Salomatlik Goʼzallik Bahorda mavsumiy soch to‘kilishidan qanday saqlanish mumkin?

Bahorda mavsumiy soch to‘kilishidan qanday saqlanish mumkin?

O'qildi: 386


Bahorda mavsumiy soch to‘kilishidan qanday saqlanish mumkin?

Odatda bir kishining kuniga o‘rtacha 80-100 tagacha soch to‘kiladi. Bu miqdor sochning zichligiga hech qanday ta’sir qilmaydi. Ammo bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshganda, sababini aniqlash uchun shifokorga uchrash kerak. Haddan ortiq soch to‘kilishi vitamin yetishmovchiligi yoki xavfli kasalliklar rivojlanishining alomati bo‘lishi mumkin. Shuningdek, organizmdagi o‘zgarishlardan kelib chiqadigan mavsumiy soch to‘kilishi tushunchasi ham mavjud. Biz trixolog bilan birgalikda bu haqda ko‘proq ma’lumot beramiz, deb yozadi Marie Claire nashri.

Mavsumiy soch to‘kilishining ichki surunkali kasalliklarga bog‘liqligi yo‘q emas. Avvalo, bu ob-havo sharoiti o‘zgaradigan vaqtlar orasidagi o‘tish davri uchun xosdir, shuningdek, asabiylik, stress va immunitetning pasayishi ham ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biridir. Davom etgan sovuq iqlim sharoitida organizm zaiflashadi, ko‘plab dori-darmonlarni qabul qilishga to‘g‘ri keladi, bu esa soch to‘kilishiga sabab bo‘ladi.

Mavsumiy soch to‘kilishi nima?

Kuniga 100 tadan ortiq soch to‘kilmaydi, lekin ma’lum vaqt oralig‘ida sochda telogen foizining ko‘payishi va bir muncha vaqt o‘tgach normal holatga qaytishi mumkin. Bu ko‘pincha fasllar almashinuvi bilan bog‘liq bo‘lgan davrlarda, masalan, bahorda sodir bo‘ladi va 2 oydan oshmaydi.

Soch to‘kilishi ortib borayotgan bo‘lsa-da, bu odatiy soch hajmiga ta’sir qilmaydi. Taqir dog‘lar hosil bo‘lmaydi va sochlarning zichligi bir xil bo‘lib qoladi. Immunitet mexanizmlari bilan bog‘liq alopesiyada esa barcha soch tolalari to‘kilib ketishi kuzatiladi.

Mavsumiy soch to‘kilishi vaqtida soch tolalari ingichkalashadi, sinadi va mo‘rtlashadi, bu holat, ayniqsa, ildizlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Mavsumiy soch to‘kilishi sabablari

  • O‘zgaruvchan ob-havo sharoiti — sovuq, yuqori harorat va ko‘p miqdordagi ultrabinafsha nurlari soch follikulalariga nihoyatda salbiy ta’sir qiladi;
  • Avitaminoz — ayniqsa, organizmda temir yetishmasligi;
  • Immunitetning pasayishi — organizm o‘zining barcha kuchlarini mudofaaga tashlaydi va bu holda sochlar oxirgi navbatda ozuqa oladi;
  • Tez-tez shamollash va surunkali kasalliklarning kuchayishi — ba’zi dorilarni ichish sochlarning haddan ortiq ko‘p to‘kilishiga olib keladi, masalan, ichga qabul qilingan gerpesga qarshi preparatlar shunday ishlaydi.

Bu omillarning barchasiga organizmdagi protein yetishmasligi va gormonal muammolarni qo‘shishingiz mumkin.

Mavsumiy soch to‘kilishi bilan qanday kurashish kerak?

Albatta, organizmning o‘z-o‘zidan kurashishi va hamma narsa asta-sekin normal holatga qaytishi ehtimoli bor, ammo tiklanish jarayonini tezlashtirish uchun unga yordam bergan yaxshiroqdir. Ayniqsa, soch to‘kilishi sezilarli bo‘lgan hollarda.

Avvalo, soch to‘kilishining aniq sababini aniqlash uchun trixolog bilan bog‘lanishingiz va organizmdagi vitamin va minerallar miqdori uchun testlarni o‘tkazishingiz kerak. Analiz natijalariga ko‘ra, shifokor taomnomani tuzatish yordamida davolanish mumkinmi yoki vitamin preparatlarini qo‘shimcha iste’mol qilish zarurligini hal qiladi.

Ovqatlanish va turmush tarzi

Ko‘p hollarda soch to‘kilishining sababi tanadagi temir, biotin, B, A va D vitaminlari yetishmasligidir. Bunda sochlar jilosini yo‘qotadi va tolalari ingichkalashadi.

Vitamin yetishmasligini to‘ldirish uchun muntazam ravishda donli mahsulotlar, turli xil yong‘oqlar, dengiz baliqlarining yog‘li navlari, zaytun moyi, shuningdek, mavsumga qarab sabzavot va mevalarni iste’mol qilishingiz kerak. Temirning asosiy yetkazib beruvchilari:

  • Go‘sht
  • Grechka
  • Brokkoli
  • Jigar
  • Dukkaklilar
  • Ismaloq kabi oziq-ovqat mahsulotlaridir.

Kun tartibini normallashtirish, tanadagi qon aylanishini oshiradigan, shu bilan soch follikulalarining oziqlanishini yaxshilaydigan muntazam o‘rtacha jismoniy faoliyat bir xil darajada muhimdir.

Muolajalar va uy sharoitida parvarish qilish

Sochni uy sharoitida parvarish qilish sifatida o‘z-o‘zini massaj qilish tavsiya etilishi mumkin. Terining stimulyatsiyasi shu joyga qon oqimini yaxshilaydi, shuning uchun soch follikulalari ko‘proq oziq moddalar oladi. Shuningdek, mahalliy ta’sirga ega niqoblardan, masalan, piyoz suvi, xantal va qalampir damlamasini qo‘shib foydalansa bo‘ladi. Lekin ko‘zlaringizga zarar bermaslik uchun nihoyatda ehtiyot bo‘lish zarur.

Kosmetik muolajalar ham kerakli ta’sir mexanizmiga ega: bosh terisini tozalash, plazma terapiyasi va mezoterapiya kabi. Butunlay to‘kilib ketgan sochni qayta tiklash va davolash uchun plazmolifting samarali natija ko‘rsatadi.

Foto: Marie Claire

Soch to‘kilishining oldini olishda turli xil professional niqoblar, losyonlar va ampulalar keng tarqalgan. Ularni tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak:

  • Agar ular laboratoriya tomonidan tasdiqlangan samaradorlik bilan o‘sish stimulyatorlarini o‘z ichiga olsa, yomon emas, masalan, amineksil, stemoksidin va boshqalar.
  • Soch uchun niqoblar tarkibi yalpiz va qizil qalampir kabi qon aylanishini kuchaytiruvchi komponentlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
  • O‘simlik ildiz hujayralari soch parvarishida yaxshi ishlaydi. Soch o‘sishini tiklash uchun nastarin va olma hujayralari ishlatiladi.
  • Parvarish vositalarida biotin, shuningdek, soch follikulalari uchun qo‘shimcha oziqlanish manbai bo‘lgan omega yog‘ kislotalari bo‘lishi zarur.
  • Nikotin kislotasi yoki vitamin PP sochning tez o‘sishiga yordam beradi.

Bunday vositalardan foydalanish usuli va davomiyligi dorilar haqidagi izohlarda bayon etilgan bo‘ladi, shuning uchun ko‘rsatmalarni diqqat bilan o‘qib chiqish lozim.

Mavsumdan tashqari soch to‘kilishini minimallashtirish uchun tartib bilan ovqatlanish, asab tizimining xavfsizligiga e’tibor qaratish, faol turmush tarzini olib borish va vaqtida malakali tibbiy yordam olishingiz tavsiya etiladi. Shundan keyin sochlar har doim qalin va serjilo bo‘ladi.




Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.