Tish pastasi, issiq dush va lablarning doimiy ravishda qurishiga olib keladigan boshqa sabablar
Quyoshli va aksincha qahraton sovuqdan boshqa vaqtlarda ham lablarning qurish holati kuzatilishi mumkin. “Domashniy ochag” nashri qanday odatlar lab bilan bog‘liq ushbu muammoga sabab bo‘lishi haqida ma’lumot berib o‘tadi.
Foto: FreepikLabni yalash odati
Lab qanchalik quruq bo‘lsa, uni yalash shuncha ko‘p kuzatilishi, bu esa qurishning yanada ortishiga olib kelishi mumkin. So‘lak tarkibida terini quritishi mumkin bo‘lgan enzimalar borligi sabab ham bu odatdan voz kechish, qurish holati kuzatilganda esa yog‘, balzam yoki krem surtish tavsiya qilinadi.
Samolyotda tez-tez parvoz qilish
Hatto uzoq bo‘lmagan parvoz ham teri ahvoliga ta’sir qilmay qolmaydi. Samolyotdagi quruq havo teri, shuningdek, lab sohasidagi namlikni tortib olgandek bo‘ladi go‘yo. Balansni tiklash uchun parvoz vaqtida va undan avval suv ichishni kanda qilmang, shuningdek, namlantiradigan krem, gel va balzamlardan foydalaning.
Pomadadan har kuni foydalanish
Lab bo‘yog‘i tarkibiga kiruvchi ayrim komponentlar terini quritish xususiyatiga ega. Aynan shu sabab ham sizga yumshoq va yog‘li ko‘ringan pomadadan foydalangandan keyin lab terisida qurish kuzatiladi. Buning oldini olish uchun pomadani ishlatishdan avval labga namlantiradigan krem surtishni unutmang.
To‘g‘ri kelmaydigan tish pastasidan foydalanish
Ayrim tish pastalarining ajralmas tarkibiy qismi, ayniqsa, tishlar orasida tosh paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida ishlatiladigan variantlar lab terisiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bu kabi holat kuzatiladigan bo‘lsa, odatiy tish pastasini boshqasiga almashtirib ko‘rish tavsiya qilinadi.
Issiq dush qabul qilish
Issiq suv teri, xususan, lab terisidagi tabiiy yog‘ni sidirib tashlaydi. Shu sabab ham dermatologlar issiq suvda yuvinmaslikni, dush qabul qilgandan keyin esa teriga namlantiradigan vositalarni surtishni tavsiya qiladi.
Og‘iz bilan nafas olish
Burun bitib qolgani uchun og‘iz bilan nafas olinganda lab terisi aziyat chekishi mumkin. Nafas olganda namlik zarralari labga tegadi va shundan keyin qurish holati kuzatiladi. Burun bitib qolganda tuzli suv bilan chayish va lablarni namlantiruvchi balzamlardan foydalanish tavsiya qilinadi.
Mavzuga doir:
- Yuzdagi qora dog‘larni bartaraf etuvchi 10 ta eng yaxshi tabiiy mahsulot
- Go‘zallik uchun foydalansa bo‘ladigan tabiiy mahsulotlar
- Ko‘z ostidagi ajinlarni qanday bartaraf qilish mumkin?
Manba