Haddan tashqari ko‘p terlaydiganlarga yordam beruvchi eng yaxshi layfxaklar
Gipergidroz kundalik hayotda ko‘p noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Ortiqcha terlashning sababi nima bo‘lishidan qatʼi nazar, ko‘pchilik organizmning o‘ziga xos xususiyatlariga moslashib, u bilan yashashi kerak. Quyida terni nazorat ostida ushlab turishga yordam beradigan foydali maslahatlar bayon etilgan.
Tabiiy matolardan tikilgan kiyimlarni kiying
Asosan oq rangdagi tabiiy “nafas oladigan” matolardan tikilgan kiyimlarni yoki aksincha, juda to‘q rangdagi paxtadan tikilgan kiyimlarni tanlang. Ter dog‘lari, ayniqsa, ipakda bilinib qoladi.
Qo‘ltiq osti maxsus yostiqchalardan sotib oling
Ushbu maxsus vositalar to‘g‘ridan to‘g‘ri kiyimga yopishuvchi tomoni bilan biriktiriladi. Uning ichidagi yutuvchi material ortiqcha terni o‘zlashtiradi va yoqimsiz hidlar paydo bo‘lishining oldini oladi. Bu muammoni uzoq vaqt unutishga yordam beradi.
Foydali usul: Qo‘ltiq ostidagi matoni terdan himoya qilish uchun gigiyenik salfetkadan ham foydalanish mumkin.
Antiperspirant salfetkalarni sotib oling
O‘zingiz bilan bir paket terga qarshi salfetka olib yuring. Ular, ayniqsa, issiq kunlarda yuz va tana terisini parvarish qilishni osonlashtiradi.
Agar oyoqlaringiz terlasa
Oyoq terlashini kamaytirish va yomon hidning oldini olish uchun oyoqlaringizga chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan kukun seping. Kukun suyuqlikni o‘zlashtiradi, terini bakteriya va zamburug‘lardan himoya qiladi.
Maxsus tagliklar sotib oling
Gipergidroz zamburug‘ va bakterial infeksiyalarning eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biridir, chunki ho‘l poyabzal patogenlar uchun nihoyatda qulay joydir. Ortiqcha namlikni o‘ziga singdiradigan va teringizni kasalliklardan himoya qiladigan terni yutish qatlamiga ega maxsus poyabzal ichki tagliklardan oling.
Isteʼmol sodasidan foydalaning
Ter, ayniqsa, oq kiyimlarda ko‘rinadigan xunuk sariq dog‘lar qoldiradi. Ulardan xalos bo‘lishning eng oson yo‘li — soda pastasi(2 qism isteʼmol sodasi uchun 1 qism suv). Mahsulotni ifloslangan joylarga qo‘llang, 30-60 daqiqaga qoldiring, keyin kiyimlarni odatdagi tarzda yuving.
Qahva va achchiq ovqatlardan saqlaning
Tarkibida kofein bo‘lgan ichimliklar, spirtli mahsulotlar, achchiq taomlar issiqlik ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi, asosiy vazifasi termoregulyatsiya bo‘lgan ter miqdorini oshiradi. Issiq kunlarda sovuq choy yoki oddiy suv iching. Pomidor sharbati ham terni nazorat ostida ushlab turishga yordam beradi. Bu ichimlik ter bezlarining kanallarini to‘sib qo‘yadigan va namlikni chiqarish intensivligini kamaytiradigan biriktiruvchi xususiyatlarga ega.
Kiyimni to‘g‘ri tanlang
Yozgi garderobingizni yengsiz bluzkalar va futbolkalar bilan to‘ldiring, qo‘ltiq ostidagi ventilyatsiyani taʼminlang. Ushbu usul kiyimdagi nam doiralar paydo bo‘lishining oldini olishga yordam beradi.
“Navbatchilik chamadonini” yig‘ing
Har doim terni nazorat ostida ushlab turish uchun zarur narsalarni olib yuring: kukun, dezodorant, terga qarshi salfetkalar va lozim bo‘lganda almashtirish uchun kiyim. Mashinangizda yoki ish stolingizda “navbatchi sumkacha”ni saqlang va kerak bo‘lganda foydalaning.
Jurnal tuting
Haddan tashqari ko‘p terlashni qo‘zg‘atadigan holatlar, ishlab chiqarilgan ter miqdori va u bilan eng yaxshi kurashishga yordam beradigan vositalar haqida maʼlumotni qayd qiling. Agar siz gipergidroz muammosi bilan shifokor huzuriga borishga qaror qilsangiz, bu maʼlumotlar juda foydali bo‘ladi. Va bundan tortinmaslik kerak.
Manba