Chalg‘ituvchi va xavfli kasallik: pnevmoniya boshlanganini qanday aniqlash mumkin?
Ko‘pchilik pnevmoniyani o‘pkalarning yallig‘lanishi deb biladi. Bir yoki har ikki o‘pkada infeksiya rivojlanishi bilan namoyon bo‘ladigan pnevmoniyani aksariyat hollarda bakteriyalar keltirib chiqaradi. Ammo koronavirusdagidek ba’zida virus bilan ham aloqador bo‘lishi mumkin. Odamda surunkali kasallik yoki maxsus davolash sabab mikroflora buzilgan bo‘lsa, zamburug‘li pnevmoniya ham rivojlanishi mumkin.
Foto: FreepikShifokorlar pnevmoniyani qanday aniqlaydi?
Odatda bemorlar yuqori harorat, yo‘tal va nafas qisishi kabi shikoyat bilan shifokorga murojaat qiladi. Bunday vaqtda uyda o‘zboshimchalik bilan davolanish yaramaydi, ahvolingiz qandayligiga shifokor baho bergani va zarur choralarni ko‘rgani yaxshi.
Shifokor qanday tekshiruvlarni amalga oshiradi?
- Harorat, qon bosimi va pulsni tekshiradi.
- Qondagi kislorod miqdorini tekshiradi(miqdorning kamligi qo‘shimcha kislorodga ehtiyojligini bildiradi).
- O‘pkalar stetoskop yordamida eshitiladi.
Tashxis qo‘yish uchun qanday tahlillar kerak bo‘ladi?
- umumiy qon tahlili;
- umumiy siydik tahlili;
- balg‘am tahlili.
Umumiy qon tahlili natijalariga binoan shifokorlar yallig‘lanish yoki infeksiya bor yoki yo‘qligi va organizmning javob reaksiyasi qanday ekanligini bilishi mumkin. Shunga qaramay, qon tahlilining o‘zi bilan aniq pnevmoniya tashxisini qo‘yib bo‘lmaydi.
Prokalsitonin tahlili
Prokalsitonin bu hujayralar tomonidan toksinga javoban ishlab chiqariladigan oqsil hisoblanadi. Uning miqdori ham qon tahlili orqali aniqlanadi. Bakterial infeksiyada prokalsitonin ko‘rsatkichi yallig‘lanish jarayoni boshlanganidan 4 soat o‘tiboq, 12-48 soatda esa yaqqol o‘zgaradi. Bu tahlil aniq bakteriyani ko‘rsatmaydi, ammo pnevmoniyani antibiotiklar bilan davolash mumkinligini bildiradi.
Balg‘am tahlili
Balg‘am orqali bakterial infeksiyani aniqlash mumkin bo‘ladi, ammo bemorda faqat quruq yo‘tal kuzatiladigan bo‘lsa, kerakli va sifatli balg‘am olish qiyin kechadi. Oqibatda esa tahlil natijasi nafas yo‘llarida doimiy yashaydigan bakteriyalarni ko‘rsatadi. Namunani antibiotik bilan davolashdan avvalroq olish kerak. Bunda bemordan yo‘talish so‘raladi. Agar bu qiyinchilik keltirib chiqarsa, shifokor kichik kamerasi bor zonddan foydalanishiga to‘g‘ri keladi. Sifatli balg‘am leykotsitlar, oq qon tanachalarining bir qancha miqdorini hamda biroz epitelial hujayralarni ko‘rsatadi.
Antigenlarni aniqlash uchun siydik tahlili
S. pneumoniae va Legionella keltirib chiqargan bakterial pnevmoniya og‘ir kechishi va jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Ushbu bakteriyalarga qarshi antigenlarni peshob orqali aniqlasa bo‘ladi. Bunday tahlilning yana bir afzalligi shundaki, antibiotiklar bilan davolash ham natijani aniqlashga ta’sir qilmaydi. Kamchiligi esa siydik tahlili orqali aynan qaysi antibiotik yaxshi samara berishini bilib bo‘lmaydi.
Serologik tahlil
Mazkur qon tahlili orqali zararlanish va agar shunday bo‘lsa, qachonligini bilsa bo‘ladi. Serologiya ma’lum patogenga qarshi shakllangan antitanacha miqdorini o‘lchaydi. IgM antitanasi yangi infeksiya borligini IgG antitanasi esa avvalroq zararlanganingizni bildiradi.
Ko‘krak qafasi rentgenogrammasi
Ushbu tekshirish orqali infiltrat ko‘rsatkichi — o‘pka to‘qimasida yiring, qon yoki oqsil to‘planganini, shuningdek, o‘pka bilan bog‘liq boshqa kasalliklarni ham aniqlasa bo‘ladi. Ammo ko‘p hollarda rentgenologik tekshiruvning o‘zi bilan bakterial va virusli infeksiyani farqlab bo‘lmaydi.
Kompyuter tomografiyasi
Rentgenda hech qanday o‘zgarish kuzatilmasa, ammo shifokor ikkilanadigan bo‘lsa, kompyuter diagnostikasidan foydalanish mumkin. Kompyuter tomografiyasi tashxis qo‘yishga rentgendan ko‘ra ko‘proq yordam beradi.
Asosiysi, bunday vaziyatda o‘zini o‘zi davolash bilan cheklanmaslik, bee’tibor bo‘lmasdan, davolanishni oxirigacha olib borish hamda o‘zini yaxshi his qilgan taqdirda ham, shifokor ko‘rigidan o‘tib turish kerak.
Manba