Salomatlik Ayollar uchun Qizlik pardasini tikish mumkinmi?

Qizlik pardasini tikish mumkinmi?

O'qildi: 788




Savol:
– Dugonam yomon yo‘llarda yurib, qizligini yo‘qotdi. Lekin qilgan ishlariga pushaymon bo‘lib, chinakam tavba qildi. Endi u o‘zi va oilasining shaʼnini saqlab qolish uchun bokiralik pardasini tiklasa bo‘ladimi?

Javob:
– Zino yoki boshqa fahsh ishlar sababli qizligini yo‘qotgan qiz pardasini tiktirishi joiz emas. Bu aldov va firibgarlik, avratlarni ochish, yomonlik va fasod eshiklarini ochishdir. Bunday qilish qizlarning zinodan hayiqmasligiga sabab bo‘ladi. Shaʼnni himoya qilish birovning hisobidan bo‘lmasligi kerak. Zero, fuqaholar aytganidek, bir zarar boshqa bir zarar bilan ketkazilmaydi. Bu to‘g‘rida rostlik vojibdir. Dunyodagi malomat qiyomat kunidagi guvohlar oldidagi sharmandagarchilikdan yengilroqdir.

Insonning adashish va zalolatdan to‘xtashi, Alloh taolo tomon qaytishi va rost tavba qilishi maqtovga loyiq, yaxshi hol. Lekin masalaga joiz emas deb javob qilinishining sabablari bor. Jumladan;
1) Bokiralik pardasini tiklash baʼzida nasablar aralashib ketishiga olib boradi. Chunki ayol tiklashdan oldingi jimoʼdan homilador bo‘lib qolgan bo‘lishi, shundan so‘ng turmushga chiqib tug‘ishi mumkin. Tabiiyki, eri bu bolani o‘z farzandi deb o‘ylab, halol haromga aralashib ketadi.
2) Bokiralikni tiklash jarayonida avrat, sir ochilishi kabi munkar ishlarga yo‘l qo‘yiladi.
3) Bokiralikni tiklash irodasiz va axloqi buzuqroq qizlarga zino gunohini qilishdan tap tortmasligiga bois bo‘ladi.
4) Manfaat va fasod bir bo‘lib qolganda, manfaatni hosil qilish va fasodni to‘sishning teng iloji bo‘lsa, shunday qilinadi. Ammo manfaatni hosil qilishda fasodni to‘sish imkonsiz bo‘lsa va fasod manfaatdan ko‘ra katta bo‘lsa, fasod to‘siladi, manfaat qo‘ldan chiqayotganiga qaralmaydi. Islom fuqaholari shunday qaror qilishgan. Shu qoidaga tatbiqan bokiralikni tiklash va u sabab bo‘ladigan fasodlar ko‘pligi bois, uning nojoiz ekaniga hukm qildik.
5) Islom shariati qoidalariga ko‘ra, bir zarar boshqa bir zarar bilan ketkazilmaydi. Masalan, yeriga kelayotgan seldan qutulish uchun uni birovning yeriga burib yuborilmaydi. Xuddi shunga o‘xshab qiz va uning ahlining shaʼnini himoya qilaman deb, uni oladigan erining shaʼni yerga urilmaydi.
6) Bokiralikni tiklashning asli o‘zi nosharʼiy ishdir. Chunki bu ishda aldov va firib bor. Bunday ishlar esa sharʼan haromdir.
7) Bokiralikni tiklash uning ketish haqiqatini yashirishgani uchun qiz va uning ahliga yolg‘on eshiklarini ochadi. Yolg‘on ham sharʼan haromdir.
8) Bokiralikni tiklash amaliyoti qiz shaʼnini saqlab qolish iddaosi bilan tibbiyot xodimlariga abort va bola tushirish amaliyotlarini oqlashlariga bois bo‘ladi.
Bosqinchilik yoki zo‘rlash tufayli bokiraligi ketgan qizlarning holini yashirish va shaʼnini o‘ylash esa sharʼan matlub. Chunki bunda muhaqqaq manfaatlar bor va uni eʼtiborga olinadi. Ammo bokiralikni tiklashda manfaatdan ko‘ra zarar va fasodlar ko‘pligini yuqorida ko‘rib chiqdik.
Vallohu aʼlam.

Mubashshir AHMAD
Manba: azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.