Salomatlik Salomatlik Diareyada nima qilish va qanday ovqatlanish kerak?

Diareyada nima qilish va qanday ovqatlanish kerak?

O'qildi: 316


Diareyada nima qilish va qanday ovqatlanish kerak?

Diareya va ichburug‘ bir ma’noni anglatadi, shunchaki ichburug‘ soddaroq, diareya esa ilmiy nom. Diareyadan aziyat chekadigan odamlar aksariyat hollarda suvsizlanish va ozuqa moddalarining ichaklarda yetarlicha so‘rilmasidan aziyat chekadi. Ich ketishi qancha cho‘zilsa, hayot uchun xavfli bo‘lgan suvsizlanish xavfi shuncha yuqori bo‘ladi. Odatda diareya biroz davolangandan keyin yoki o‘z-o‘zi ham o‘tib ketishi mumkin. Bu, ayniqsa, ovqatdan yengil zaharlanishda yuz beradi. Tana toksindan shu yo‘l bilan qutulishga harakat qiladi. Ammo ikki kundan keyin ham to‘xtamasa va tez-tez takrorlansa, tibbiy yordam talab qiladigan murakkab muammoga xos simptom bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda nima qilish kerakligi haqida tavsiyalarni e’tiboringizga havola etamiz.

Foto: Freepik

Ko‘proq suyuqlik iching

Bu diareyada eng muhim tavsiya hisoblanadi.

Nima ichgan yaxshi?

Eng yaxshisi — suv ichish. Og‘ir va og‘irdan sal yengil kechadigan diareyada, natriy-kaliy balansini tiklash uchun elektrolitli ichimliklar ichgan yaxshi. Ammo ahvolni yanada yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan shirin ichimliklardan tiyilgan ma’qul.

Nima qilmaslik kerak?

Ahvolni bir yaxshilashi, bir yomonlashi mumkinligi sabab sutdan tiyilgan yaxshi. Peshob haydaydigan ta’siri ko‘rsatuvchi spirtli va kofeinli ichimliklarni ham iste’mol qilmaslik kerak. Organizmda qancha ko‘p suv saqlansa, shuncha yaxshi. Haddan ortiq issiq va sovuq ichimliklar o‘rniga xona haroratidagisini iching.

Probiotiklar

Yogurt, kefir va boshqa probiotikli mahsulotlar simptomlarni yengillashtirishi mumkin. Ular, ayniqsa, antibiotik va rotavirusli infeksiyalar bilan davolangandan keyin kelib chiqqan diareyada yaxshi samara beradi. 2015-yil Klinik gastroenterologiya jurnalida e’lon qilingan maqolada Lactobacillus rhamnosus GG(LGG)va Saccharomyces boulardii probiotiklar shtammi diareyada yaxshiroq yordam berishi ma’lum qilingan. Olimlar buning aniq sababini bilmasa ham fakt o‘zgarmasligicha qoladi — probiotiklar diareyada darhaqiqat samara beradi.

Ovqatlanish

Guruch, olma(yoki olmali pyure), banan, qotgan non singari mahsulotlarni oshqozon yaxshi qabul qiladi va yaxshi ta’sir qiladi. Ozuqa qiymati unchalik yuqori bo‘lmasa ham diareyaning birinchi kunida bunday parhez o‘ta foydali bo‘lishi mumkin. Simptomlar yengillashganidan keyin meva, sabzavot, go‘sht, yogurt va murakkab uglevodlarni o‘z ichiga oladigan ratsion asosida ovqatlanish kerak.

Diareyada yana nimalar yeyish mumkin?

  • yog‘siz bulyon;
  • qo‘shimchasiz makaron;
  • kartoshka(po‘sti bo‘lmasligi kerak);
  • konservalangan nok;
  • suli yormasi;
  • qaynatilgan tuxum;
  • yog‘siz va shakarsiz yogurt(yoki kefir)
  • tovuq filesi(yoki mol go‘shti)
  • kreker;
  • achchiq qilib damlanmagan kofeinsiz choy.
Nimalardan tiyilish kerak?
  • sutli mahsulotlar;
  • yog‘li, qovurilgan, achchiq go‘sht;
  • dukkakli mahsulotlar;
  • yong‘oq va pistalar;
  • loviya va no‘xat;
  • xom sabzavotlar;
  • jo‘xori;
  • sarimsoq va piyoz;
  • chips;
  • konfet va shakar o‘rnini bosuvchilar qo‘shilgan saqichlar;
  • karam va brokkoli;
  • quritilgan mevalar;
  • yong‘oq pastasi;
  • gazlangan ichimliklar.
Nima uchun ovqatlanish uchun tavsiyalar aynan shunday bo‘lishi kerak?

Mevalar

Banan, olma va nok tez hazm bo‘ladi, yo‘qotilgan kaliyning o‘rni va organizmni kletchatkalar bilan to‘ldiradi. Po‘sti hazm bo‘lmasligi va ichaklarga “yoqmasligi” sabab ham olma pyuresi mevasidan yaxshiroq hisoblanadi.

Sabzavotlar

Odatda organizm uchun foydali bo‘lgan sabzavot tarkibidagi kletchatkalar diareyada teskari ta’sir qilishi mumkin. Shu sabab ham kraxmalli sabzavotlarni iste’mol qilish, gaz yig‘ilishiga olib keladigan dukkakli, bargli sabzavotlar hamda jo‘xoridan tiyilish kerak.

Yormalar va undan tayyorlangan mahsulotlar

Shakar, yog‘ va sut qo‘shmasdan tayyorlangan yorma hamda unli mahsulotlar ham diareyada samarali hisoblanadi.

Sutli mahsulotlar

Diareyada laktoza bilan bog‘liq muammo kuzatilishi sabab ham me’yorni bilish va kefirni o‘zi bilan cheklanish kerak.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Diareyaning yengil turida katta miqdorda suv va to‘g‘ri ovqatlanishning o‘zi bilan ham chora ko‘rsa bo‘ladi, ammo og‘irroq hollarda mutaxassisga borishni kechga qoldirmaslik kerak.

Qanday vaziyatlarda darhol chora ko‘rish kerak?

  • Tug‘ilganiga 3 oydan ko‘p bo‘lmagan chaqaloqlarda ko‘ngil aynishi va ich ketishi kuzatilsa;
  • Bolalarda ko‘ngil aynishi va ich ketishi 12 soatdan ko‘pga cho‘zilsa;
  • Bolalar va kattalarda diareya 3 kundan ko‘pga cho‘zilsa.
Xavotirlanishga sabab bo‘ladigan simptomlar
  • Najasning qon aralash, qora va suyuq bo‘lishi;
  • Ichaklar bo‘shaganidan keyin ham qorindagi og‘riqning o‘tib ketmasligi;
  • Suvsizlanishga xos alomatlar: bosh aylanishi, og‘rig‘i, holsizlanish va peshobning kam ajralishi;
  • Tana haroratining yuqori bo‘lishi.
Qanday dori vositalarini qabul qilsa bo‘ladi?

Yaxshisi shifokor ko‘rsatmasisiz hech qanday dori qabul qilmang. O‘zboshimchalik qilib jiddiy oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lib qolmang.




Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.