Salomatlik Ayollar uchun Anemiya, shishlar va kuchli ogʻriq: buyrak muammolarini koʻrsatadigan 6 ta xavfli alomat

Anemiya, shishlar va kuchli ogʻriq: buyrak muammolarini koʻrsatadigan 6 ta xavfli alomat

O'qildi: 270


Anemiya, shishlar va kuchli ogʻriq: buyrak muammolarini koʻrsatadigan 6 ta xavfli alomat

“Buyraklar ishlamay qolganda Borjomi ichishga kech boʻldi” degan hazilomuz iborani eshitganmisiz?Buyraklar kasalligining rivojlanishini faqatgina tibbiy choralarning kompleks majmuasi bilan toʻxtatish mumkin. Xoʻsh, oʻzi buyrak qanday organ?Va u qanday vazifa bajaradi?

Maʼlumki, buyraklar qorin boʻshligʻida umurtqa pogʻonasining pastki orqa darajasida ikkala tomonda joylashgan juft organlardir. Buyrak funksiyasi ortiqcha suyuqlik va metabolizm chiqindilarini chiqarib yuborish bilan cheklangan, degan fikr mutlaqo notoʻgʻri. Aslida, buyraklar butun bir organizmning toʻliq ishlashida hal qiluvchi rol oʻynaydigan va u uchun koʻplab hayotiy jarayonlarga javobgar boʻlgan organdir. Keling, quyida asosiylarini koʻrib chiqaylik:

  • Buyraklar kaliy tuzi, xlor, vodorod, kalsiy, magniy va bikarbonatlar kabi minerallar, boshqa kimyoviy moddalarni tartibga soladi. Aynan buyrak organizmdagi suyuqlikning optimal tarkibini saqlaydi. Patologiya holatida yuqoridagi moddalarning konsentratsiyasi nomutanosib boʻlib qoladi, bu esa yurak ritmining buzilishiga, mushaklari faoliyatining oʻzgarishiga, suyaklar, tishlarning yomonlashishiga va boshqa salbiy oqibatlarga olib keladi.
  • Turli gormonlar(renin, aldosteron, angiotenzin, prostaglandin va boshqalar)ishlab chiqarilishi, organizmdagi suv va tuzning tartibga solinishi ham bevosita buyraklar faoliyatiga bogʻliq.
  • D vitamini buyraklar tufayli gormonal shaklga aylanadi va faollashadi, bu esa oziq-ovqat tarkibidagi kalsiy soʻrilishini, suyaklar va tishlarning normal oʻsishini taʼminlaydi.
  • Gemoglobin darajasi ham bevosita buyraklar ishiga bogʻliq, chunki eritropoetin aynan shu organlarda sintezlanadi — qizil qon tanachalari yoki eritrotsitlar ishlab chiqarish uchun javob beradigan gormon. Buyrak kasalligi bilan uning ishlab chiqarilishi kamayadi, bu anemiyaning asosiy sababiga aylanadi.

Organizmda buyrak funksiyasining xilma-xilligi tufayli uning buzilishi belgilari nihoyatda oʻziga xos emas. Keling, quyida asosiy alomatlar xususida toʻxtalamiz.

Ogʻriq hissi

Foto: Marie Claire

 

Odatga koʻra ogʻriq organizmdagi noxush jarayonlarning birinchi signalidir. Aksariyat hollarda bu buyrak patologiyasiga xos emas. Istisno bor: buyrak va siydik yoʻllarining mexanik tirnalishi bilan bogʻliq bir qator kasalliklar(bularga urolitiyoz, polikistik kasallik va boshqa baʼzi kasalliklar kiradi)kuzatilganda alomati ogʻriq bilan namoyon boʻladi.

Kistalar yoki buyrak toshlarining harakatidan kelib chiqadigan mexanik bosim chidab boʻlmas ogʻriqlarga olib keladi. Yuqoridagi tashxislarni tasdiqlash va buyrak sohasidagi ogʻriqlar sababini aniqlash uchun buyraklarni ultratovush tekshiruvi oʻtkazish va umumiy siydik tahlili kabi minimal klinik va instrumental tekshiruvlar yetarli hisoblanadi. Buyrak funksiyasining pasayishi oqibatida buyrak yetishmovchiligining rivojlanishi ogʻriq bilan birga kelmaydi.

Shishlar

Shish — buyrak faoliyati buzilishining eng keng tarqalgan belgilaridan biri. Ularning lokalizatsiyasi yuz sohasi, ayniqsa, koʻz qovoqlari, shuningdek, qoʻl-oyoqlarda tez-tez namoyon boʻladi. Shishning darajasi deyarli sezilmaydigan darajadan ogʻir holatga ham oʻtishi mumkin. Oʻzgaruvchanlik baʼzan yurishga xalal beradi.

Buyrakdagi muammo yomonlashgani sababli, shish sindromi tobora kuchayib boradi. Kuchli shishning toʻsatdan paydo boʻlishi koʻplab buyrak kasalliklarining boshlanishiga xosdir. Ammo shishlar ham buyrak patologiyasining aniq oʻziga xos belgisi emas. Buyrak yetishmovchiligining oxirgi bosqichida ham shishish kuzatilmasligi mumkin. Buyrak funksiyasining buzilishi bilan bir qatorda shish boshqa jiddiy kasalliklarda uchraydi. Toʻgʻri xulosa uchun toʻliq tekshiruv talab qilinadi.

Oshqozon-ichak trakti faoliyatining buzilishi va intoksikatsiya

Buyrak oʻz funksiyasini bajara olmaganda organizmda zaharli moddalar tabiiy ravishda toʻplanadi. Oqibatda asta-sekin ishtaha yoʻqoladi, koʻngil ayniydi, qusish va oshqozon-ichak traktining boshqa koʻplab buzilishlari namoyon boʻla boshlaydi. Intoksikatsiya teri va shilliq qavatining qichishi koʻrinishi bilan birga sodir boʻladi. Tibbiy maʼlumotsiz bunday alomatlarni buyraklar bilan bogʻlash qiyin, shuning uchun bunday belgilar paydo boʻlsa, murakkab diagnostika va mutaxassis maslahati zarur.

Yuqori qon bosimi

Qon bosimining yuqoriligi ham buyrak kasalligidan ogohlantiruvchi alomatdir. Gipertoniyaning oʻzi buyrak yetishmovchiligi uchun xavf omili ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Shu bois qon bosimining oshishi buyraklar shikastlanishiga olib keladi. Buyrak funksiyasining buzilishi, oʻz navbatida, gipertonik kasalliklar holatini ham ogʻirlashtiradi. Har qanday holatda ham qon bosimini nazorat qilish majburiydir.

Anemiya

Foto: Marie Claire

 

Buyraklar gematopoez ( qonda eritrotsit, leykosit va trombosit hujayralarining hosil boʻlish jarayoni)da bevosita ishtirok etadi: aynan buyrakda eritropoetin ishlab chiqariladi, bu gormon qizil qon hujayralari ishlab chiqarilishida ishtirok etib, qondagi gemoglobinning normal darajasini taʼminlaydi. Buyraklar ishi buzilgan taqdirda eritropoetin sintezining pasayishi anemiyaga olib keladi. Bu bir qator alomatlar bilan tavsiflanadi: holsizlik, charchoq, rangpar teri, soch toʻkilishi, tirnoqlar moʻrtligi va boshqa alomatlar kuzatiladi.

Biroq anemiya ham buyrak yetishmovchiligining oʻziga xos belgisi emas. Agar uzoq vaqt davomida gemoglobinning pasayishi kuzatilsa, bu buyraklar faoliyati buzilganining yagona alomatidir. Yaʼni, xarakterli xususiyat shundaki, anemiyani davolash uchun qilingan tibbiy muolaja va preparatlar samara bermaydi, bu holatda muammo buyraklar bilan bogʻliq ekanini anglatadi.

Peshob miqdori va tarkibida oʻzgarishlar

Buyrak xastaligidan shubhalansangiz, birinchi navbatda peshob davomiyligi va rangiga eʼtibor bering. Koʻpik, qon yoki boshqa aralashmalar mavjudligi darhol laboratoriya diagnostikasi va davolashni talab qiladi. Shuningdek, kunlik peshob miqdorining kamayishi buyraklarda muammo borligini koʻrsatadi.

Xulosa

Buyraklar organizm faoliyatini tartibga solishda ishtirok etadi, buyrakdagi har qanday oʻzgarish boshqa barcha organlar va tizimlar yaxlitligining buzilishiga olib keladi.

Buyrak patologiyasini oldini olish uchun yuqoridagi belgilarning ilk bor namoyon boʻlishi bilan shoshilinch ravishda shifokor bilan maslahatlashish, buyrak kasalliklarini istisno qilish, oʻz vaqtida davolash uchun keng qamrovli klinik va laboratoriya tekshiruvidan oʻtish zarur.

Mutaxassis xavf ostidamisiz yoki yoʻq — aniqlashga yordam beradi, shuningdek, profilaktika choralarini belgilaydi va majburiy skrining vaqtlarini belgilaydi.




Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.