Gormonal nomutanosiblik, noto‘g‘ri parvarish va yuz terisi yog‘lanishining 5 ta boshqa sababi
Yog‘li terini parvarish qilish qiyin, yog‘ tufayli yuz terisining yaltirashi esa bo‘yanish jarayonini murakkablashtiradi. Ma’lum bo‘lishicha, teri genetika bilan bir qatorda, turli sabablarga ko‘ra yog‘lanishi mumkin. “Noviy ochag” nashri yuz terisi yog‘lanishining sabablarini ma’lum qildi.
Foto: “Noviy ochag”Gormonal nomutanosiblik
Gormonal nomutanosiblik teridagi yog‘ bezlarining haddan tashqari faollashishiga olib kelishi mumkin, bu esa ko‘proq yog‘ hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Odatda u terini infeksiyalardan himoya qilishga va suyuqlik muvozanatini saqlashga yordam berishi kerak, lekin agar u juda ko‘p bo‘lsa, terida yog‘ miqdori ortadi. Gormonal muvozanat kontratseptiv vositalar, noto‘g‘ri ovqatlanish, juda ko‘p yoki juda kam jismoniy mashqlar, homiladorlik yoki menopauza sabab buzlishi mumkin. Yog‘li teriga qo‘shimcha ravishda gormonal muvozanat buzilganining boshqa belgilari sezilsa, ginekolog-endokrinolog bilan maslahatlashish zarur.
Ratsionda sut mahsulotlarining ko‘pligi
Sut mahsulotlari ayollar uchun juda foydali: yillar davomida kalsiy miqdori kamayib boradi va sut mahsulotlari yetishmovchilikni to‘ldirishga yordam beradi. Ammo so‘nggi paytlarda teri odatdagidan ko‘ra yog‘li bo‘lib qolgan bo‘lsa, sut, pishloq va tvorog iste’molini kamaytirish lozim, chunki ularning ortiqchasi terining yog‘lanishiga olib kelishi mumkin.
Noto‘g‘ri parvarish
Yog‘li teriga ham quruq teridan kam bo‘lmagan suyuqlik kerak. Shuning uchun kosmetik vositalarni to‘g‘ri tanlash muhimdir. Juda yog‘li va og‘ir namlovchi vosita foyda bermaydi, tarkibida yog‘lar bo‘lmagan yengilroq mahsulotlarni tanlash tavsiya etiladi.
Vitamin qo‘shimchalari
Shifokorlar vitamin qo‘shimchalarini buyurishda ehtiyotkor bo‘ladi, chunki B kompleksli qo‘shimchalar terining holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jumladan, bu yog‘ miqdorining ko‘payishiga va husnbuzar toshishiga olib keladi.
Stress
Inson stressni boshdan kechirganida, qon oqimiga kortizol gormonining yuqori dozalari chiqariladi, bu boshqa narsalar qatorida terining holatiga ta’sir qiladi: u yog‘ ishlab chiqarishni ko‘paytiradi, natijada yuzda turli toshmalar paydo bo‘ladi.
Noto‘g‘ri makiyaj
Noto‘g‘ri makiyaj yuz terisi teshiklarini yopib qo‘yadi. Muammoli teriga ega ayollar ko‘pincha kamchiliklarni yashirish umidida juda og‘ir, qalin makiyaj vositalaridan foydalanadi. Biroq ta’sir aksincha bo‘lishi mumkin: qalin makiyaj faqat yog‘ning qo‘shimcha ishlab chiqarishini rag‘batlantiradi va tiqilib qolgan teshiklar tufayli yallig‘lanish o‘choqlari paydo bo‘lishi mumkin.
Suyuqlik yetishmasligi
Bu g‘alati tuyilishi mumkin, ammo inson qancha kam suv ichsa, teri shunchalik yog‘lanadi va organizm namlik yetishmasligini yog‘ ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan qoplashga harakat qiladi.
Manba