Salomatlik Bolalar Yosh ona uchun taym-menejment: yumushlarga qanday ulgurish va aqldan ozmaslik mumkin?

Yosh ona uchun taym-menejment: yumushlarga qanday ulgurish va aqldan ozmaslik mumkin?

O'qildi: 339


Yosh ona uchun taym-menejment: yumushlarga qanday ulgurish va aqldan ozmaslik mumkin?

Maqolada hamma narsaga ulgurish haqida maslahatlar yo‘q. Ammo siz muhim narsalarni qanday qilib birinchi o‘ringa qo‘yish va o‘zingiz uchun vaqt topish haqida bilib olishingiz mumkin.

Foto: Depositphotos

O‘zgaruvchan rejalar tuzing

Farzandingiz tug‘ilgach, cheksiz yumushlar oqimida nimanidir rejalashtirish butunlay imkonsizdek tuyuladi. Ammo kunni vaqtga qat’iy bog‘lamasdan turib rejalashtirish mumkin. O‘zingiz uchun kun davomida bajarish kerak bo‘lgan uchta yumushni belgilab oling. Barchasiga ulgurib, yana ortiqcha vaqtingiz ham qolsa, ertangi kunni yengillashtirish yoki o‘zingiz uchun hordiqni bugun uyushtirish borasida qaror qabul qiling. Biroq uchta yumushga ulgurmasangiz ham, o‘zingizni koyimang.

Boshingizda doimo B plani bo‘lsin. Agar bola siz rejalashtirgan vaqtda uxlamasa, boshqa ishga o‘ting. Masalan, bola uxlaganda maqola yozishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, u uxlamagan taqdirda changyutgichni oling-da, farzandingiz bilan birgalikda hamma joyni tartibga keltiring.

Uy yumushlari

Oziq-ovqat xarid qilish

Oziq-ovqat xarid qilish uchun do‘konga chiqqanda albatta oldindan ro‘yxat tuzib oling. Buning uchun bir hafta uchun taomnoma tuzib chiqing, shunga qarab hafta davomida zarur bo‘ladigan masalliqlarni bilish mumkin. Yaxshisi, ro‘yxatda mahsulotlar do‘kondagi bo‘limlar bo‘yicha guruhlangan bo‘lsin.

Ovqat tayyorlash

Plita oldida uzoq turishni va ko‘p miqdordagi masalliqlarni talab qilmaydigan oddiy taomlarni tayyorlang. Agar murakkabroq ovqat pishirmoqchi bo‘lsangiz, tayyorlash jarayonini bir nechta bosqichga bo‘ling. Masalan, manti pishirish uchun, ertalab xamir qorib qo‘ying. Kunduzi qiymani tayyorlab qo‘ying. Kechqurun esa xamirni yoyib, mantilarni buking va pishirishga qo‘ying.

Uyni tozalash

Fly Lady tamoyili bo‘yicha, uy ichida sizning ko‘nglingizni xira qilib, to‘zg‘ib turgan narsalarni yig‘ishtirishga kuniga 20 daqiqa sarflang. Kimdir yig‘ilmagan o‘rin-ko‘rpadan jig‘ibiyron bo‘ladi, kimnidir yuvilmagan idishlar uyumi g‘azablantiradi. Jahlni chiqaruvchi elementdan xalos bo‘ling, shunda uy darhol yoqimliroq ko‘rinishga keladi.

Katta yig‘ishtirish uchun alohida kun ajratmang, balki yo‘l-yo‘lakay yig‘ishtirib keting. Xonadagi gullarga suv quyish uchun gulchelakni oldingizmi, qaytishda kompyuter yonida to‘planib qolgan chashkalarni ham yig‘ib oling.

O‘zingiz uchun vaqt

Bola hali juda kichikligida uzoq vaqt davomida ko‘krak sutini emib yotishi mumkin, demak sizda qiziqarli ma’ruzalar va kitoblarni o‘qish yoki ularning audioformatini tinglash imkoniyati bor. Farzandingiz bilan ochiq havoga sayrga chiqqanda dugonalaringiz bilan qo‘ng‘iroqlashing va boshqa onalar bilan tanishing.

Fitnes-klubga a’zo bo‘ling yoki yoga bilan shug‘ullaning. Bu barcha tashvishlardan hech bo‘lmasa, 1,5 soatga “qochib ketish” va qomatingizni tartibga keltirish uchun ajoyib imkoniyat. Agar mashg‘ulot paytida bolaga qarab turish uchun hech kim bo‘lmasa, uyda ham sport bilan shug‘ullanish mumkin.

Eng asosiysi, bola uxlab qolganida bo‘sh vaqtingizni uy yumushlariga sarflamang, balki bu vaqtni o‘zingiz uchun foydali tarzda o‘tkazing. Uy ishlarini esa bola uyg‘oq vaqtda, u bilan birga bajaring.

Manba: “Layfxaker”




Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.