobiga miyaga kelayotgan qon miqdori kompensatsiya qilinadi. Qon tomirining ichi toraygani sari qon bosimining oshishi ham yetarli miqdorda qon hajmini ta’minlay olmaydi. Qon tomirining 50 foizga torayishi miyaning qon bilan oziqlanishini keskin kamaytiradi, natijada dekompensatsiya holati boshlanadi, qon tomiri torayishi kuchayib borib, insultga olib keladi.
Bo‘yin qon tomirlarini ultratovush dopplerografiya tekshiruvidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan holatlar:
- boshda har xil og‘riqlar bo‘lsa, ikki chakka yoki ensa qismi siqsa yoki lo‘qillab og‘risa, shu jumladan, migren kassaligi;
- o‘rindan birdan turganda yoki boshni birdan burganda ko‘z oldi qorong‘ilashsa, jivirlasa, mayda chivin uchib turgandek bo‘lsa;
- yurganda tebranib ketish holatlari;
- qo‘llardagi harakatda aniqlik yo‘qolishi holatlari;
- qo‘lda va barmoq uchlarida uvishish;
- to‘satdan qisqa vaqt davomida bosh aylanishi, bo‘shashib ketish;
- quloqda shovqin;
- xotiraning pasayishi, fikrni bir joyga to‘plashga qiynalish, besabab xavotir, qo‘rquv;
- qon bosimi kassaligi;
- bo‘yin, umurtqa pog‘onasi osteoxondrozi;
- bosh, bo‘yin, yelka sohasini uqalashdan oldin;
- bosh miya qon tomirlarida qon aylanishining pasayishiga olib keluvchi omillar: semirish, chekish, ayniqsa, balog‘at yoshiga yetmasdan chekish, kam harakat o‘troq hayot tarzi, 40 dan oshgan insonlar.
Manba